O‘zbekiston | 19:40 / 05.12.2018
33821
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘ztransgaz»ga yangi rahbar tayinlandi

Hukumat qarori bilan Bahodir Beshimovich Eshmuratov «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvining raisi etib tasdiqlandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar qilmoqda

Bahodir Eshmuratov
Foto: Gazeta.uz

U bu lavozimda o‘tgan oyda vazifasidan ozod etilgan Sharifjon Tursunov o‘rnini egalladi.

Qayd etish kerakki, Bahodir Eshmurotov «O‘ztransgaz»ning so‘nggi ikki yildagi to‘rtinchi rahbariga aylandi. 2016 yil dekabrida kompaniyaga bosh vazir o‘rinbosari Ergash Shoismatov (hozir u O‘zbekistonning Tojikistondagi elchisi) rahbar etib tayinlangan. 2017 yil avgustida esa uning o‘rniga Alisher Mustafoyev ish boshlagandi.

2018 yilning 5 iyunida Sharifjon Tursunov «O‘ztransgaz» rahbari etib tayinlandi, biroq besh oylik faoliyatdan so‘ng, 23 noyabr kuni u ham lavozimni tark etdi.

Bahodir Eshmuratov keyingi yillarda «O‘ztransgaz» AJ raisining birinchi o‘rinbosari (2017 yilgacha) lavozimida ishlagandi.

Ma'lumot uchun, «O‘ztransgaz» aksiyadorlik jamiyati gaz taqsimlash tarmoqlarini rivojlantirish va ulardan foydalanish sohasida yagona siyosatni shakllantirish, respublika iste'molchilariga tabiiy gazni yetkazib berish va sotish bo‘yicha samarali boshqaruv tizimini yaratish, shuningdek, tabiiy gazdan oqilona foydalanish va gaz uchun to‘lov intizomini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan.

Mavzuga oid