13:25 / 03.01.2019
18554

Loyqa suvdan «bahramand» bo‘layotgan Jizzaxdagi «Zilol» mahalla ahli nima deydi?

«Mahallamizda bir necha yillardan beri toza ichimlik suvi tanqis. Buloqdan haftada ikki marta borib katta idishlarda suv olib kelib ovqatga, choyga ishlatamiz. Bir necha bor tegishli idoralarga murojaat bilan chiqsak-da, ijobiy natija ko‘rmadik. Viloyat hokimligidan kelib, shahar hokimligiga topshiriq beradi, shahar vakillari yana allakimga... Xullas, vaqt o‘tib bormoqda. Kun davomida bor-yo‘g‘i sakkiz soat suv chiqadi, ammo uni ichimlik suvi deb ayta olmaymiz. Jo‘mrakni bursangiz toza suv o‘rniga loyqa suv oqadi, bu suv ichish tugul, kir yuvishga ham yaroqsiz... Tindirib qo‘ysangiz ham suv loyqaligicha qolaveradi.

Eng muhimi — suvdan qarzimiz yo‘q, o‘z-o‘zidan suvga to‘lovlar chiqib kelaveradi. Ijrochini izlab ovora bo‘lganimiz yetmagandek, yo‘q joydan chiqib kelayotgan qarzlarni yopolmay sarsonmiz. Jizzax shahar «Suvoqova» DUK korxonasiga borsang «u xonaga kiring», undan «bunisiga kiring», deya sarson qilishadi. Bizni ham kimdir eshitadimi?».

Bu — Jizzax shahridagi «Zilol» mahallasi, Ma'rifat ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan yo‘llangan murojaatning qisqacha mazmuni. Yugur-yugurlardan bezgan mahalla ahli ko‘p yillardan beri qiynab kelayotgan ichimlik suvi muammosi hal bo‘lishini istaydi. Ularga quloq tutamiz.

«Mana, ko‘ring, shu suvni ichib bo‘ladimi? Shu loyqa suvni laboratoriyadan kelib tekshirib ketishdi. Suvni «iste'molga yaroqsiz», deyishdi. Yaroqsiz bo‘lsa ham, ba'zi xonadonlar shu suvdan foydalanishadi. Nima qilishsin?! Alam qiladigani shuki, ichimlik suvdan qarzdorligim yo‘q. Kecha qo‘limga «280 ming so‘mga ichimlik suvidan qarzingiz bor», deb xat tashlab ketishdi. «Suvoqova»ga borsam sarson qilishdi. Kun kech bo‘ldi, ammo muammo hal bo‘lmadi. Bu haqda kimdir qiziqadimi?» — deydi Zuhra Eshonqulova.

«Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. «Suvoqova» korxonasi xodimlari tomonidan nazorat o‘ta past darajada. «Suvoqova» korxonasi faoliyati ustidan kim nazorat qiladi? Loyqa suv kelgani bois «Ariston» boylerlarimizning ichi balchiq bo‘lib qoladi. Alam qilgani — qarz qilib qo‘yishgani. Yig‘ilishlar bo‘ldi. Katta tashkilot-idoralar vakillari kelishdi. Muammo hal bo‘lmadi. Qo‘ynimizni puch yong‘oqqa to‘ldirib ketishdi. Endi hal bo‘lishiga ko‘zim yetmaydi. Portalga chiqdik, «Xalq qabulxonasi»ga bordik, mahalliy televideniyega ham murojaat qildik. Biz shahar «Suvoqova» korxonasi bilan shartnoma tuzganmiz, shartnomada kun davomida ichimlik suvi uzluksiz berilishi belgilab qo‘yilgan. Bizda sutka davomida 5 soat suv berishadi. Ko‘p xonadonlarda hisoblagichlar o‘rnatilmagan, ular ham 24 soatga pul to‘laydi», — deydi Dilorom Muhiddinova.

Mahalla ahlini qiynab kelayotgan muammolardan biri bolalar maydonchasining yo‘qligi, atrofda turli klinika-yu davolash maskanlarining betartib qurilgani.

«Bolalar maydonchasining yo‘qligiga ko‘nikib ham qoldik, ammo shu maydoncha uchun mo‘ljallangan yerga u ham choyxona qurisharkan. Bunisi ortiqcha, o‘zi shundoq ham bolalarimizga o‘yin uchun joy yo‘q.

Choyxona yetmay turgandi o‘zi. Kelib o‘lchab, tekshirib ketishyapti. Qo‘rqib ham qoldik. Ko‘chamiz tor. Mana shu maydonni bolalar maydonchasi qilib beramiz deyishgan edi hokimlikdan kelgan vakillar. Ammo qurilmadi, bori ham chala qoldi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, atrofimiz turli klinika va davolash maskanlariga aylanib ulgurdi, bir qarich yer ham qoldirishmay oshxona, klinika qurishyapti», — deydi Dilafro‘z Muhiddinova.

Mahalla ahlining e'tirozlariga Jizzax «Suvoqova» DUK shahar filiali vakili Aziz Nasriddinov shunday izoh berdi:

«Aslida, har oyning 10 sanasida xonadon sohiblari to‘lovlarni to‘lab ketishi shart, fuqarolarning yillar mobaynida to‘lovlarni o‘z vaqtida qilmagani bois mana shunday tushunmovchiliklar yuzaga chiqyapti. Shu vaqtga qadar aholi tomonidan to‘langan to‘lovlarning ko‘p qismi kimlarningdir aybi bilan kompyuter bazasiga kiritilmagan. Shuningdek, ko‘pgina yurtdoshlarimiz o‘rnatilgan hisoblagichlarni oxirigacha rasmiylashtirmagan. Bu ham ko‘pgina muammolarni keltirib chiqaryapti. Har bir kelayotgan yurtdoshlarimizga imkon darajasida tushuntirishga harakat qilyapmiz. To‘lov kvitansiyalarini olib ularni bazaga kiritib o‘rtadagi tushunmovchiliklarga barham berishga harakat qilinmoqda.

Suvning kun davomida sakkiz soat berilishining ham o‘ziga yarasha sabablari bor. Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan shahar hududidagi mahallalar balansida bo‘lgan barcha artezian quduqlar bizning korxona balansiga o‘tkazilishi kerak edi. «Zilol» mahallasi Yuksalish ko‘chasida joylashgan artezian quduq va suv minorasi elektr energiyadan 119,0 million so‘m qarzdorligi bor. Qarzdorlik sabab ushbu artezian qudug‘i va suv minorasi «Suvoqova» korxona balansiga o‘tkazilmadi. Ushbu qarzdorlik bo‘yicha tegishli tashkilotlarga xat chiqarganmiz. Bizga shu qarzdorlik masalasini hal qilishsagina o‘z balansimizga olamiz. Shu bois, ichimlik suvi vaqti-vaqti bilan berilyapti».

«Suvning loyqa kelishiga sabab shuki, o‘sha Yuksalish ko‘chasida joylashgan suv minorasi juda eskirgan. Aslida, bu loyqa suvning ziyoni yo‘q, biz buni tekshirtirganmiz, loyqa bo‘lsa tinib ketadi. Asosan qishda shu holat kuzatiladi. Yer osti loylar tushadi suv tagidan hovuz ochadi. Yer ostidagi tabiiy holat bu, aholiga ichimlik suvini doimiy ravishda uzluksiz bera olmaymiz, suv grafik asosida beriladi. «Zilol» mahallasi balansidagi suv minorasi bizni balansimizda bo‘lmasa ham nasoslarni ta'mirlatdik», — deydi nasos ta'mirlash bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Pardayev.

Loyqa suvni ichsa «hech narsa» bo‘lmasligiga bizni ishontirmoqchi bo‘lgan Ulug‘bek Pardayevning so‘zlari hayratimizni oshirgan bo‘lsa, qarzdorlik bilan bog‘liq masala o‘yga toldirdi. Suv minorasi qarzdorligi bilan bog‘liq muammo qachon hal bo‘ladi? Aybdor topilib, undan qarzlar undirilmaguncha, mahalla ahli loyqa suvdan «bahramand» bo‘lishda davom etaveradimi? Xullas, savollar bisyor, javoblar esa…

Nima bo‘lganda ham, muammo hal bo‘lishi shart. Uning yechimi esa mutasaddilarning tashabbusi va g‘ayratida. Umid qilamizki, mazkur murojaatlar yechimini Jizzax shahar hokimligi va tegishli mutasaddilar qisqa muddatda ijobiy hal etadi.

Kun.uz tahririyati bu mavzuga qaytadi.

Gulchehra Sharipova,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top