O‘zbekiston | 15:54 / 04.01.2019
15195
4 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi yangi yilni korrupsiyaga qarshi kurashdan boshladi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

So‘nggi ikki yil davomida mamlakatda barcha sohalarda korrupsiyaga qarshi keskin choralar ko‘rilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ham yuqoridagi illatga qarshi faol sa'y-harakatlar olib borilyapti. Bu borada targ‘ibot va tashviqot ishlari ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois tibbiyot xodimlari va aholi o‘rtasidagi keng tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida hududlarda uchrashuvlar tashkil etilmoqda, deb xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

Tibbiyot muassasalari, jumladan, tug‘ruq komplekslarida tamagirlik va korrupsiya holatlari chuqur o‘rganilib, tahlil etilgan holda tizimli choralar ko‘rib borilmoqda. Prezident qarori asosida davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining mehnatiga haq to‘lash miqdorlari 2018 yil 1 dekabrdan 1,2 baravar oshgan bo‘lsa, 2019 yil 1 apreldan 1,15 baravar oshiriladigan bo‘ldi. Bu boradagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, tibbiyot xodimlarining mehnatini munosib rag‘batlantirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Rivojlantirish va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi  tuzildi. 

Bundan tashqari, har bir shifokorning ishiga qarab baholash, muassasalarni davolanganlik holati bo‘yicha moliyalashtirish, audit va ichki tekshiruv tizimini yanada takomillashtirish, eng muhimi, jamoatchilik va deputatlarning tizimli nazorati yo‘lga qo‘yilmoqda. “Ishonch telefoni”, turli murojaat va shikoyatlar uchun “Fikr bildirish” qutisi, xodimlar va bemorlar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazish, videokuzatuv moslamalarini o‘rnatish kabi choralar ham ko‘rilmoqdaki, bu ham bo‘lsa sohadagi turli tamagirlik va korrupsiya holatlariga chek qo‘yilishiga xizmat qiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligida tomonidan tizimdagi tibbiyot muassasalari, jumladan, tug‘ruq komplekslaridagi vaziyatni nazorat qilib borish, korrupsiya va tamagirlik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik va oldini olish maqsadida ko‘plab vazifalar belgilab olindi. Shu asosda mamlakatimizdagi barcha tug‘ruq muassasalarida faoliyat olib borayotgan obro‘li va tajribali xodimlardan iborat “Ustozlar kengashi” guruhlari tuzildi.

Tug‘ruq komplekslaridagi bemorlar orasida esa anonim so‘rovnoma o‘tkazish borasida tashkillashtirilgan “Fikr bildirish” qutilarini o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Tug‘ruq muassasalarida chaqaloqlarni uyga kuzatuv xonalariga qo‘shimcha ravishda videokuzatuv moslamalari o‘rnatildi.

Shifoxonada pullik xizmat va servis xizmatidan foydalanuvchi bemorlar bilan to‘lov shartnomasi qonunda belgilangan tartibda amalga oshirilishi tashkil etildi. Shuningdek, ultratovush tekshiruvlarini pullik va bepul aholi qatlami uchun o‘rnatilgan tartibda alohida tashkil etish choralari ko‘rildi.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tgan yilda ham tamagirlik va korrupsiyaga qarshi jiddiy kurash olib borildi. Jumladan, tizimidagi onalik va bolalikni muhofaza qilish muassasalarida ijobiy  ma'naviy muhitni shakllantirish, tibbiy va xo‘jalik xizmati xodimlarini o‘rnatilgan mehnat tartibiga amal qilishiga erishish, statsionar xizmat sifatini yuksaltirish, tamagirlik va poraxo‘rlik holatlarining oldini olish maqsadida o‘tgan yil oktabr oyida Bosh prokuratura ishtirokida Toshkent shahrida joylashgan 17 ta tug‘ruq va ginekologik muassasalarida monitoring ishlari olib borildi. O‘rganish jarayonida aniqlangan qonun buzilish holatlari bo‘yicha 22 nafar tibbiyot xodimi lavozimidan ozod etilgan va intizomiy choralar qo‘llanilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid