Jahon | 08:44 / 23.12.2018
26055
3 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni qirolining akasi vafot etdi

Foto: AFP

Zamonaviy Saudiya Arabistonining asoschisi Abdulaziz bin Abdurahmon Ol Saudning 23-o‘g‘li, amaldagi qirol Salmonning akasi Talol bin Abdulaziz Ol Saud 87 yoshida vafot etdi. Bu haqda uning o‘g‘li Al-Volid bin Talol ma'lum qildi.

Shahzoda Talol qirol Faysal nomidagi shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan. U oxirgi oylar og‘ir kasallikdan aziyat chekkan. The Middle East Observer nashri ma'lumotlariga ko‘ra, shahzoda bir oy ichida 10 kgga ozib ketgan va trubka orqali ovqatlantirilgan. 

Shahzoda 2018 yil boshida qirollikdagi aksilkorrupsiyaviy tozalashlar vaqtida 3 o‘g‘li, jumladan shahzoda Al-Volidning hibsga olinishiga norozilik sifatida ochlik boshlashini e'lon qilgan. Shahzoda Al-Volid hibsga olinishigacha dunyoning eng boy odamlari qatoriga qirgan, biroq taftishlar o‘tkazilishi va jarima to‘lagandan keyin boyligining katta qismini yo‘qotgan.  

Marhum shahzoda 1950- va 1960-yillarda aloqa va moliya vazirlari lavozimlarini egallagan, shuningdek, milliy avialiniyalarni nazorat qilgan. U qirollik oilasidan bo‘lishiga qaramay, Saudiya Arabistonida monarxiyaning cheklanishi g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan va otasi boshqaruvida shakllangan tuzumni tanqid qilib kelgan, arab sotsialistlari bilan aloqalari va o‘zining muxolif qarashlari bilan ma'lum bo‘lgan. 

Shahzoda 1958 yilda islohotlarga va konstitutsiya qabul qilinishiga chaqirgan “Ozod shahzodalar” harakatiga asos solgan. U 1962 yilda saroyida tintuvlar o‘tkazilishi va mol-mulki musodara qilinishidan keyin “arab sotsializmi” g‘oyasi tarafdori bo‘lgan Jamol Abdul Nasr boshchiligidagi Misrga qochgan. Shahzoda Talol Misrdan turib Saudiya Arabistonida islohotlar o‘tkazilishini talab qilishni davom ettirgan. U shu qarashlari sababli “Qizil shahzoda” laqabini ham olgan. 1963 yilda onasi jonbozligi bilan akasi, Saudiya Arabistonining o‘shandagi qiroli Faysal bilan yarashib, qirollikka qaytgan. 

Shahzoda oxirgi yillargacha monarxiyani cheklashga chaqirib kelgan. U 2012 yilda Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning valiahd shahzoda etib tayinlanishiga qarshi chiqqan. 

 

Mavzuga oid