Sport | 12:10 / 06.12.2018
15034
5 daqiqa o‘qiladi

Ektor Kuper: Maqsadimiz – Osiyo Kubogida g‘alaba qozonish

Bugun, 6 dekabr kuni O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi binosida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

U Osiyo kubogiga olib borilayotgan tayyorgarlik jarayoni, bo‘lib o‘tgan yig‘inlar xususida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Avstraliyada o‘tkazgan yig‘inimizda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlardagi natijalar ijobiy bo‘lmaganini ta'kidlay olaman. Lekin o‘rtoqlik o‘yinlari va yig‘inlar mavjud muammolarni ko‘rib, bilib olish uchun yaxshi imkoniyat hisoblanadi. Sekin-asta mana shu kamchiliklarni bartaraf etgan holda Osiyo Kubogiga yaxshi hozirlik olib borishga urinamiz. Osiyo Kubogidan umidlarimiz katta.

Men har qanday o‘rtoqlik o‘yini yoki rasmiy uchrashuvga bir xil yondashaman. Lekin o‘rtoqlik o‘yinlarining yaxshi jihati shundaki, o‘zingizda mavjud imkoniyatdan kelib chiqib, yangi taktikalarni sinab ko‘rish mumkin. Balki, mening o‘yin uslubim kimgadir yoqmayotgan bo‘lishi mumkin. Agar o‘zim xato qilganimga amin bo‘lsam, o‘z uslubimni o‘zgartirishim ham mumkin. Men buni to‘g‘ri qabul qilaman.

Osiyo kubogiga tarkib tanlashda urg‘u faqatgina noyabrda bo‘lib o‘tgan yig‘inda qatnashgan futbolchilarga qaratilmaydi. Shu paytga qadar tashkil etgan barcha yig‘inlar davomida bir qator futbolchilarni o‘z ko‘z ostimizga olib qo‘yganmiz. Qolaversa, hali oldinda yana bitta o‘quv-mashg‘ulot yig‘inimiz mavjud. Muxlislarimiz Osiyo kubogiga boradigan tarkibda umuman yangi nomlarni ko‘rishlari ham mumkin bo‘ladi.


Qanday taktika asosida maydonga tushishimiz haqida gapirib o‘tirmagan bo‘lar edim.  Asosiysi muxlislar uchun qayd etiladigan natija muhim. Biz ham mavjud tarkibdan kelib chiqqan holda, zarur taktik uslubda o‘z o‘yinimizni shakllantiramiz. Eng muhimi - o‘yinimizda muvozanat bo‘lsa bo‘lgani.  O‘yinchilar men talab qilayotgan jihatlarni bajarishga qodir. Ularning mahorati mening talablarimni bajarishga yetishiga ko‘zim yetyapti. Agar mening talablarim yigitlarga mos kelmasa, men o‘z talablarimni o‘zgartirishim ham mumkin. Men hech qachon o‘z talablarimda qattiq turib olmayman, agar zarur bo‘lsa uni yigitlarga moslashtirishim ham mumkin.

Har bir jamoada ham o‘z asosiy uslubi bilan bir qatorda zaxira variantlari ham mavjud bo‘lishi kerak. Lekin zaxira variantlari soni ko‘payib ketishi ham yaxshi emas. Balkim noyabrdagi yig‘inlardan so‘ng ba'zilarda salbiy taassurotlar uyg‘ongandir. Ba'zan mag‘lubiyatlardan so‘ng hammada kayfiyat tushib ketadi. Lekin men murabbiylik faoliyatim davomida bunaqa vaziyatlarni ko‘p ko‘rganman. Ideal jamoa bo‘lish qiyin. Lekin men optimistik ruhdaman va Osiyo kubogiga g‘alaba qozonish niyatida yo‘l olamiz. Agar rejalashtirgan ishlarim o‘xshasa, maqsadimizga erishamiz. Umid qilamanki, hali oldinda yaxshi o‘yinlar va chiroyli g‘alabalarga guvoh bo‘lamiz», deya o‘z fikrlarini bildirgan Kuper.

Ma'lumot uchun, yanvar oyida BAA maydonlari mezbonlik qiladigan Osiyo Kubogida O‘zbekiston terma jamoasi F guruhida Yaponiya, Ummon va Turkmaniston terma jamoalariga qarshi o‘yinlarda maydonga tushadi. Kuper shogirdlari turnirdagi ilk o‘yinni 9 yanvar kuni Ummonga qarshi o‘tkazadi, 13 yanvar kuni Turkmanistonga qarshi bahs bo‘lib o‘tadi. Yaponiyaga qarshi 17 yanvar kuniga belgilangan o‘yin esa guruh g‘olibi kim bo‘lishini aniqlab berishi kutilmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid