Jahon | 15:40 / 17.12.2018
26408
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni AQShni ayblab chiqdi

Foto: Cliff Owen / AP

Saudiya Arabistoni AQShdan podshohlik ichki ishlariga ochiqdan-ochiq aralashuvni to‘xtatish va davlatning dunyodagi hamda mintaqadagi pozitsiyasiga zarar yetkazmaslikni talab qildi. Bu haqda podshohlik Tashqi ishlar vazirligi bayonot bilan chiqdi, u SPA agentligi tomonidan keltirilgan.

Ar-Riyod bir qator masalalar bo‘yicha AQSh senatining asossiz va tushunarsiz ayblovlarini rad etadi. Matnda aytilishicha, podshohlik BMTning 2216-rezolyutsiyasi va boshqa avval erishilgan kelishuvlar asosida Yamandagi siyosiy vaziyatga yechim topish uchun sa'y-harakatlarni davom ettiryapti. Shuningdek, qayd etilishicha, Saudiya Arabistoni bundan avval jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi jinoyat ekani, u podshohlik va uning siyosatiga aloqador emasligi haqida ma'lum qilgan.

Saudiya Tashqi ishlar vazirligining eslatishicha, mamlakat Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyor, shuningdek, xalqaro terrorizmga qarshi kurashga o‘z hissasini qo‘shishdan to‘xtamaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh senatori Saudiya shahzodasi Qoshiqchining o‘ldirilishiga aloqador ekanini ma'lum qilgandi.

«Bu jinoyat Muhammad bin Salmonning ko‘rsatmasiga ko‘ra tashkillashtirilgan va rejalashtirilgan, degan xulosaga kelmaslik uchun odam ataylab o‘zini ko‘r qilib ko‘rsatishi kerak. U avvalboshdan Qoshiqchining o‘limiga aloqador bo‘lgan», - dedi senator Robert Korker jurnalistlarga. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, MRB hisobotiga ko‘ra, jurnalistni o‘ldirishda ishtirok etgan jamoa uning jasadini bo‘laklab tashlashda yordam ko‘rsatish uchun sud ekspertini taklif qilgan.

Mavzuga oid