O‘zbekiston | 16:34 / 03.12.2018
13040
4 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlar faoliyatini tekshirish elektron yuritiladi

Foto: Dreamstime

O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurorining buyrug‘i bilan Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimini yuritish tartibi haqidagi nizom tasdiqlandi.

Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimini yuritish tartibi haqidagi nizomga ko‘ra, tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimiga nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni kelishish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalariga yuborilgan buyurtma, shuningdek tekshiruv to‘g‘risida ma'lumotlar, monitoring va tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida aniqlangan qonunbuzishlarni bartaraf qilish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar kiritiladi.

Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar Yagona tizimda majburiy tarzda ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.

Yagona tizim to‘liq ishga tushirilgunga qadar tekshiruv o‘tkazishni kelishish bilan bog‘liq bo‘lgan yozishmalar qog‘oz shaklida rasmiylashtiriladi.

Nazorat qiluvchi organlar va vakolatli organ o‘rtasidagi davlat siri bilan bog‘liq bo‘lgan tekshiruvlarni o‘tkazishga oid axborot almashinuvi davlat sirlarini saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan. 

Nazorat qiluvchi organning mas'ul xodimi Yagona tizimda prokuratura.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tadi.

Nazorat qiluvchi organlarga Yagona tizimga kirish uchun login va parol Bosh prokuratura tomonidan axborot xavfsizligi talablariga muvofiq beriladi va alohida muhrlangan konvertda yuboriladi.

Login va parollar reyestri Bosh prokuraturaning Soliq va bojxona islohotlarini amalga oshirish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tomonidan yuritiladi.

Nazorat qiluvchi organning mas'ul xodimi Yagona tizimda ro‘yxatdan o‘tganidan so‘ng Bosh prokuratura boshqarmasi uning ma'lumotlarini tizim ichida tasdiqlaydi.

Yagona tizimda ro‘yxatdan o‘tkazishni tasdiqlash bir ish kuni davomida amalga oshiriladi.

Nazorat qiluvchi organning mas'ul xodimi Yagona tizimda bir marotaba ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Nazorat qiluvchi organning mas'ul xodimi o‘zgarganda Yagona tizimdagi login va parol nazorat qiluvchi organ tomonidan axborot xavfsizligi talablariga oid ichki qoidalar asosida yangi xodimga o‘tkaziladi.

Nazorat qiluvchi organning mas'ul xodimi o‘zgarganligi haqida nazorat qiluvchi organ bir ish kunida Bosh prokuratura boshqarmasini xabardor qiladi.

Vakolatli organning mas'ul xodimiga login va parol Bosh prokuratura boshqarmasi tomonidan beriladi hamda xodim belgilangan tartibda prokuratura.uz saytida ro‘yxatdan o‘tadi.

Tekshiruv o‘tkazishni kelishish uchun nazorat qiluvchi organ tomonidan Yagona tizimga qonun hujjatlariga muvofiq tegishli ma'lumotlar kiritiladi.

Tekshiruvlarni o‘tkazishga oid buyurtmalar vakolatli organning mas'ul xodimi tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Buyurtma uch ish kuni ichida, favqulodda holatlar bo‘yicha bir ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Vakolatli organ tomonidan tekshiruv o‘tkazishni kelishish haqida qaror qabul qilinganda ushbu organning mas'ul xodimi tomonidan Yagona tizimda maxsus raqam (kod) asosida “Ruxsat berilsin” maqomi tanlanadi.

Tekshiruv o‘tkazishni rad etish haqida qaror qabul qilinganda vakolatli organning mas'ul xodimi tomonidan uning aniq sababi ko‘rsatilgan holda “Rad etilsin” maqomi tanlanadi.

Rad etish sabablari bartaraf etilganda, tekshiruvlarni o‘tkazish uchun buyurtma yangidan rasmiylashtiriladi.

Yagona tizimda buyurtma ro‘yxatdan o‘tkazilib, tekshiruv uchun maxsus raqam (kod) olingandan keyin nazorat qiluvchi organ tomonidan tadbirkorlik sub'yekti faoliyatida tekshiruv o‘tkazish tashkil etiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid