Jamiyat | 20:47 / 24.12.2018
20313
13 daqiqa o‘qiladi

Namunaviy uy-joylar gaz bilan ta'minlanishi kerakmi? – Xonqa tumani, Olaja qishlog‘idagi vaziyat

Xorazm viloyati Xonqa tumani Olaja qishlog‘idagi Shirin mahallasida barpo qilinayotgan namunaviy uy-joylarni xarid qilgan fuqarolar Kun.uz`ga murojaat bilan chiqishdi. Ularni bu uy-joylarning gaz bilan ta'minlanmasligi haqidagi gap-so‘zlar xavotirga solgan.

«Xonqa tumani hokimiyati va gaz idorasi Olaja qishlog‘idagi yangi uylarga gaz berilmasligi haqida aytishmoqda yoki «hali aniq emas» deb, izohdan qochishmoqda. Shu yerga yaqin bo‘lgan hududlarda gaz bo‘lsa, nega yangi uylarga gaz berilmasligi kerak? Namunaviy uy-joylarda gaz bo‘lmasa, yangi qurilgan uylarning devorlari nurab, rasvo bo‘ladi-ku? Bundan tashqari, qishda qanday qilib bu uylarda yashash mumkin? Dastlabki badal uchun 75 million so‘m to‘ladik, yana 20 yil davomida 512 million so‘m to‘lashimiz kerak, nega endi gazsiz o‘tirishimiz kerak? Bu yangi aholi punktida kam ta'minlanganlar, nogironlarga ham uylar berildi. Endi ular ham o‘tin chopib kelib uyni isitishi yoki gaz ballonlarni orqalab, navbat kutib, gaz to‘ldirishi kerakmi? Iltimos, shu mavzuni yoritinglar», - deyilgan edi murojaatda.

Vaziyatni o‘rganish uchun Xonqa tumani, Olaja qishlog‘i, Shirin mahallasiga bordik.

Dastlabki ma'lumot o‘rnida aytish kerakki, 2016 yil 21 oktyabrda qishloq joylarda aholining keng qatlamlarini zamonaviy va shinam uy-joy bilan ta'minlash darajasini tubdan oshirish maqsadida «2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori qabul qilindi.

Dasturga asosan, Shirin mahallasida hovlidagi imoratlar bilan birgalikda maydoni 0,02 gektar bo‘lgan yer uchastkalarida joylashtiriladigan bir qavatli 2 va 3 xonali uylar, shuningdek hovlidagi imoratlar bilan birgalikda maydoni 0,04 gektar bo‘lgan yer uchastkalarida joylashtiriladigan ikki qavatli 4 xonali birlashtirilgan jami 124ta uy-joy qurilishi boshlandi. Ayni paytda «Qishloq qurilish invest» MChJ buyurtmachiligida va 10ta korxona pudratchiligida qurilish ishlari olib borilmoqda. Hali ishlar to‘liq nihoyasiga yetkazilgani yo‘q.

Shu yilning avgust, sentabr va oktabr oylarida tumandagi kam ta'minlangan, nogironligi bor shaxslar yashayotgan 20dan ortiq oilalarga maydoni 0,02 gektar bo‘lgan yer uchastkalarida joylashtirilgan 3 xonali uylar topshirilgan. Hududning bir qismida joylashgan uylar tezkor ravishda qurib, bitkazilgan va egalariga berilgan. Uylar narxining dastlabki badali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘iga asosan to‘lab berilgan.

Shirin mahallasida shu oilalar bilan uchrashib, yashash sharoiti, turmush tarzi bilan tanishdik. Shunda gaz yetkazib berilmasligi haqidagi mish-mishlar asosli ekani ma'lum bo‘ldi. OAV vakili ekanimizni bilishgach, oilalar o‘zlarini qiynayotgan boshqa ijtimoiy muammolarni ham yoritishimizni iltimos qilishdi.

Nogironligi bor farzandini tarbiyalayotgan Boljon Sharipovani eshitamiz: «Gaz yo‘q, uylar sovuq sharoitda yashayapmiz. Farzandimning tutqanog‘i bor, unga uyda qarab o‘tirishga majburman. Avvalroq kasanachilik uchun tikuv mashinasi olgandim, faqat avgust oyigacha ish bo‘ldi. Shundan so‘ng, ish to‘xtab qoldi. Hozir farzandimning 400 ming so‘mlik pensiyasiga kun ko‘ryapmiz. Hali uyning kredit pulini ham qaytarishim kerak. Uning qiymati oyiga 1 millionga yaqinlashdi, nima qilishga hayronman».

Nogironligi bo‘lgan ikki nafar farzandini tarbiyalayotgan Qahramon Atajanov oilasidagi ahvol ham shunga o‘xshash: «Gaz yo‘q, uylarimiz sovuq. Gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan chekka hududda ekanmiz. Ammo bunday hududda namunaviy uy qurilishini qanday tushunsa bo‘ladi? Hamma odam yaxshi sharoitda yashashni istaydi, ammo vaziyat mana shunday. Bundan tashqari, bu hududga yaqin joyda bog‘cha yoki maktab ham yo‘q ekan. Bolalarimiz yo‘l transportida maktabga qatnaydi. Kundalik yo‘lkira xarajati ham bizni qiynab qo‘ymoqda».

Ko‘rish qobiliyatida nuqsoni bor ayol Umida Suvonova turmush o‘rtog‘i va ikki nafar farzandi bilan shu uylardan birida istiqomat qilmoqda. Uning so‘zlarini eshitamiz: «Gaz yo‘q va bo‘lmaydi deyishdi. Bizga ko‘mir yoki o‘tin yoqish tavsiya qilindi. Kotyolga ko‘mir va o‘tin yoqib ko‘rdik. Ammo tez-tez ko‘mir yoki o‘tin qalab turilmasa, tezda o‘chib qolarkan. Natijada, yarim soatda uy sovib qolyapti. Buni o‘chirmasdan, tinmasdan yoqib, 24 soat qarab turish kerak ekan. Qo‘shnilar 300 ming so‘mga o‘tin olishdi, ammo 10 kunga ham yetmadi. Bir xonani elektr pechkada isityapmiz; tok ham tez-tez o‘chadi, natijada uy darrov sovib qoladi. Agar yaxshi sharoit bo‘lmasa, u holda namunaviy joyning afzalligi nimada? Bizga pech qurish tavsiya qilindi. Ammo xonalar kichik, agar qursak, xonaning deyarli yarmini egallaydi. Kredit to‘lovi har oyda 1 millionga yaqinlashdi. Kam ta'minlangan oila bo‘lsak, buning xarajatini qanday ko‘taramiz, hayronman. Iltimos, bizga gaz berishsin».

Nogironligi bor farzandini tarbiyalayotgan Gulbahor Abdullayeva ham yashash sharoitining qiyin ekanini aytdi: «Sovuqqa chidamasdan, bir xonani amallab isitib o‘tiribmiz, gaz yo‘q. Kredit uchun har oyda 900 ming so‘m to‘layapmiz. Erim fermada ishchi, o‘g‘lim qurilishda ishlagani Toshkentga ketgan. Qizimning ahvoli bunday, uni davolatishim kerak. Bu borishda o‘g‘limni qanday uylantiraman, hayronman. Gaz yo‘qligidan kotyolni ko‘mir, o‘tin yoqib isitmoqchi bo‘ldik. Ammo unga ko‘mir va o‘tinni tinmasdan qalab turish, kimdir hamma ishini qo‘yib, faqat shu bilan shug‘ullanishi kerak ekan. Qizimning tutqanog‘i bor, unga qarab o‘tirmasam bo‘lmaydi».

1-guruh nogironligi bor Kamoliddin Sadullayev shunday deydi: «O‘rnimdan turolmayman, to‘shakka mixlanib qolganman, xotinim menga qaraydi. Sovuqda bir xonani isitib, amallab o‘tiribmiz. Ikki farzandimga bitta etik olib berganman, navbati bilan kiyib, maktabga borishadi. Maktab uzoq, yo‘l transportida ketishadi. Yo‘lkiraga pul topishga ham qiynalib qolamiz. Oilam bilan o‘zimning pensiyamga kun ko‘ryapmiz».

Raimbargan Rajabov oilasida er-xotin 2 farzandi bilan istiqomat qilishmoqda. Ularning gapirish qobiliyatida nuqsoni bor. Jamila Abdullayeva ham gapirish qobiliyatida nuqsoni bor ayol, eri va farzandi bilan shu uylardan birida yashaydi. Ular ham sovuqda ancha qiynalib qolganini imo-ishoralar bilan tushuntirishdi.

Ikki nafar farzandi nogiron bo‘lgan ayol Zamira Hamroyeva ham o‘z muammolarini aytdi: «Ikki nafar nogiron farzandim bor. Biri aqlan va jismonan zaif, yana biri astma-bronxit bilan xastalangan. Ularni Toshkentda davolatib turaman. Sovuq uyda o‘tiribmiz. Sovuqdan devorlar, mebellarimiz mog‘orlab ketgan, eshiklar shishib, yopilmaydigan bo‘lib qolgan. Kredit to‘lovi tufayli bu oyda bolalarimni davolashga olib borolmadim. Iltimos, bizga gaz berishsin. Hozir ishsizman, kasanachilik bo‘yicha uyga ish olmoqchi edim. Nogiron bolalarimga qarab o‘tirishim kerak, faqat uyda ishlash imkoniyatim bor xolos. Ammo bu boradagi murojaatlarim hal bo‘lmayapti».

Kam ta'minlangan oila sifatida uy-joy olgan Zuhra Sattarova quyidagilarni bayon qildi: «24 yil kvartirada yashaganman. Mana uyga erishdim, bundan boshim ko‘kka yetdi. Ammo uy juda sovuq, yangi elektr pechka olishga pulim yo‘q. Uyning kreditini qanday to‘lash muammo bo‘lib turibdi. Nabiralarimni qudanikiga «qishlagani» yuborganman. Bunday sharoitda shamollab, kasal bo‘lib qolishidan qo‘rqaman».

Shirin mahallasida istiqomat qilayotgan oilalar gaz muammosi bo‘yicha Xalq qabulxonasiga murojaat qilishgan. Javob xatida bu hudud gaz bilan ta'minlanmasligi aytilgan. Oltinchi tumanlararo gaz ta'minoti bo‘limi tomonidan berilgan xulosaga asosan, Olaja qishlog‘i Shirin mahallasida qurilayotgan uy-joylar chekka hududda joylashganligi sababli, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 5 iyuldagi 193-sonli qaroriga asosan, gaz yetib bormaydigan hudud hisoblanganligi uchun yoqilg‘ining boshqa turiga o‘tish tavsiya qilingan.

Olaja qishlog‘idagi namunaviy uy-joylarning qurilishi buyurtmachisi «Qishloq qurilish invest» MChJ bosh injyeneri vazifasini bajaruvchi Abdurahim Ro‘zmetovdan bu muammo bo‘yicha izoh oldik.

«Namunaviy uy-joylar gaz yetib boradigan hududlarga qurilishi kerak degan shart yo‘q. Chunki, gaz ta'minoti bo‘yicha hech kim kafolat berolmaydi. Gaz – tabiiy boylik, bugun bor, ertaga yo‘q bo‘lishi mumkin. Hatto gaz yetib borgan hududlarda qurilgan namunaviy uylar ham doimiy ravishda gaz bilan ta'minlanadi, deb kafolat berolmaymiz. Olaja qishlog‘ida qurilayotgan uylarning gaz bilan ta'minlanishi so‘roq ostida. Shuning uchun ham, bu uylarga ham gazda, ham boshqa yoqilg‘ida (ko‘mir yoki o‘tinda) ishlaydigan kotyollar o‘rnatganmiz. Gaz tarmog‘iga ulanish uchun pudratchilar hamma ishni qilgan, hatto gaz hisoblagichlarni ham o‘rnatib berganmiz. Ammo gaz bilan ta'minlashga hech kim kafolat bermaydi», - dedi Ro‘zmetov.

Bizningcha, Olaja qishlog‘i, Shirin mahallasidagi yangi uylarning gaz ta'minoti muammosi bo‘yicha qandaydir muqobil yechim topish kerak. Xonqa tumanlararo gaz ta'minoti bo‘limi tomonidan berilgan xulosada bu hududda barpo qilinayotgan uylar gaz tarmog‘iga ulanmasligi aytilgan. Shundan so‘ng, pudratchilar tomonidan uylarga ham gazda, ham ko‘mir va o‘tinda ishlaydigan kotyollar o‘rnatilgan. Biroq, bu kotyollar mahalliy aholi o‘z uylariga o‘rnatadigan pechlardan farq qiladi. Pechlarga ikki marta ko‘mir yoki o‘tin yoqilsa, kuni bilan xonani issiq holatda saqlab turish imkoniyatini beradi. Yoqilg‘ining ikki turiga mo‘ljallangan kotyol esa bunday emas. Unga ko‘mir va o‘tin doimiy ravishda qalanib turishi kerak. Kimdir bu ish bilan band bo‘lishi kerak. Gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarda barpo qilinayotgan uylarni loyihalashtirishda shuni inobatga olish zarur edi. Hali bu hududda hamma uylar qurib bitkazilmadi, ishlar davom etmoqda. Namunaviy uylar qurib bitkazilib, egalariga yetgach, odamlar ko‘chib kelganidan so‘ng, bu muammodan norozilar karrasiga ko‘payadi.

Murojaatni o‘rganish jarayonida aholini qiynayotgan boshqa muammolar ham ochilib qoldi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan, kam ta'minlangan va nogironligi bor shaxslar istiqomat qiladigan oilalar yangi uy-joyga ega bo‘lganidan, Prezidentimiz topshirig‘iga asosan, uylarning dastlabki badali to‘lab berilganidan boshi osmonga yetgan. Ammo ular uyning kredit to‘lovini qaytarishda juda qiynalib qolayotganini aytishmoqda. Aksariyat oilalardagi nogironlar, yosh bolalar alohida parvarishga muhtoj, kimdir ularga qarab o‘tirishi kerak. Bunday sharoitda, ularning qayerdadir ishlab, daromad olish imkoniyati yo‘q. Imkoniyati borlari esa tumandagi ishsizlik muammosidan qiynalmoqda.

Ba'zi oilalarning ro‘zg‘or tebratishi, kun ko‘rishi, oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmonlar, yo‘lkira va boshqa xarajatlari nogironligi bor shaxslarning pensiyasiga qarab qolgan. Bunday sharoitda ko‘mir yoki o‘tin olib uyni isitish narida tursin, qora qozonni qaynatish ham muammo bo‘lib turibdi.

Nurmuhammad Said

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid