O‘zbekiston | 11:13 / 28.11.2018
15900
4 daqiqa o‘qiladi

Patronaj xizmatida uch bosqichli yangi tizim joriy etildi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Joriy yil 9 noyabr kuni prezident raisligida tibbiyot tizimidagi islohotlar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida, shuningdek, davlat rahbarining 2018 yil 15-16 noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi asnosida tibbiyot xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda sohadagi dolzarb masalalarga yana bir karra e'tibor qaratilib, jumladan, patronaj xizmatini manzilli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, shundan kelib chiqqan holda vazirlikda aholini, xususan, qishloq joylarda patronaj qamrovi sifatini yanada yaxshilash, dispantserizatsiya ishlarini davr talabi darajasida tashkil etish, aholining barcha qatlamiga hamshiralik yordamini samarali ko‘rsatish, tibbiy madaniyatni yuksaltirish kabi ishlarning yangicha mezon va ta'sirchan usullarini joriy etish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham qator dolzarb vazifalar muhokama etildi.

– Tibbiy patronaj xizmati inson salomatligini asrash, kasalliklarning oldini olish va xalqimiz salomatligini muhofazalashda muhim o‘rin tutadi, – deydi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari E.Bositxonova. – Ushbu yo‘nalishda ishlar talab darajasida yo‘lga qo‘yilsa, jamiyatdagi ko‘plab tibbiy-ijtimoiy muammolarning oldi olinadi. Xususan, ona va bola o‘limining oldini olish, kasalliklarni keskin kamaytirish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishda sezilarli natijalarga erishiladi. Shu bois, patronaj xizmatini ana shunday muhim mezonlardan kelib chiqib, yangi bosqichga ko‘tarish rejasini ishlab chiqdik.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Unga ko‘ra, endilikda patronaj ishlari uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda aholi har olti oyda xatlovdan o‘tkaziladi. Unda aholi orasida patronaj ko‘magiga ehtiyojmand qatlam aniqlab olinadi. Ikkinchi bosqichda patronaj hamshira, umumiy amaliyot shifokori va tor mutaxassislar ishtirokida aholi xonadonida maqsadli patronaj tadbirlari tashkil etiladi. Unda patronaj parvarishga muhtoj yolg‘iz qariyalar, nogironlar va o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar, 1 yoshgacha va nogiron bolalar, homiladorlar, onalar patronaj bilan qamrab olinadi. Maqsadli patronaj har haftada, belgilangan reja asosida tashkil etiladi.

Uchinchi bosqichdagi patronaj tadbirlarini tashkil etishda birlamchi tibbiy-sanitariya tizimi xodimlariga viloyat va respublika miqyosidagi davolash muassasalari va ixtisoslashgan ilmiy-amaliy markazlar olimlari yaqindan ko‘mak beradi. Bu tadbir endilikda har oyda tashkil etilib, ushbu jarayonda surunkali kasallikka chalingan, ixtisoslashgan tibbiy ko‘makka muhtoj bemorlar qamrab olinadi. Bemorlarni kasalligiga qarab ambulator yoki statsionar sharoitda tuman, viloyat hamda respublika muassasalarida davolash choralari ko‘riladi.

Ayni paytda Sog‘liqni saqlash vazirligida va hududiy tibbiyot muassasalarida yangi tartibdagi patronaj ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish va tizimli monitoring qilish maqsadida maxsus ishchi guruhi shakllantirilib, izchil sa'y-harakatlar olib borilmoqda. 

Mavzuga oid