O‘zbekiston | 12:53 / 27.11.2018
7248
12 daqiqa o‘qiladi

O‘zLiDeP’ning o‘tgan 15 yillik faoliyati sarhisob qilindi

Joriy yilning 26 noyabr kuni Toshkentda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining XI yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda partiyaning o‘tgan davrdagi faoliyati sarhisobi, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama etilib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi. 

Foto: O‘zLiDeP

O‘zLiDeP matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishni partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi A.Xaitov ochib berdi va partiyaning o‘tgan 15 yillik faoliyati, ayniqsa keyingi ikki yilda amalga oshirgan ishlariga atroflicha to‘xtalib o‘tdi. 

Ta'kidlanganidek, davlat rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi – bu jamiyatni yangilash va modernizatsiya qilishning uzoq muddatli dasturi, tizimli va izchil liberal islohotlar, mamlakatning mutlaqo yangi qiyofasini shakllantirish va uning barqaror rivojlanishini ta'minlashning “Yo‘l xaritasi”dir. O‘zLiDeP esa uni amalga oshirish, ijtimoiy taraqqiyotning jadalligi va barqarorligini ta'minlash, mamlakatimiz hozirgi va kelgusi avlodlari uning samaralaridan bahramand bo‘lishi uchun siyosiy mas'uliyatni o‘z zimmasiga olgan siyosiy kuchdir. 

Foto: O‘zLiDeP

Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida mutlaqo yangi sahifani ochib bergan so‘nggi ikki yilda amalga oshirilgan islohotlar shiddati O‘zLiDePdan ham zamon bilan hamnafas bo‘lish, faoliyatini tubdan takomillashtirishni talab etdi, partiya zimmasiga tamomila yangi vazifalarni yuklab, xalqchil faoliyat yo‘nalishlarini belgilab berdi. 

O‘tgan davr mobaynida partiya hamda uning fraksiyasi ushbu muhim hujjatning barcha yo‘nalishida ko‘zlangan vazifalarni amalga oshirishda faol ishtirok etdi. Jumladan, O‘zLiDeP fraksiyasi tomonidan 28 ta qonunchilik tashabbuslari ilgari surildi. Ular sud-huquq tizimini yanada liberallashtirish, parlament nazoratining qonuniy asoslarini takomillashtirish, qonunlar, davlat dasturlarini ishlab chiqish va ijrosini ta'minlashda parlamentning rolini kuchaytirish, siyosiy partiyalarning jamiyatdagi rolini yuksaltirish, tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratib berish, davlat boshqaruvi va hokimiyati organlarining ochiqligini ta'minlash kabi muhim masalalarning samarali hal etilishiga qaratilgan.

Foto: O‘zLiDeP

Partiya faoliyatini yangi sifat darajasiga olib chiqishda o‘tgan yil 12 iyulda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan videoselektor yig‘ilishidagi ma'ruzalarida ilgari surilgan fikrlar alohida o‘rin egalladi. Ushbu ma'ruzada yo‘l qo‘ygan kamchiliklar ro‘y-rost va xolisona tahlil etildi, uning asosida partiya zimmasida turgan muhim vazifalar aniqlab olindi. 

Xususan, prezident tomonidan belgilab berilgan muhim vazifalardan biri – O‘zLiDeP tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi faoliyati ustidan samarali parlament va deputatlik nazoratini olib borishdan iborat edi. 

Bu borada partiya tomonidan har uchala tashkilot bilan hamkorlik bitimlari imzolandi. Shu asosda ularning markaziy, hududiy va tuman (shahar) tuzilmalari faoliyati yuzasidan hisobotlar tinglanyapti, joylardagi muammolar hamkorlikda hal etilmoqda.

Foto: O‘zLiDeP

Jumladan, Deputatlik nazoratini o‘rnatish yuzasidan partiya tomonidan ishlab chiqilgan rejaga muvofiq, O‘zLiDeP hududiy Kengashlari tomonidan joriy yilning shu davriga qadar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziriligi hududiy boshqarmalarining 344 marotaba, Moliya vazirligi hududiy bo‘limlarining 522 marta Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi hududiy bo‘limlari rahbarlarining esa 86 marotaba eshituvlar tashkil etilgan.

