Kun.uz bilan atom elektr stansiyasiga sayohat (video+foto)
Bugungi kunda iqtisodiyot rivojlanishi, aholi soni va turmush darajasining oshishi hisobiga O‘zbekistonning elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyoji oshmoqda. Shu munosabat bilan texnik imkoniyatlarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston hududida birinchi atom elektr stansiyasi (AES)ni qurishga qaror qilindi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda qurilishi rejalashtirilayotgan atom elektr stansiyasi aynan Novovoronej shahridagi AES loyihasi asosida bo‘ladi. Kun.uz muxbiri Novovoronej AESning 6-energoblokida bo‘lib, qiziqarli ma'lumotlar va suratlar bilan bo‘lishdi.
Video: Youtube
Novovoronej atom elektr stansiyasi (AES) Don daryosi qirg‘og‘ida, viloyat markazi hisoblangan Voronej shahridan 51 km masofada joylashgan. Sanoat maydonidan 3,5 km narida - AES ishchilari yashovchi shahar okrugi - Novovoronej shahri joylashgan. AES ekpluatatsiyasi yillari davomida 546 milliard kVt/s'dan ziyod elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.
Novovoronej AES - dunyodagi ilk suv-suvli energetik reaktorli (SSER) sanoat atom stansiyasi, Voronej viloyatining eng yirik elektr energiya ishlab chiqaruvchisi. Ushbu AES Voronej viloyati aholisining elektr energiyaga bo‘lgan talabining 90 foizi va Novovoronej shahrining issiqlikka bo‘lgan ehtiyojining 91 foizini qoplaydi.
1964 yilning 30 sentyabrida Novovoronej atom elektr stansiyasi 1-energoblokining ishga tushirilishi bilan nafaqat sobiq SSSR, balki Sharqiy va Markaziy Yevropaning qator mamlakatlari sanoat atom energetikasi tarixi boshlandi.
Novovoronej maydonida jami olti SSER energobloki ekspluatatsiyaga kiritilgan. 1-energoblok (SSER-210) 1964 yilda, 2-energoblok (SSER-365) 1969 yilda, 3- va 4- energobloklar (SSER-440) 1971 hamda 1972 yillarda, 5-energoblok (SSER-1000) 1980 yilda va 6-energoblok (SSER-1200) 2017 yilda ishga tushirilgan.
2016 yilning 27 oktyabrida Novovoronej AESning "3+" avlodga mansub SSER-1200 reaktorli 6-energobloki 100 foiz kuchga kirdi. 2017 yilning 27 fevralida mazkur energoblok sanoat ekspluatatsiyasiga kiritildi. Bugungi kunda AQSh, Fransiya va boshqa qator mamlakatlarda ham xuddi shunday "3+" avlod energobloklari barpo etilmoqda. Shunday bo‘lsa-da, Novovoronej AES 6-energobloki sanoat ekspluatatsiyasiga topshirilgan dunyodagi birinchi so‘nggi avlod atom energobloki hisoblanadi.
Mazkur energoblokda eng so‘nggi yutuq va ishlanmalar qo‘llangan bo‘lib, u postfukusima talablariga to‘liq javob beradi.
SSER-1200 reaktori uch asosiy afzallikka ega: yuqori samaradorlik, uzoq muddatlilik va xavfsizlik. Qurilma xizmat muddati - 60 yil.
Sanoat ekspluatatsiyasi 2019 yilga mo‘ljallangan 7-energoblok Novovoronej AES umumiy quvvatini 1,5 baravarga oshiradi. Shu tariqa, mavjud quvvatlar saqlab qolinganda Novovoronej AESning yillik elektr energiya ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 25 milliard kVt/s'ga yetishi mumkin.
Ayni damda Novovoronej AESda ikki energoblok ekspluatatsiyada - 1015 MVt'li 5-energoblok va 1195,4 MVt'li 6-energoblok.
Ma'lumotlarga ko‘ra, Novovoronej energetiklari SSER reaktorli energobloklar - xavfsiz, ilmiy-texnik qarorlar esa - to‘g‘ri ekanini amalda isbotlashgan. Novovoronej AES ekspluatatsiyasi yillari davomida atrof-muhitga ta'sir ko‘rsatgan hodisalar qayd etilmagan.
Bu yerda radioaktiv chiqindilarga nisbatan maxsus texnologik sxema ishlab chiqilgan bo‘lib, u radioaktiv chiqindilarni to‘plash, qayta ishlash, tashish, vaqtinchalik saqlash va maxsus tashkilotlarga ko‘mish uchun yo‘llashni o‘z ichiga oladi. Barcha bosqichlarda chiqindilarning radiatsion xususiyatlari o‘lchanadi, ularning radionuklid tarkibi o‘rganiladi, har bir partiya hisob-kitobi yuritiladi va h.k.
Novovoronej AES doim asosiy vazifasi yuqori iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishish bilan bir qatorda ekologik xavfsizlikni ta'minlash hisoblangan tashkilot bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi ham. Atom stansiyasining atrof-muhit muhofazasiga oid asosiy tamoyillari - tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik xavfsizlikni ta'minlash - Novovoronej AES Ekologik siyosatida qayd etilgan.
Shunisi e'tiborga loyiqki, istagan fuqaro Novovoronej atom elektr stansiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega. Buning uchun pasport bilan tashrif buyurilsa bo‘lgani.
Yana bir ma'lumotga e'tiboringizni qaratmoqchimiz: bu yerdagi atom elektr stansiyasida ishlashdan oldin, albatta, maxsus o‘quv markazining trenajyor xonalarida ta'lim jarayonlarini o‘tash kerak bo‘ladi. Ular haqiqiy AES kabi jihozlangan bo‘lib, amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan.
Bundan tashqari, Novovoronejda bolalardan to kattalargacha xizmat ko‘rsatuvchi Atom energetikasi axborot markazi mavjud. Bu yerda atom energetikasiga oid bilimlar oddiy, sodda tilda innovatsion usullar yordamida qiziqarli qilib tushuntirib beriladi.
Novovoronejda yashovchi mahalliy xalqning ba'zi vakillari bilan suhbatda ular o‘zining "atomchilar shahri"dan ekanligi bilan faxrlanishini ilg‘ash qiyin emas. Kun.uz'ni kuzatib boring va keyingi maqolalarimizda AES joylashgan shaharda yashovchi va ishlovchi kishilar fikri bilan tanishing.
Lola Raxmanbayeva
Mavzuga oid
11:40 / 19.10.2024
Yaponiyada birinchi marta 50 yildan ortiq ishlayotgan AES reaktori faoliyatiga ruxsat berildi
20:20 / 16.10.2024
AES direksiyasi rahbari: Ishlatilgan yadro yoqilg‘isi Rossiyaga olib ketiladi
15:00 / 14.10.2024
Fransiya radioaktiv chiqindilarni qozon va vilkalarga aylantirishni rejalashtirmoqda
20:57 / 08.10.2024