Jahon | 00:44 / 08.01.2019
5608
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi davlatlari 49 muhojirni qabul qilish borasida kelisha olmayapti

Foto: Parlamentskaya gazeta

Yevropa Ittifoqi va Yevropa davlatlari hukumatlari O‘rta yer dengizida qutqarilgan 49 muhojirni qabul qilish bo‘yicha kelishuvga kela olmayapti. Shu sababli muhojirlar 2 haftadan ko‘proq vaqtdan beri nemis nohukumat tashkilotiga qarashli Sea Watch kemasi bortida qolishmoqda va portga kirishga ruxsatni kutishmoqda. Nohukumat tashkiloti tvitterda kemadagi odamlar salomatligiga putur yetishi mumkinligini qayd qilgan. 

“Kema bortidagi ko‘pchilik ovqatdan bosh tortmoqda, odamlarning ruhiy holati yomonlashmoqda. Bularning barchasi Yevropa sohillaridan bor-yo‘g‘i bir necha mil uzoqlikda yuz berayotganiga aql bovar qilmaydi”, deb aytilgan xabarda.

49 kishi, jumladan 10 ayol va bolalar portga kirishga ruxsatni kutib, 17 kundan beri Malta suvlarida qolmoqda. Malta muhojirlarni qabul qilishdan bosh tortmoqda. Rim ham nohukumat tashkilotlarining qutqarilgan muhojirlar bo‘lgan kemalari uchun o‘z portlarini yopgan. Yevrokomissiyada ta'kidlanishicha, muhojirlarni qabul qilish bo‘yicha turli davlatlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. 

Italiya o‘tgan yozdanoq dengizda qutqarilgan muhojirlarni qabul qilmay qo‘ygan. 

Hattoki Rim papasi Frantsisk Yevropa hukumatlariga muhojirlar masalasini tezroq hal qilish chaqirig‘i bilan yuzlangan.

Mavzuga oid