Jahon | 13:13 / 03.12.2018
7027
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Xitoy va AQShning savdo sulhi faqat siyosiy tanaffusni anglatadi

Foto: Tom Brenner /The New York Times

AQSh prezidenti Donald Tramp va XXR raisi Si Tszinpin o‘rtasida Argentinadagi G20 sammitida erishilgan kelishuv - savdo urushini to‘xtatish va shartnoma tuzishga urinib ko‘rish - aftidan, Tinch okeanining har ikki tomoniga iqtisodiy ziyon paydo bo‘la boshlagach, ikki yetakchiga siyosiy tanaffus taqdim etishga qaratilgan, deb yozmoqda The New York Times gazetasi.

Vaqtinchalik sulh ikkita iqtisodiyot o‘rtasidagi chuqur kelishmovchiliklarni bartaraf eta olmaydi va moddiy jihatdan emas, balki ko‘proq siyosiy kelishuv sanaladi, deya aniqlik kiritgan NYT. Xitoy ham, AQSh ham uni milliy g‘alaba sifatida ko‘rsatdi, deb qo‘shimcha qiladi gazeta. Ta'kidlanishicha, o‘sha paytda ham Amerika, ham Xitoy iqtisodiyotida ikki tomonlama sulh tuzish zarurati paydo bo‘lgan.

Xususan, Xitoyning qarzdorlik bilan qoplangan iqtisodiyoti mutaxassislar prognozidan sekinroq sur'atda pasaymoqda. Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar iqtisodiyotida ham zaif nuqtalar paydo bo‘lmoqda, savdo urushi amerikalik fermerlar hamda ayrim ishlab chiqaruvchilarga zarba berdi, deyiladi materialda.

Bosh iqtisodiy maslahatchi Stefen Mnuchinning taxminicha, agar Pekin o‘z majburiyatlarini bajarsa va o‘z iqtisodiy siyosatini o‘zgartirsa, Xitoyga qarshi barcha bojlar bosqichma-bosqich bekor qilinishi mumkin.

Avvalroq, Buenos-Ayresdagi G20 sammitida Donald Tramp hamda Si Tszinpin yangi bojlar joriy etilishiga taqiq qo‘yadigan, 90 kunlik savdo sulhini tuzishgandi.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe Tramp va Si Tszinpinni vazminlikka chaqirgandi.

Abe Tramp va Si Tszinpinga AQSh hamda Xitoy o‘rtasidagi savdo bahslari butun jahon iqtisodiyoti uchun jiddiy tahdid ekanini ma'lum qilgan. Yaponiya bosh vaziri G20 sammitida savdo kelishmovchiliklarini hal qilishda yetakchilarni konstruktiv yondashuvga ega bo‘lishga chaqirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid