Jahon | 00:58 / 07.01.2019
8246
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Isroil xavfsizligiga ishongach, Suriyadan ketadi – Oq uy

Foto: The U.S. Army

AQSh Prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha yordamchisi Jon Bolton Amerika kuchlarining Suriyadan chiqarilishi Isroil va mintaqadagi boshqa Vashington ittifoqchilari xavfsizligini ta'minlash bilan amalga oshirilishini bildirdi. U bu haqda Quddusdagi Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan birgalikda o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytgan.

«Biz prezidentning qo‘shinlarni [Suriyadan] olib chiqish qarorini yana muhokama qilamiz. Buni shunday amalga oshirish kerakki, bu tahdidni qayta tiklashning iloji yo‘qligiga ishonch hosil qilishimiz, Suriyaning shimoli-sharqiy qismida jangarilarning to‘liq mag‘lubiyatiga erishish lozim. Isroil va mintaqadagi do‘stlarimizni himoya qilish, shuningdek, biz bilan IShID va boshqa terroristik guruhlarga qarshi kurashganlarga g‘amxo‘rlik qilish kerak», –  degan Bolton. 

Uning nutqi yahudiy davlati boshlig‘i idorasi tomonidan Twitter'da e'lon qilindi.

«Prezident [Donald] Tramp bir necha marotaba Isroilning o‘z mudofaasini tashkil etish huquqi haqida gapirib, buni qo‘llab-quvvatlagan. Men mintaqada, undan boshqa istalgan hududda ham, biron bir xalq Isroilning o‘z mudofaasini qurishga shubha qilmasligini tavsiya qilardim. Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini qayta tiklashga haqqi bor», – deya davom etdi Oq uy rahbari yordamchisi.

7 yanvar kuni yahudiy davlati hukumatining haftalik yig‘ilishida Netanyahu, Trampning Suriyadagi Amerika qo‘shinlarini olib chiqish qarori asosida, Eronning mintaqadagi tajovuzini bartaraf etish, unga qarshi tura olish masalalarini Bolton bilan muzokara qilish niyatida ekanini ma'lum qildi.

2018 yil 19 dekabr kuni Tramp Suriyadan qo‘shinlarni olib chiqish to‘g‘risida qaror chiqargandi. U buni Suriyadagi IShID ustidan qozonilgan g‘alaba va terrorchilarga qarshi kurash AQSh qurolli kuchlarining yagona maqsadi bo‘lgani bilan izohladi. AQSh rasmiylarining ta'kidlashicha, qo‘shinlarni olib chiqish 60-100 kun davom etishi mumkin. Shu bilan birga, Pentagon IShIDga qarshi kampaniya tugamaganligi va AQSh IShIDni mag‘lub etish uchun hamkorlari va ittifoqchilari bilan ishlashni davom ettirishini ta'kidlagan.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid