O‘zbekiston | 00:23 / 25.12.2018
9809
4 daqiqa o‘qiladi

Ma'naviyatning “formati“ o‘zgardi, natija qanday?

24 dekabr kuni Milliy matbuot markazida Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazining yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjuman, “Ma'naviyat –eng ta'sirchan va qudratli qurolimiz: ma'naviy-ma'rifiy soha kecha va bugun“ nomli tadbirda markaz rahbari Alisher Qodirov 2018 yil davomida amalga oshirilgan ishlar va 2019 yil uchun ko‘zlanayotgan rejalar yuzasidan hisobot berdi.

Yakunlanayotgan yilning yirik loyihalaridan biri sifatida “Ma'naviy-ma'rifiy muhit xaritasi“ e'tirof etildi. Unga ko‘ra, har bir xonadon bilan yakka tartibda so‘rovnomalar o‘tkazilib, ularning muammolari o‘rganildi. Shu orqali har bir mahallaning, tuman yoki viloyatning muammosi nimada ekanligi haqida konkret manzara hosil bo‘ladi va qayerda qaysi masala yuzasidan ish olib borish kerakligi namoyon bo‘ladi.

“Ochig‘ini aytish kerak, biz shu paytgacha nimani qachon va qayerda gapirish kerakligini bilmaganmiz. Suitsid ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan hududlarda korrupsiyaga qarshi kurash haqida bong urdik va yoki aksincha. Qarabsizki, tashxis xato qo‘yilgan, davo ham shunga yarasha“, deydi markaz rahbari Alisher Qodirov.

2017 yil 28 iyuldagi “Ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risidagi“ Prezident Qaroriga muvofiq mazkur markaz tubdan qayta tashkil etilgan edi.

Shundan so‘ng jamoatchilik diqqati qaratilgan markazning faoliyatida burilishlar bo‘lishi kutildi. 

Ilgari faqat nomi aholiga tanish bo‘lgan markaz faoliyatida jonlanish kuzatildi: viloyatlarda xalqaro va respublika anjumanlari o‘tkazildi, faol ma'naviyatchilar moddiy jihatdan rag‘batlantirildi, oilalarga kitob ulashish aksiyalari tashkil etildi.

Shuningdek, markaz rahbari 2018 yil 5 iyundagi “Oliy ta'lim muassasalarida ta'lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorga ko‘ra OTMda ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimi o‘rniga yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor lavozimi joriy etilganligiga o‘z munosabatini shunday bildirdi:

“Biz qo‘liga pasport tutqazayotgan yoshlarning ma'naviy immuniteti butun ekanligiga ishonch hosil qilishimiz kerak. 18 yoshgacha ma'naviyat tushunchasini singdirsak, uddaladik, bo‘lmasa, buyog‘iga kech. Universitet talabasi shakllanib bo‘lgan shaxs. Ularga targ‘ibot qilish mumkin, lekin mafkurasini o‘zgartira olmaysiz”, - deydi u.

Anjumanda markaz 2019 yil uchun bir qator amaliy ishlarni, jumladan, respublikadagi tarixiy obidalarning 3D formatda vizuallashtirilgan fotogalereyasini yaratish, ta'lim muassasalarida har oyda bir alloma (bir yilda 12ta) hayotini chuqur o‘rganishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgani ta'kidlandi.

Mavzuga oid