Jahon | 15:20 / 01.12.2018
15901
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament Rossiyaga hamkorlik kelishuvini to‘xtatish bilan tahdid qildi

Foto: RIA Novosti / Vladimir Sergeyev

Yevropa parlamenti Rossiya tomoni bilan Sheriklik va hamkorlik bo‘yicha kelishuvni to‘xtatish masalasini ko‘rib chiqish taklifini berdi. Bu haqda Rossiya bilan munosabatlar to‘g‘risida e'lon qilingan hisobot loyihasida aytiladi.

Ta'kidlanishicha, uni «o‘zaro manfaatli» mavzularda Rossiya bilan aniq hamkorlikka almashtirish taklif qilinadi. Qayd etilishicha, «Shimoliy oqim - 2» loyihasi Yevropa ittifoqining Rossiya gaziga bo‘lgan qaramligini oshiradi, bu YeI yagona energetika bozoriga tahdid soladi.

«Yevropa parlamentining fikricha, Sheriklik va hamkorlik bo‘yicha kelishuv to‘xtatilishi lozim. Rossiya hamda YeI o‘rtasidagi munosabatlar qayta tuzilishi va faqat xavfsizlik hamda tinch Yevropa tartibini kafolatlash uchun zarur bo‘lgan, o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda davom etishi kerak», - deya ma'lum qilishdi Yevroparlamentdan.

Aniqlik kiritilishicha, Rossiya, shunga qaramay, yaqin kelajakda YeIning asosiy hamkorlaridan biri bo‘lib qoladi.

Shuningdek, Yevroparlamentda uchinchi mamlakatlardan bo‘lgan xorijliklarga sarmoyalar evaziga YeI «oltin pasportlarini» olish imkonini beradigan dasturlarni bekor qilish taklifini berishdi. Xususan, xorijiy sarmoyadorlar hozirda Kipr pasportlarini olishlari mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh va Ukraina «Shimoliy oqim - 2»ga qarshi birlashgani xabar qilingandi.

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeoning Ukraina tashqi ishlar vaziri Pavel Klimkin bilan uchrashuvda ma'lum qilishicha, Kiyev va Vashington «Shimoliy oqim - 2» gaz quvuri loyihasini amalga oshirishga qarshi birgalikda ish olib boradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid