Jamiyat | 15:20 / 16.12.2018
71772
3 daqiqa o‘qiladi

«Biz ikkinchi darajali odamlar emasmiz». «Sariq jiletlilar» so‘zlaganda

Sovuqdan qo‘llaringizni cho‘ntakka joylab, issiqdan konditsioner tagida o‘tirib saqlanayotganingizda, ular farzandi tengi talabalar, nabirasi tengi o‘quvchilar tashlagan chiqindilar bilan to‘lgan ko‘chalarni tozalayotgan bo‘lishadi. Atayin kuzatdim, chorrahada to‘xtagan bir avtobusdan yigirma uch kishi tushdi. Ularning aksari chiptani yerga tashladi. Bekat endi ikki soatgina oldin tozalangan bekatga o‘xshamasdi. Biz ana shu mehnati qadrlanmayotgan «sariq jiletlilar» dardiga quloq tutdik.

Toshkent shahar obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarining ko‘pchiligi o‘zlarini kameradan olib qochishdi. Shunga qaramasdan arzimagan maoshga falon so‘mdan xarajat qilib shahar tashqarisidan qatnab ishlaydigan ishchilar orasida dardini ayta olganlar topildi.

Video: Mover (tas-ix)

Shu kabi og‘ir sharoitlarga chidab ishlayotgan obodonlashtirish xodimlarini odamlarning ularga nisbatan munosabati ko‘proq ranjitmoqda. Ular tunda ariqlar va yo‘l chetlariga tashlangan chiqindilar uchun ularni ishlamayotganlikda ayblashlaridan, tamaddixonaga kiritmasliklaridan, jamoat transportlariga chiqarmasliklaridan shikoyat qilishdi.

«Bizni biroz bo‘lsada hurmat qilishlarini xohlaymiz», «Hammayoqni supurib, tozalab ketsak, orqamizdan chiqindi chiqarib qo‘yishadi», «Avtobus haydovchilari bizni hatto pulimizga olib ketishmaydi. Biz ikkinchi darajali odamlar emasmizku? Aybimiz ko‘cha tozalovchi bo‘lganimizmi?», deyishdi ular. 

«Chiqindini ko‘chaga tashlama, mehnatimizning qadri yo‘qmi? Bizning hurmatimiz yo‘qmi? Axir, onang tengimiz», desam, «Xola, oyligingizni olyapsizku», deb javob qaytardi. Qaytib odamlarga gapirmadim», - deydi ulardan biri.

Aslida OAVda aholiga chiqindini duch kelgan joyga tashlamaslik, atrof-muhitni ifloslantirmaslik, kattani hurmat qilish kerakligi haqida nasihat qilinishi uyat. Chunki, bu oddiy inson qilishi lozim bo‘lgan oddiy ishlardir.

Video: Youtube

Mo‘tabar Xushvaqtova

Mavzuga oid