O‘zbekiston | 18:16 / 23.12.2018
117235
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Madaminjon ota Hasanov oilasiga hamdardlik bildirdi

Yirik jamoat arbobi, “Nuroniy” jamg‘armasining taniqli vakili, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Madaminjon ota Hasanov shu yil 22 dekabr kuni 94 yoshida vafot etgani xabar qilingandi.

Bugun, 23 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Madaminjon ota xonadoniga tashrif buyurib, uning farzandlari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Qur'on tilovat etilib, marhumning haqiga duo qilindi”, deyiladi xabarda.

Madaminjon Hasanov 1924 yil Andijon viloyatida tug‘ilgan. 1942-1946 yillarda front maydonlaridagi og‘ir janglarda ishtirok etgan. 1956-1959 yillarda “O‘zbektekstiltorg”ning Andijon viloyati bazasi direktori, 1959-1966 yillarda “O‘zbekbirlashuv” boshqaruvining raisi bo‘lib ishlagan. 

Madaminjon Hasanov 1966-1979 yillar mobaynida O‘zbekiston savdo vaziri lavozimida samarali faoliyat olib bordi. 1979-2004 yillarda “Sog‘lomlashtirish markazi” ilmiy-tadqiqot muassasasiga rahbarlik qildi.  

U 2004 yilda nafaqaga chiqqanidan so‘ng O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasining faoli sifatida ko‘plab ibratli ishlarni amalga oshirdi. 

Madaminjon Hasanov “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan savdo xodimi” faxriy unvoni, “Jasorat” medali, “Mehnat shuhrati”, “Do‘stlik” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan edi. 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid