O‘zbekiston | 15:55 / 27.12.2018
24600
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin telefon orqali muloqot o‘tkazdi

Foto: kremlin.ru

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 dekabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbarlari kirib kelayotgan Yangi yil munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, hamkorlikning qator dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Prezidentlar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib, izchil mustahkamlanayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

Rossiya Federatsiyasi Prezidentining joriy yil oktabr oyida mamlakatimizga davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, uni aniq amaliy mazmun bilan boyitgani alohida ta'kidlandi.

Barcha darajada jadal va unumli aloqalar yo‘lga qo‘yilgani, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya samarali faoliyat yuritayotgani qayd etildi.

Hududlar va biznes tuzilmalari o‘rtasidagi muloqot faollashdi, madaniy-gumanitar aloqalar kengaydi. Joriy yil kuzda Toshkent shahrida o‘zaro munosabatlar tarixida birinchi marta hududlararo hamkorlik va ta'lim forumlari o‘tkazildi.

O‘zaro savdo hajmi ortmoqda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berishda “yashil yo‘lak” joriy etilgan. Mamlakatimizda Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida energetika, neft-gaz, kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat va boshqa ko‘plab tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Aprel oyida Qandim gazni qayta ishlash majmuasi ishga tushirildi, oktabr oyida yana bir muhim loyiha – O‘zbekistondagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasiga start berildi.

Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash sohalarida, jumladan, mamlakatimizda Rossiyaning yetakchi oliy ta'lim muassasalari filiallarini ochish bo‘yicha qo‘shma dasturlar amalga oshirilmoqda.

Muloqot so‘ngida davlat rahbarlari mamlakatlarimiz o‘rtasida strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash borasida intilishlari qat'iy ekanini ta'kidlab, yangi yilda O‘zbekiston va Rossiya xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid