19:10 / 28.12.2018
36156

«Shayx Zayniddin» jome masjidiga yangi imom xatib tayinlandi

Bugun, 28 dekabr kuni Toshkent shahri Shayxontohur tumani Ko‘kcha dahasidagi «Shayx Zayniddin» jome masjidiga Abdurahmonov Yahyo Ubaydullo o‘g‘li imom xatib etib tayinlandi. Bu haqda masjid matbuot xizmati xabar bergan.

Yahyo Abdurahmonov 1999-2003 yillarda Buxoro shahridagi «Mir Arab» madrasasini tamomlagan. 2004-2008 yillarda Toshkent islom institutida ta'lim olgan. Misrdagi «al-Azhar» universitetida malaka oshirgan. 2009-2011 yillarda O‘zbekiston milliy universitetining Oliy jurnalistika fakultetida o‘qigan. 2004-2018 yillarda Toshkent shahri Yunusobod tumani «Kulol qo‘rg‘on» jome masjidida imom noibi, imom-xatibi vazifalarida ishlagan. Ayni vaqtda Toshkent islom institutida «Tajvid» fani o‘qituvchisi va Xalqaro islom akademiyasining mustaqil tadqiqotchisi hisoblanadi.

U 2018 yilda Toshkent shahridagi tumanlararo qorilar musobaqasining mutlaq g‘olibi, shahar bo‘yicha 2-o‘rin sohibi bo‘lgan. 2018 yilda «Eng ma'rifatli imom» ko‘rik tanlovi Toshkent shahridagi bosqichi g‘olibi, Respublika bosqichida esa 2-o‘rinni egallagan.

Eslatib o‘tamiz, 2011 yildan buyon «Shayx Zayniddin» masjidiga imomlik qilib kelgan Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li shu yilning iyulida lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga Chilonzor tumani bosh imom xatibi Husniddin Abdukarimov tayinlangandi.

Mavzuga oid
Top