O‘zbekiston | 18:29 / 04.12.2018
64977
1 daqiqa o‘qiladi

YPX xodimiga o‘z xizmat vazifalarini yashirin usulda olib borish taqiqlandi

Foto: KUN.UZ

Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Adliya vazirligi telegram-kanali xabariga ko‘ra, unga muvofiq:

transport to‘xtatilganda haydovchi YPX xodimi to‘xtatilgan hududda dislokatsiyaga asosan xizmat o‘tayotganligini tasdiqlovchi dislokatsiyaning ko‘chirmasi bilan tanishishi mumkin;

YPX xodimi tomonidan o‘zining dislokatsiyasidan tashqarida rasmiylashtirilgan bayonnomalar yuridik kuchga ega bo‘lmaydi; 

YPX xodimi transportni va yuklarni ko‘zdan kechirish, transportni ta'qib qilish yoki kuzatish huquqiga ega. Bunda yo‘l harakati qatnashchilarining hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli harakatlar sodir etilmasligi lozim;

YPX xodimi o‘z xizmat vazifalarini belgilangan ekipirovkada oshkora usulda amalga oshiradi hamda xizmatni yashirin olib borish taqiqlanadi.

Mavzuga oid