Partiya diqqat markazidagi yana bir muhim masala – partiyalarning mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qator dasturlarni tayyorlashda joylardagi partiya guruhlarining ishtirokini kengaytirish, ularning ijrosini deputatlik nazoratiga olish, deputatlar tomonidan saylovchilarni qiynayotgan muammolarga yechim topish bilan bog‘liq. Ana shu maqsadda hisobot davrida Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi 2295 nafar deputati 10 946 ta deputatlik so‘rovi yuborishdi. So‘rovlarning 1324 tasi Xalq deputatlari viloyat, 9622 tasi esa tuman va shahar Kengashlaridagi partiya deputatlik guruhlaridan yuborilgan. O‘zLiDeP deputatlik guruhlari tomonidan Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sessiyalariga joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida 668 ta taklif kiritilib, ularning 349 tasi yuzasidan Kengash qarorlari qabul qilingan.

Taraqqiyotning yangi davrida xalq bilan muloqot qilish har bir idora va tashkilotning ustuvor vazifasiga aylandi. Shu bois joriy yilning avgust-sentabr oylarida xalq bilan ochiq muloqot qilish va aholi muammolariga yechim topish maqsadida partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi qarori bilan ishchi guruhlar tuzilgan edi. Ishchi guruhlar joylarda “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” kabi o‘ta muhim dasturlar ijrosini o‘rganish yuzasidan elektorat vakillari va aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar olib bordi. 

Foto: O‘zLiDeP

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad nafaqat aholini murojaatlariga partiyaviy vositalar orqali yechim topish, balki joylarda tadbirkorlar va fermerlar muammolarini bevosita o‘rganishdan iborat bo‘ldi. Xonadonma-xonadon yurib, aholining kasanachilik, tomorqa, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, bog‘dorchilik yo‘nalishlarida mikrobiznesni yo‘lga qo‘yish va uni yuritishdagi muammolar bilan bir qatorda Prezidentimiz tomonidan juda jiddiy e'tibor qaratilayotgan hududlardagi investitsiya yo‘nalishida mahalliy tadbirkor va fermerlar oldida turgan muammolar, sun'iy to‘siq va g‘ovlar joyida o‘rganildi. 

Muloqotlar natijasida 650ga yaqin fuqaroga o‘z tomorqasida tadbirkorlik qilish uchun, 1000 nafardan ziyod tadbirkorga esa faoliyatini kengaytirish uchun kreditlar olib berishda ko‘maklashildi. Joylarda tashkil etilayotgan sayyor qabullar ham partiya elektorati manfaatlarini ishonchli himoya qilish va aholi muammolarini bartaraf etishga xizmat qilyapti. Hisobot davrida partiya mas'ul xodimlari, faollar, mahalliy Kengashlardagi O‘zLiDeP deputatlik guruhlari, mahalliy ijro hokimiyati vakillari va tegishli mutasaddi tashkilotlarni jalb etgan holda 228 marotaba sayyor qabul tashkil etilib, ularda 10 mingdan ortiq aholi ishtirok etdi.

Oxirgi ikki yil davomida O‘zLiDeP davlat va jamoat tashkilotlari, partiya va deputatlik korpusi safini mamlakatni modernizatsiya qilish va zamonaviy erkin jamiyatni barpo etish bilan bog‘liq eng murakkab vazifalarni hal eta oladigan yangi avlod kadrlari bilan kuchaytirish, shuningdek, partiya elektorati muammolarini hal etish, aholi hayotiga real ta'sir qiluvchi ish faoliyatida boshlang‘ich partiya tashkilotlari ishtirokini kengaytirish masalalariga alohida e'tibor qaratdi. Boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyati zamon talablaridan kelib chiqib qaytadan tashkillashtirildi. Hisobot davrida qariyb 500 ta yangi quyi tuzilma faoliyat boshladi. O‘zLiDeP a'zolari soni esa 160 ming nafardan ziyodroqqa ortib yarim milliondan ko‘proq tarafdorga ega katta siyosiy kuchga aylandi. 

