O‘zbekiston | 19:14 / 15.12.2018
9975
4 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda innovatsion texnopark tashkil etiladi

Foto: xorazmarxitektura.uz

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Xorazm viloyatida innovatsion texnopark tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Xorazm viloyati xokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan Xorazm viloyatida Xorazm innovatsion texnoparkni tashkil etish  to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinishi mumkin.

Quyidagilar texnopark faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilanadi:

qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari, kimyo texnologiyalari, biotexnologiya, matematika, robototexnika va elektrotexnika sohalarida raqobatbardosh, innovatsion mahsulotlar va xizmatlarni rivojlantirish uchun qulay sharoitlarni yaratib berish hamda ularni ichki va tashqi bozorlarga chiqarishda qo‘llab-quvvatlash;

hududning innovatsion salohiyatini oshirish uchun ilmiy-texnik va innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun yagona platforma yaratish;

innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun 5 yildan uzoq bo‘lmagan muddatga imtiyozli ijaraga berishi asosida rezidentlarga zarur yuqori texnologik infratuzilma,zamonaviy laboratoriyalar va ishlab chiqarish maydoni, shuningdek moliyaviy, marketing, huquqiy, patentlash va boshqa konsalting xizmatlarini ko‘rsatish;

venchurlik moliyalashtirish asosida startap-loyihalarni  amalga oshirishda, shu jumladan  yangi ish boshlayotgan va kichik xususiy korxonalarga axborot texnologiyalari sohasidagi innovatsion faoliyat natijalarini tijoratlashtirishda ko‘maklashish;

raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni ichki va tashqi bozorlarga chiqarishda qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida innovatsion ishlanmalarni joriy etishni rag‘batlantirish;

Texnopark hududida "shou-rum" tashkil etish orqali, loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilishda rezidentlarga ko‘maklashish;

yuqori texnologiyali mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqarish tizimini yo‘lga qo‘yish uchun fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish;

yetakchi kompaniyalar va ularning mutaxassislari ishtirokida kurslar, treninglar va master klasslarni, shuningdek, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan va malakali mutaxassislar sinfini shakllantirish uchun ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish.

Quyidagilar texnopark faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari hisoblanadi:

Texnopark direksiyasi qarori bilan belgilangan tariflar bo‘yicha (sof daromadning besh foizidan oshmagan miqdorda) rezidentlarning oylik to‘lovlari;

Xorazm viloyati Oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan chet-el fuqarolaridan tushadigan mablag‘larning ellik foiz ulushi;

Xo‘jalik shartnomasi asosida texnopark faoliyati profilidagi ishlarni bajarish uchun olingan mablag‘lar;

xalqaro moliya tashkilotlari va muassasalari tomonidan beriladigan grantlar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Texnopark ma'muriyati va rezidentlari amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida butun faoliyat ko‘rsatish davrida quyidagilardan:

barcha soliq to‘lovlaridan;

o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq, loyihani amalga oshirish doirasida o‘z ehtiyoji uchun chetdan olib kelinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskuna, xomashyo, materiallar, reaktivlar, butlovchi buyumlar hamda qurilish materiallari uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi.

Texnoparkka Xorazm viloyati, Urganch tumani, Mustaqillik ko‘chasi 1 uyda joylashgan tugatilayotgan Urganch sanoat kollejining bino va inshootlari (tegishli hududi bilan) hamda boshqa mol-mulki operativ boshqaruv huquqi asosida beriladi.

Faoliyati tugatilayotgan Urganch sanoat kollejining o‘quvchilari o‘qishni bitirgunlariga qadar ixtisoslashtirilgan maktab-internat binosida ta'lim jarayonini davom ettirishlari belgilab qo‘yiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid