O‘zbekiston | 12:39 / 01.12.2018
4576
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda professional mediatorlar reyestri shakllantiriladi

Foto: Dreamstime

Adliya vazirining buyrug‘i bilan Professional mediatorlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Professional mediatorlar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, professional mediator — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan mediatorlarni tayyorlash dasturi bo‘yicha maxsus o‘quv kursidan o‘tgan, shuningdek Professional mediatorlar reyestriga kiritilgan shaxs hisoblanadi. Professional mediatorlar reyestri — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (bundan buyon matnda hududiy adliya organlari deb yuritiladi) tomonidan yuritiladigan professional mediatorlar haqidagi ma'lumotlar aks ettirilgan, doimiy yangilab turiladigan yagona ma'lumotlar bazasi.

Professional mediatorlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Reyestrga kiritilishi professional mediatorning maqomini rasmiy tasdig‘i hisoblanadi hamda professional mediator to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Reyestrga kiritish va bu haqda tegishli bildirishnoma berish orqali amalga oshiriladi. Reyestrni yuritishda professional mediatorning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Professional mediatorlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Reyestrga kiritish uchun to‘lov undirilmaydi. Reyestr har chorakda kamida bir marta yangilanishi kerak.

Shaxs maxsus o‘quv kursidan o‘tgandan so‘ng tegishli shaklda Reyestrga kiritish haqidagi ariza bilan doimiy yashash joyidagi hududiy adliya organiga murojaat qiladi. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi: pasport nusxasi; to‘ldirilgan so‘rovnoma; maxsus o‘quv kursini tugatganligi to‘g‘risidagi hujjat nusxasi. Hujjatlar tegishli hududiy adliya organiga bevosita, pochta aloqa bo‘limi orqali yoki elektron shaklda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ular olinganligi to‘g‘risidagi bildirishnoma olingan holda taqdim etiladi. Ariza beruvchi taqdim etilgan hujjatlarning ishonchliligi va qonun hujjatlariga muvofiqligi uchun javobgar hisoblanadi. Hududiy adliya organi 15 ish kuni ichida taqdim etilgan hujjatlarga asosan ariza beruvchining O‘zbekiston Respublikasi «Mediatsiya to‘g‘risida»gi Qonunining 12-moddasi talablariga muvofiqligini o‘rganib chiqadi. Hujjatlarda kamchiliklar aniqlanmagan hamda ariza beruvchi ko‘rsatib o‘tilgan talablarga muvofiq bo‘lgan taqdirda, u Reyestrga kiritiladi. Reyestrga kiritish hududiy adliya organi rahbarining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.

Reyestrda professional mediatorlar to‘g‘risidagi quyidagi ma'lumotlar ko‘rsatiladi: professional mediatorga berilgan tartib raqam; Reyestrga kiritilgan sana; professional mediatorning familiyasi, ismi, otasining ismi; professional mediatorning joylashgan yeri va aloqa bog‘lashga doir ma'lumotlari (telefon raqami, elektron manzili); professional mediator ixtisoslashgan mediatsiya sohasi; professional mediator mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishga qodir bo‘lgan til haqidagi ma'lumotlar; maxsus o‘quv kursini tugatganligi to‘g‘risidagi hujjat rekvizitlari; Reyestrdan chiqarilgan sana; qo‘shimcha ma'lumotlar.
 
Professional mediator quyidagi hollarda Reyestrdan chiqarilishi mumkin: Reyestrdan chiqarish to‘g‘risida ariza berganda; vafot etganda; doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqib ketganda; bir yildan ortiq muddat mobaynida u to‘g‘risida ma'lumot olish imkoni bo‘lmaganda, hududiy adliya organining tegishli tarkibiy tuzilmasi xulosasiga ko‘ra; O‘zbekiston Respublikasining «Mediatsiya to‘g‘risida»gi Qonuni 12-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan holatlardan biri yuzaga kelganda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid