Jahon | 15:08 / 04.12.2018
11083
2 daqiqa o‘qiladi

Eron raketa sinovlarini o‘tkazish uchun hech kimdan ruxsat so‘ramasligini bildirdi

Foto: AP

Tehron raketa sinovlari o‘tkazish uchun hech kimning ruxsatiga muhtoj emas. Bu haqda IRNA agentligiga bergan intervyusida Eron qurolli kuchlari rasmiy vakili general Abulfazl Shakarchi ma'lum qildi. 

"Agarda o‘z raketalarimizni sinovdan o‘tkazish kerak deb hisoblasak, buning uchun hech kimdan ruxsat so‘ramaymiz. Sinovni o‘tkazamiz. Eron milliy manfaatlari raketa dasturini rivojlantirishni taqozo qiladi",  dedi Shakarchi.

U shuningdek, "Tehron o‘z raketa salohiyati haqida hech kimga ma'lumot berishga majbur emasligini", chunki Qo‘shma Shtatlar ham "o‘ziga berilgan barcha savollarga javob qaytarmasligini" aytdi.

1 dekabr kuni AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo Tehron BMT xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasiga zid ravishda ballistik raketa sinovini o‘tkazganini ma'lum qilgandi. Bunga javoban Shakarchi Eron o‘z mudofaa qobiliyatini kuchaytirish uchun raketa sinovlarini o‘tkazishda davom etishini bildirdi.

Mavzuga oid