Jahon | 08:56 / 28.11.2018
28002
2 daqiqa o‘qiladi

Kerchdagi mojaro. Tramp Putin bilan uchrashishni xohlamayapti

Foto: Reuters / Leonhard Foeger

AQSh prezidenti Donald Trampning ma'lum qilishicha, Kerch bo‘g‘ozidagi hodisa tufayli Argentinada tashkillashtiriladigan G20 sammitida hamkasbi Vladimir Putin bilan uchrashuvni bekor qilishi mumkin. Bu haqda The Washingtom Post yozmoqda.

Qo‘shma Shtatlar yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvni bekor qilish sababi unga «tajovuzkorlik» yoqmasligida.

«Balki, biz uchrashuv ham o‘tkazmaymiz. Biz, balki, umuman uchrashuv o‘tkazmaymiz. Menga bu tajovuzkorlik yoqmayapti. Men tajovuzkorlikni yoqtirmayman», - deya ma'lum qildi Tramp.

25 noyabr kuni FXX Ukrainaning uchta harbiy kemasi Rossiya hududiy suvlariga kirgani haqida xabar qildi. Kemalar Odessadan Mariupolga yo‘l olayotgan bo‘lgan, lekin ularni Kerch bo‘g‘ozidan o‘tkazishmadi. Ukraina tomonining bildirishicha, avval Rossiya kemalar kelishi haqida xabardor etilgan, FXX buning aksini iddao qilmoqda.

Shu kuniyoq Ukraina harbiy-dengiz kuchlari Rossiya katerlari mamlakat kemalari guruhi Kerch bo‘g‘ozidan chiqib ketayotganida unga qarata o‘t ochganini ma'lum qildi. Rossiya chegarachilarining bunday xatti-harakati tufayli olti nafar dengizchi yaralandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainaning AQShdagi elchixonasi Rossiyani to‘xtatish usulini taklif qilgandi.

Bayonotga ko‘ra, Rossiya tomoni tinchlikka erishishning kuch imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazmoqda. 

Qayd etilishicha, Rossiyani to‘xtatish mumkin, biroq bunda faqat xalqaro hamjamiyatning haqiqiy harakatlarini ko‘rsatib berish talab etiladi.

Mavzuga oid