«Mahallamizda bir necha yillardan beri toza ichimlik suvi tanqis. Buloqdan haftada ikki marta borib katta idishlarda suv olib kelib ovqatga, choyga ishlatamiz. Bir necha bor tegishli idoralarga murojaat bilan chiqsak-da, ijobiy natija ko‘rmadik. Viloyat hokimligidan kelib, shahar hokimligiga topshiriq beradi, shahar vakillari yana allakimga... Xullas, vaqt o‘tib bormoqda. Kun davomida bor-yo‘g‘i sakkiz soat suv chiqadi, ammo uni ichimlik suvi deb ayta olmaymiz. Jo‘mrakni bursangiz toza suv o‘rniga loyqa suv oqadi, bu suv ichish tugul, kir yuvishga ham yaroqsiz... Tindirib qo‘ysangiz ham suv loyqaligicha qolaveradi.

Eng muhimi — suvdan qarzimiz yo‘q, o‘z-o‘zidan suvga to‘lovlar chiqib kelaveradi. Ijrochini izlab ovora bo‘lganimiz yetmagandek, yo‘q joydan chiqib kelayotgan qarzlarni yopolmay sarsonmiz. Jizzax shahar «Suvoqova» DUK korxonasiga borsang «u xonaga kiring», undan «bunisiga kiring», deya sarson qilishadi. Bizni ham kimdir eshitadimi?».

Bu — Jizzax shahridagi «Zilol» mahallasi, Ma'rifat ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan yo‘llangan murojaatning qisqacha mazmuni. Yugur-yugurlardan bezgan mahalla ahli ko‘p yillardan beri qiynab kelayotgan ichimlik suvi muammosi hal bo‘lishini istaydi. Ularga quloq tutamiz.

«Mana, ko‘ring, shu suvni ichib bo‘ladimi? Shu loyqa suvni laboratoriyadan kelib tekshirib ketishdi. Suvni «iste'molga yaroqsiz», deyishdi. Yaroqsiz bo‘lsa ham, ba'zi xonadonlar shu suvdan foydalanishadi. Nima qilishsin?! Alam qiladigani shuki, ichimlik suvdan qarzdorligim yo‘q. Kecha qo‘limga «280 ming so‘mga ichimlik suvidan qarzingiz bor», deb xat tashlab ketishdi. «Suvoqova»ga borsam sarson qilishdi. Kun kech bo‘ldi, ammo muammo hal bo‘lmadi. Bu haqda kimdir qiziqadimi?» — deydi Zuhra Eshonqulova.

«Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. «Suvoqova» korxonasi xodimlari tomonidan nazorat o‘ta past darajada. «Suvoqova» korxonasi faoliyati ustidan kim nazorat qiladi? Loyqa suv kelgani bois «Ariston» boylerlarimizning ichi balchiq bo‘lib qoladi. Alam qilgani — qarz qilib qo‘yishgani. Yig‘ilishlar bo‘ldi. Katta tashkilot-idoralar vakillari kelishdi. Muammo hal bo‘lmadi. Qo‘ynimizni puch yong‘oqqa to‘ldirib ketishdi. Endi hal bo‘lishiga ko‘zim yetmaydi. Portalga chiqdik, «Xalq qabulxonasi»ga bordik, mahalliy televideniyega ham murojaat qildik. Biz shahar «Suvoqova» korxonasi bilan shartnoma tuzganmiz, shartnomada kun davomida ichimlik suvi uzluksiz berilishi belgilab qo‘yilgan. Bizda sutka davomida 5 soat suv berishadi. Ko‘p xonadonlarda hisoblagichlar o‘rnatilmagan, ular ham 24 soatga pul to‘laydi», — deydi Dilorom Muhiddinova.