Jamiyat | 12:50 / 26.11.2018
42593
5 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekistonda pensionerlar soni oshishi kutilmoqda». Pensiya sohasidagi islohotlar muhokama qilindi

23 noyabr kuni Toshkent shahridagi «Poytaxt» biznes markazi binosida «O‘zbekiston Respublikasi pensiya ta'minoti tizimini rivojlantirish va isloh etish istiqbollari» xalqaro amaliy seminari o‘tkazildi. Seminarda xalqaro ekspertlar, hukumat va matbuot vakillari qatnashdi.

Dastur bo‘yicha seminar qatnashchilari navbatma-navbat so‘zga chiqishdi. Yig‘ilish raisi, Byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori Yorqin Tursunov tadbirni ochib berdi va pensiya masalasida muhokama boshlandi.

Yorqin Tursunov kutilayotgan islohotlar haqida o‘z fikrini bildirib o‘tdi.

«Pensiya uchun majburiy badallar bekor qilingani natijasida moliyaviy defitsit kuzatilishi mumkin. Bu 2020 yilda ro‘y berishi kutilmoqda. 2019 yil uchun qo‘shimcha choralar natijasida bu muammo sezilmaydi. Lekin, 2 yildan so‘ng bu muammo vujudga kelishi mumkin. Biz bunga hozirdan tayyorgarlik boshlaganmiz», deya uning so‘zlarini keltirgan «Kun.uz» muxbiri.

Yig‘ilish davomida xalqaro ekspertlar tomonidan bir necha takliflar berildi. Xususan, Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligining Ilmiy-tadqiqot moliya instituti direktori Vladimir Nazarov ko‘p bolali oilalarni qo‘llash kerakligini aytib o‘tdi.

«Bu demografik siyosatga o‘z ta'sirini ko‘rsatadi. Jahon standarti bo‘yicha mamlakatda oilalarda farzandlar soni 2 nafardan oz bo‘lsa, bu yomon ko‘rsatkich hisoblanadi. Bizning davlatda oilada farzandlar soni ko‘paygani sari pensiya miqdori oshib boradi», deydi xalqaro ekspert.

Amaliy seminar doirasida Xalqaro Vestminister Universiteti «Moliya» kafedrasi mudiri Omon Ganiyev ham qatnashib, mamlakatda kutilayotgan pensiya islohoti haqida fikr bildirdi.

«Bizning mamlakatda ishga yaroqli qatlam asosiy qismni tashkil etadi. Bularning ichida bizning xorijdagi mehnat muhojirlari eng katta kontingent hisoblanadi. Bu toifa ishchilardan pensiya to‘lovlari yetib kelmaydi. Ishlovchi pensionerlar masalasiga kelsak, asosiy qismi ta'lim va tibbiyot sohasiga to‘g‘ri keladi. Boshqa sohalarni kam miqdorda qamrab olgan. Shunga qaramay, kelajakda pensiya oluvchilar miqdori oshishi kutilmoqda. Natijada bu bo‘yicha katta bosimga duch kelish mumkin», deya ta'kidlab o‘tdi moliya sohasi mutaxassisi.

Shundan so‘ng, yig‘ilish raisi Yorqin Tursunov yangi Kontseptsiya haqida fikr bildirdi: «Odamlar bu islohot haqida eshitishi bilan darrov pensiya yoshi oshirilishi haqida aytishmoqda. Xalqqa zarar keltirish niyatimiz yo‘q. Biz ulardan olishdan ko‘ra berishni maqsad qilganmiz. Kontseptsiya bo‘yicha ishlar Prezident tomonidan 2019 yil 1 aprelgacha yakunlash topshirilgan bo‘lsa-da, biz yanvar oylariga tugatishni reja qilyapmiz», degan u.

«Ijtimoiy himoyada pensiya masalasi doimo dolzarb bo‘lib kelgan. Mamlakat aholisining asosiy qismi ishga yaroqli qatlam. Lekin, shunga qaramay pensiyaga doimiy e'tibor qaratilishi lozim. Pensiya bo‘yicha islohotlarni tartibli yo‘lga qo‘yish maqsadida Jahon banki vakillari bilan ishlar olib borilmoqda. Xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish kerak. Misol qilib Polshani ham olish mumkin», degan BMT Taraqqiyot dasturi vakili Xurshid Rustamov.

Shuningdek, Oliy Majlisning Byudjyet va iqtisodiy islohotlar masalalari Qo‘mitasi raisi Muxammed Jumagaldiyev ham so‘zga chiqib, har bir inson tinch, bekamu-ko‘st hayot kechirishga haqqi borligi, yangi yildan pensiya sohasida qilinayotgan islohotlar shaxsan prezident nazoratida ekani haqida gapirgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprelida Moliya vazirligi huzuridagi Byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan ishlab chiqilgan davlat pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasida O‘zbekistonda pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish taklif etilgandi. 

Bugungi kunda pensiya yoshi O‘zbekiston Respublikasida nafaqat Yevropa, Amerika, Osiyo mamlakatlari orasida, balki MDH davlatlari ichida ham eng kichik hisoblanib, muddatidan avval pensiyaga chiqish huquqini hisobga olgan holda, o‘rtacha erkaklarda 58 va ayollarda 53 yoshni tashkil etadi. Muddatidan avval pensiyaga chiqish huquqi hisobga olinmaganda esa, erkaklar 60 yoshda, ayollar 55 yoshda pensiyaga chiqadi.

Mavzuga oid