O‘zLiDePning oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikdagi “Yangi avlod kadrlari” loyihasi ham ana shu vazifalarning ro‘yobiga xizmat qilmoqda. Hisobot davrida loyiha doirasida 21 ta oliy ta'lim muassasasida partiya faoliyatiga oid 49 ta taqdimot o‘tkazildi. 658 nafar talaba O‘zLiDeP kadrlar zaxirasiga olinib, ularning 37 nafari hududiy partiya tashkilotlarida amaliyot o‘tamoqda.

Shuningdek, yig‘ilishda partiyaning “Ayollar qanoti” va “Yoshlar qanoti” tomonidan ham amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, yoshlar, xotin-qizlar masalalariga qaratilgan ishlarini yanada takomillashtirish lozimligi alohida ta'kidlandi.

Foto: O‘zLiDeP

Yig‘ilishda ta'kidlanganidek, oxirgi 2 yil mobaynida partiyaning xalqaro munosabatlari ham izchillik kasb etmoqda. O‘zLiDeP delegatsiyasi shu yil avgust oyida Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan “Adolat va taraqqiyot” partiyasining VI butun Turkiya s'yezdida ishtirok etgan bo‘lsa, 6 sentabr kuni O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasida YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha Byurosi va Venesian komissiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, partiyamiz vakillari 24-27 oktabr kunlari Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi 53 mamlakatning 360 dan ziyod parlament partiyalarini birlashtirgan Osiyo siyosiy partiyalari Xalqaro konferensiyasi (ICAAP) Bosh Assambleyasining Moskvada bo‘lib o‘tgan 10-yig‘ilishida ham qatnashdi. 

Partiyaning xalqaro yo‘nalishdagi faoliyati mazmunan boyib, tobora amaliy ahamiyat kasb etib bormoqda. Xususan, O‘zLiDeP shafeligida o‘tkazilgan bir qator videkonferensiyalarda tadbirkorlar va fermerlar mahsulotining potensial xaridori bo‘lmish rossiyalik yirik savdo tarmoqlari vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot uyushtirilib, ular o‘rtasida hamkorlik aloqalarining o‘rnatilishiga yordam ko‘rsatildi. Bugungacha oziq–ovqat mahsulotlarini ishlab chiqish, saqlash va eksport qilish, yengil sanoat va tayyor kiyim-kechak mahsulotlarini eksport qilishga bag‘ishlangan videokonferensiyalar tashkil etildi. 

Foto: O‘zLiDeP

Yig‘ilishda partiya tomonidan erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham muhokama qilinib, bu borada tegishli vazifalar belgilab berildi. 

Partiya va uning qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamkorligida tadbirkorlar kutayotgan, qolaversa xalq kutayotgan, bugungi islohotlar talablariga javob beradigan qonun tashabbuskorligi faoliyatini yanada jonlantirish, joylarda tadbirkorlik va fermerlikning rivojiga to‘siq bo‘layotgan omillarni o‘z vaqtida aniqlab, ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini ko‘rish, xususan, qishloq hududlarida odamlarning yerga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirish borasidagi ishlarni yangi pog‘onaga olib chiqishda ham O‘zLiDeP o‘zining yetakchi siyosiy kuch ekanligini ko‘rsatishi zarurligi borasida aniq ko‘rsatmalar berildi. 

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi yig‘ilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilish davomida “Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi – 15 yil xalq xizmatida!” deb nomlangan kitob taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashkil topganining 15 yilligi munosabati bilan uzoq yillardan buyon partiyada faoliyat yuritayotgan faxriylar, partiya faollari O'zLiDePning tashakkurnomalari bilan taqdirlanishdi.

Mavzuga oid