Jamiyat | 19:56 / 23.12.2018
27050
9 daqiqa o‘qiladi

G‘azab, nafrat va rashk ayolni jinoyat ko‘chasiga boshladi

Bu ko‘hna dunyoda inson mudom ikki yo‘l orasida yashaydi. Bulardan biri — ezgulik bo‘lsa, ikkinchisi yovuzlik yo‘lidir. Odam bolasi hech qachon onadan jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Ammo ba'zida noto‘g‘ri berilgan ta'lim-tarbiya, ayrim hollarda esa, nopok kimsalar sababli yomonlik ko‘chasiga kirib qoladi.

Jinoyat ishlari bo‘­yicha Toshkent viloyat sudida mud­hish qotillikka qo‘l urgan ayolga nisbatan hukm o‘qildi. Jinoyat tafsilotlari bilan tanishar ekanmiz, ayolning shunday mudhish qilmishga qo‘l urganini ko‘rib, qalbimiz larzaga keldi...

Taqdir shu ekan, Mavjuda (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) birinchi turmushidan erta ayrilib, yolg‘iz qoldi. Yakka-yu yagona qizini ham ona, ham ota bo‘lib voyaga yetkazdi. To‘y qi­lib uzatdi, nabiralik ham bo‘l­­di. Ammo hayotiy tajribaga ega, kim yax­shi-yu, kim yomonligini ajrata oladigan bu ayol bir olg‘ir kimsani deb to‘g‘ri yo‘ldan adashdi.

2012 yilning kuz oylarida Mavjuda Olim ismli yigit bilan tanishib qoladi.

Bir yillik salom-alik, o‘zaro xabarlashib turishlar oxir-oqibat izsiz ketmaydi, ular shar'iy nikohdan o‘tishadi va birga yashay boshlashadi.

Olim tabiatan olg‘ir, tekin daromad desa, o‘zini tomdan tashlaydiganlar toifasidan edi. U Mavjuda bilan tijorat maqsadlarida foydalanib, mo‘maygina mablag‘ni qo‘lga kiritish maqsadida tanishgan ekan. Buyog‘ini so‘rasangiz, Mavjuda unga o‘zining butun mehrini beradi, doimo ko‘ngliga qa­rab yashaydi. U poytaxtning «Qu­ruvchi» mavzesidagi 3 xonali uyini sotib, biroz arzon narxda «Sputnik» mavzesidan 2 xonali uy oladi. O‘rtadagi farq — 10 million so‘mni esa, Olimga hadya qiladi.

Darvoqe, Olim haqida. U turmush o‘rtog‘i Nasiba bilan birga yashamasa-da, lekin qo­nuniy nikohi bekor qilinmagan, ikki nafar farzandi bor. Bolalari va xotinini tashlab qo‘ygan bu kimsa boshqa bir ayolni baxtli qila olmasligi aniq edi.

Xuddi shunday bo‘ldi ham. Moddiy manfaatdorlikni ko‘z­lab qurilgan «turmush» oradan besh yil o‘tib, barbod bo‘la boshlaydi. 2017 yilning may oyida Mavjuda Olimning begona ayol bilan munosabati borligini sezib qoladi. U turmush o‘rtog‘ining uyga kech kelishi, qo‘l telefonini esa bekitib yonida olib yurishidan qattiq shubhalanadi.

Bir kuni u Olimga sezdirmasdan telefonini kavlashtirayotib, begona ayol bilan ishqiy yozishmalarini o‘qib qoladi. Bundan jahli chiqqan Mavjuda o‘sha ayolning ismi Nigina ekanini aniqlaydi. Olim esa o‘zini oqlash uchun turli bahonalar topib, suvdan quruq chiqadi.

Biroq tez orada Olimning yana o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas qabilida ish tutayotgani ma'lum bo‘ladi. G‘azab, alam va nafrat o‘tida qovrilayotgan ayol qanday yo‘l tutishini bilmay qoladi: «Bukrini go‘r tuzatadi» deyishgani rost ekan-da.

«Endi nima qilaman? Nimasiga uchdi uning? Qanday qilib bo‘lsa-da, munosabatlarini to‘xtatishim kerak!.."

Mavjuda o‘ylay-o‘ylay, Nigina bilan ochiqchasiga gaplashib olmoqchi bo‘ldi.

«Yaxshilab qo‘rqitsam, o‘zi ketib qo­ladi», degan fikrda unga qo‘n­g‘iroq qiladi.

Ayolga Olimning xotini ekanini, uni tinch qo‘yishini, agar munosabatlarini to‘x­tatmasa, uyiga borib, qo‘ni-qo‘shnilari oldida sharmanda qilishini aytadi.

Mavjudaning do‘q-po‘pisalaridan cho‘chigan Nigina Olimni ortiq bezovta qilmaslikka va'da beradi.

Lekin oz fursatda Mavjuda ikki «oshiq-ma'shuq» yana topishib olganini sezib qoladi.

O‘zini al­dangan va xo‘rlangandek his qilgan ayol qalbini nafrat egallab, miyasiga yomon fikrlar kela boshlaydi.

Ma'lumot olish uchun erining telefonini yashirincha olib, undagi SMS xabarlarni o‘qi­sa, notanish raqamdan ishqiy nomalar bor ekan. Bilsaki, yana o‘sha Niginadan kelibdi. Bundan qattiq ta'sirlangan ayol jiddiy chora ko‘­rishga qaror qiladi. Kosmetolog bo‘lib ishlashini bilgach, Niginaga qo‘ng‘iroq qiladi-da, o‘zini mijozlaridan biri, deb tanishtiradi. Mavjuda suhbatlasha turib, kosmetolog xizmatini ko‘rsatish uchun Niginani uyiga taklif qiladi. Qo‘shni ayollarga ham xizmat ko‘rsatsa, yaxshigina pul ishlab olishini aytib, qiziqtiradi. Nigina ham ro­zi bo‘ladi.

Keyin ular Mavjudaning Quyi Chirchiq tumanidagi uyi­ga kelishadi. Yo‘lda Niginaning telefoniga kimdir qo‘n­g‘iroq qiladi. Mavjuda: «Eringizmi?», deb so‘raganida, u: «Meni ikkinchi xotin qilib olgan, o‘zi militsiyada ishlaydi, 6 yildan beri tanishmiz», deydi.

Bu gaplardan Mavjudaning nafrati yanada kuchayadi. Uyga kelgach, oshxonaga kirib, Niginaga o‘zining kimligini, Olimni tinch qo‘ymayotgani uchun har kuni uyida janjal bo‘layotganini aytadi. Dovdirab qolgan Nigina aybini bo‘yniga olmaydi. Mavjuda esa erining telefonidagi SMS xabarlarni so‘zma-so‘z aytib beradi.

Iqror bo‘lishdan boshqa chorasi qolmagan Nigina ham bo‘sh kelmasdi. O‘zini oqlashga urinayotgan Niginaning bu bezbetligidan g‘azablangan Mavjuda uning yuziga sirka kislotasini sepib yuboradi. Nigina qo‘li bilan yuzini chan­gallab qoladi va Mavjudaning sochiga yopishadi.

Qarasaki, Nigina – o‘zidan baquvvatroq. Shunda stol ustida turgan pichoqni olib, bir necha marta ayolga sanchib oladi. Ke­yin esa allaqachon hayotdan ko‘z yumgan Niginaning jasadini yerto‘laga olib tushib yashiradi. Shovqin-suronni eshitgan qo‘sh­nilari «Nima bo‘ldi, tinchlikmi?», deb chiqib qolishadi. Mavjuda esa uyiga o‘g‘ri tushganini aytib, jinoyatini yashiradi. Shundan so‘ng u Niginaning jasadini yerto‘lada uzoq vaqt saqlab bo‘l­masligini anglaydi.

O‘ylay-o‘ylay chorasini topadi. U o‘tkir boltani olib, ja­sadni 9 bo‘lakka bo‘ladi va yelim qopga joylaydi-da, uyi­dan 400 metr uzoqlikdagi Chirchiq daryosiga tashlab yuboradi.

Avvaliga sodir etilgan jinoyatni hech kim payqamaydi. Mavjuda qilgan ishidan qattiq pushaymon bo‘ladi. Am­mo tez orada tarqalgan shov-shuv, qi­dir-qidirlardan kalavaning uchi Olimga kelib taqaladi.

Mavjudaning ko‘z o‘ngida hu­quqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari Olimdan Nigina haqida so‘rab-surishtirib, uni Mavjuda bilan birga tuman ichki ishlar bo‘limiga olib ketishadi. Nihoyat, jinoyat ishi ochilib, haqiqiy aybdor qilmishini bo‘yniga oldi.

Bunday dahshatli voqeaga xulosa yozish ham nihoyatda og‘ir.

G‘azab, nafrat, rashk, hatto yoshi­ bir joyga borgan ayolni ham mudhish jinoyatga qo‘l urishdan qaytmaydigan man­qurtga aylantirib qo‘ydi. Xal­qimiz­da «Teng tengi bilan­...», de­gan maqol bejiz aytilmagan. Agar Mavjuda ham shu haqida o‘ylab ko‘rganida edi, bunday ko‘yga tushmagan bo‘lardi.

Afsuski, endi kech, vaqtni ham, baxtni ham aslo ortga qaytarib bo‘lmaydi.

Dilshod TOJIBOYeV,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Toshkent viloyati sudining raisi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid