O‘zbekiston | 14:13 / 05.01.2019
10111
5 daqiqa o‘qiladi

Adliya organlari 2018 yilda huquqni muhofaza qiluvchi organ deb belgilandi 

Foto: Fotolia

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi 2018 yilda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot berdi. 

Qayd etilishicha, adliya organlari faoliyatini takomillashtirish bilan bog‘liq 27 ta Prezident va Hukumat qarorlari qabul qilindi (2017 yil 10 ga yaqin, 2,7 baravarga oshdi).

Adliya organlari huquqni muhofaza qiluvchi organ deb belgilandi.

Vazirlik tizimida 4 ta yangi boshqarma, 1 ta muassasa, 14 ta yuridik kollejlar, 200 ta tuman (shahar) adliya bo‘limlari, Toshkent davlat yuridik universiteti huzurida Xalqaro standartlar bo‘yicha yuridik kadrlarni kasb-hunarga o‘qitish markazi, Adliya vazirligi huzurida Jamoatchilik kengashi tashkil etildi.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining “Ochiqlik indeksi” reytingida Adliya vazirligi 59 ta davlat organlari orasida 1-o‘rinni egalladi.

Adliya vazirligi tomonidan bevosita 230 dan ortiq qonun hujjatlari loyihalari ishlab chiqildi, ushbu ko‘rsatkich  o‘tgan yilga nisbatan 2 baravarga oshdi.

Shundan, muhim loyihalar:

– Norma ijodkorligi konsepsiyasi, qonun osti hujjatlarini kamaytirish, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarni qabul qilish;

– qonun hujjatlari loyihalarini davlat tilida taqdim qilish shartligi to‘g‘risida;

– notariat, advokatura va FHDYo organlari faoliyati takomillashtirildi;

– davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasi takomillashtirildi;

– nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatiga davlat organlarining aralashuvi kamaytirildi;

– mahallalardan ma'lumotnomalar so‘rashga chek qo‘yildi;

– qurilgan uy-joyni foydalanishga topshirish to‘g‘risidagi hokim qarorini chiqarishga bo‘lgan talab bekor qilindi, markazlar orqali 10 kunda qabul qilish tartibi o‘rnatildi (ilgari 6 oydan 8 oygacha cho‘zilardi);

– ko‘chmas mulkning olib qo‘yilishi sababli mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplanmasdan buzish qat'iy taqiqlandi.

1 850 ta qonun hujjatlari loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi.

Shuningdek, Toshkent shahrida mahalliy boshqaruvni tashkil etish ahvoli o‘rganildi, natijada Toshkent shahrida eksperiment tariqasida butunlay yangicha tartib joriy etildi va sinovdan o‘tkazilmoqda.

Qurilish vazirligi faoliyati o‘rganildi. 274 ta qurilish normalari va qoidalari eskirganligi aniqlandi. Bu sohada tegishli Prezident qarori qabul qilindi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlarini faoliyatini tartibga solish sohasi tahlil qilinib, ularga xos bo‘lmagan yoki boshqa davlat organlarining vazifalarini takrorlovchi funksiyalar bekor qilishga qaratilgan normativ hujjat loyihalari ishlab chiqildi.

Qishloq xo‘jaligi sohasiga taalluqli bo‘lmagan yer uchastkalariga xususiy mulk huquqini bosqichma-bosqich joriy etish mexanizmini nazarda tutuvchi normativ hujjat loyihasi ishlab chiqildi. 

Bozorlar faoliyati, obodonlashtirish, transport-logistika hamda nogironlikni belgilash sohasi, Avtoyo‘lqurilish qo‘mitasi va Intellektual mulk agentligi faoliyati tahlil qilinib, sohani rivojlantirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar va normativ hujjat loyihalari ishlab chiqildi. 

Bundan tashqari, 53 ta holatdagi hujjat nusxalarini notarial tasdiqlash talabi bekor qilinishi natijasida notarial harakatlar soni 5,9 mln tadan 4,2 mln taga, ya'ni 30%ga kamaydi.

Olib borilgan amaliy ishlar natijasida pullik xizmatlar summasi 
3 baravarga oshib 36 mlrd so‘mdan 90 mlrd so‘mga yetkazildi. Davlat boji summasi ham 106 mlrd so‘mga oshirildi. 

Qo‘shimcha 703 ta shtat (146 ta notarius) joriy etildi. Bu degani, har bir notariusga to‘g‘ri keladigan 42700 ta aholi soni 36400 taga, ya'ni 14 foizga kamaydi.  

Natijada notariuslar tomonidan harakatlarni joylarga chiqib, sayyor tartibda amalga oshirish 1,8 baravarga o‘sdi (2017 yil - 6,3 ming, 2018 yil - 17,4 ming).

Notarius lavozimlariga nomzodlarni tanlov jarayonini real vaqt rejimida audio va videotranslyatsiya qilish amaliyoti joriy qilindi. Ilk bor notariuslarining reytingi belgilab olindi. 

Endilikda, 1 yanvardan boshlab:

vasiyatnoma kabi notarial harakatlarni amalga oshirishda audio va videoyozish uskunalaridan foydalaniladi;

notarial idoraga murojaat qiluvchilarning shaxsini aniqlashda va notarial harakatlarni tasdiqlashda taraflarning barmoq izlarini olish yo‘li bilan amalga oshiradi (Bunday amaliyot hatto xorijiy davlatlarda ham mavjud emas);

uy-joyni ijaraga berish shartnomalarini notarial tasdiqlash talabi bekor qilindi;

notarial idoralarda yagona darcha tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 16 300 ta murojaatlarning 10 846 tasi belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, shundan 7 mingtasi (64 foizi) qanoatlantirildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid