21:29 / 01.01.2019
21224

Hindistonda ayollardan tashkil topgan 620 kilometrlik “jonli” devor hosil qilindi

Foto: AP Photo / R.S. Iyer

Hindistonning Kerala shtatida millionlab ayollar gender tenghuquqlikni talab qilgan holda bir qator tizilishib turishib 620 kilometrlik “jonli” devor hosil qilishdi. Bu haqda India Today nashri xabar berdi.  

Keralaning 14 okrugidagi ayollar avtomobil yo‘llari bo‘ylab tizila boshlashgan. Natijada devor Kasaragod shahridan shtat poytaxti Trivandrumgacha cho‘zilgan.

Ta'kidlanishicha, umumiy hisobda aksiyada 3 mlnga yaqin ayol, jumladan aktrisalar va siyosiy yetakchilar ishtirok etgan. 

Ma'lum qilinishicha, aksiya oliy sudning induistlar uchun muqaddas sanalgan Sabarimala ziyoratgohi ishi bo‘yicha chiqargan qarorini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkillashtirilgan. Ziyoratgohda Ayyappan ma'budi ibodatxonasi joylashgan.

An'anaga ko‘ra, tug‘uruq yoshidagi ayollarga ibodatxonaga tashrif buyurish taqiqlangan. Bu ibodatxonaga faqatgina keksa yoshdagi ayollar va kichik yoshli qizchalarga kirishga ruxsat berilgan.

Oliy sud ayollarning diniy joylarga qo‘yilmasligi ularning konstitutsiyaviy huquqlarini buzadi, deb hisoblab, o‘z qarori bilan ko‘p asrlik an'anaga chek qo‘ygan. 18-22 oktabr kunlari ibodatxona tarixda ilk bor ham erkaklar, ham ayollar uchun ochiq bo‘lgan. Biroq radikal kayfiyatdagi ziyoratchilar ayollardan birortasiga ibodatxonaga yaqinlashishga yo‘l bermagan.

Politsiya ayollarning muqaddas qadamjoga tashrif buyura olishlarini ta'minlash maqsadida vaziyatga aralashgan. Bunga javoban olomon politsiyaga tosh uloqtira boshlagan, shundan keyin to‘qnashuvlar boshlangan. Voqeadan so‘ng ibodatxona noma'lum muddatga yopilgan, 5 noyabrda esa ibodatxona ma'muriyati uni bir necha kunga ochishga qaror qilgan. 

Politsiya va sud qaroriga qaramay, 10 yoshdan 50 yoshgacha ayollar hanuzgacha ibodatxonaga kira olishmayapti. Ushbu voqea hind matbuotida keng yoritilgan. Bu orada induizmning eng konservativ vakillari sud qarorini bekor qilish yuzasidan oliy sudga arznoma topshirishgan. 

Top