O‘zbekiston | 17:08 / 15.01.2019
9683
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yana bir tanlov o‘tkaziladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Milliy maqomlar asosida yaratilgan zamonaviy yo‘nalishdagi “Eng yaxshi sahna asarlari” respublika tanlovini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan belgilanishicha, kompozitorlar o‘rtasida milliy maqomlar asosida yaratilgan zamonaviy yo‘nalishdagi “Eng yaxshi sahna asarlari” respublika tanlovi 2019 yildan boshlab har ikki yilda bir marta o‘tkazilishi mumkin.

Tanlovning Nizomi tasdiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi (Sayfullayev), O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi (Abdullayev)ga:

tanlovni o‘tkazish bo‘yicha barcha tashkiliy va ijodiy ishlarni muvofiqlashtirish;

tanlov g‘oliblarini aniqlash maqsadida maqom san'ati ustalari va bilimdonlari (kompozitor, bastakor, musiqashunos, shoir va ijrochilar)dan iborat Respublika komissiyasini tuzish va tasdiqlash;

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan birgalikda tanlov sovrindorlariga beriladigan diplom, sertifikat va statuetka namunalarini ishlab chiqish va tasdiqlash;

tanlovni yuqori saviyada o‘tkazish uchun taniqli san'atkorlar, maqom ustalari, kompozitorlar, bastakorlar, malakali mutaxassislarni jalb etish vazifalari yuklatiladi.

Milliy maqomlar asosida yaratilgan zamonaviy yo‘nalishdagi “Eng yaxshi sahna asarlari” respublika tanlovining nizomiga ko‘ra, tanlov maqom yo‘llaridagi namunalardan foydalanib ijod  qilib kelayotgan kompozitorlar, ular tomonidan yaratilgan yangi asarlarni izlab topish, musiqa ijodkorlari va ijrochilar uchun keng imkoniyat yaratish, maqom san'atini yanada ommalashtirish va targ‘ib etish maqsadida respublika miqyosida o‘tkaziladi.

Tanlovda maqom yo‘llaridagi namunalardan foydalanib zamonaviy uslubda yaratilgan eng yaxshi kompozitorlik asari (simfoniya, konsert, kamer-cholg‘u, poema, oratoriya, syuita va boshqa) yirik yo‘nalishdagi sahna asarlari mualliflari ishtirok etadi.   

Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tashkiliy va ijodiy ishlar Madaniyat vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Tanlovning asosiy maqsad va vazifalari: zamonaviy kompozitorlik ijodiyotining maqom san'ati milliy an'analari asosida yanada rivojlantirish, ijro va ijod an'analari asosida qayta shakllantirish, zamonaviy kompozitorlik ijodiyoti an'analariga singdirish va o‘zbek kompozitorlari ijodida yirik janrlardagi milliy maqomlar asosida zamonaviy sahna asarlari namunalarini yaratish, ushbu yo‘nalishida ijod qilib kelayotgan kompozitorlarni kashf etish.

Shuningdek:

milliy maqomlar asosida ijod qilib kelayotgan kompozitorlar uchun ijodiy muhit yaratish;

milliy maqomlar asosida yirik musiqiy janrlarda yangi asarlar yaratish jarayonlariga san'atkorlar va sohaning yetuk mutaxassislarini jalb etish;

kompozitorlar ijodida maqomlar asosida yaratilgan asarlar ko‘lamini yanada kengaytirish;

milliy yo‘nalishda ijod etadigan maqom san'atini tafakkurida qo‘llay oladigan kompozitorlarni izlab topish va rag‘batlantirish.
 
Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan hamkorlikda maqomlar asosida musiqa ijodiyotining yirik janrlarida zamonaviy asarlar yaratib kelayotgan kompozitorlar o‘rtasida har ikki yilda bir marta respublika miqyosida o‘tkaziladi.

Tanlovda maqomlar asosida musiqa ijodiyotining yirik janrlarida zamonaviy asarlar yaratib kelayotgan kompozitorlar maqomlar asosida yaratgan asarlari  bilan ishtirok etish huquqiga ega.

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan nomzodlar tomonidan tanlov o‘tadigan yilning 15 noyabriga qadar O‘zbek milliy maqom san'ati markaziga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

yaratgan asari (asar matni va nota materiali) ikki nusxada;

asarning ijro etilgan (magnit tasmasi yoki mini, CD diskka yozilgan) namunasi;

nomzodning 10 x 15 o‘lchovdagi uchta rangli fotosurati;

nomzodning tanlovda ishtirok etishi bo‘yicha arizasi;

nomzodning pasport nusxasi;

nomzodning ma'lumotnomasi.

Belgilangan muddatdan kechikkan hollarda hujjatlar qabul qilinmaydi;

Hujjatlar elektron shaklda ham qabul qilinadi.

Hududlardan kelgan tanlov ishtirokchilarining Toshkent shahriga kelib-ketishi bilan bog‘liq barcha xarajatlar (yo‘l, mehmonxona, ovqatlanish, transport) o‘z hisobidan qoplanadi.

Tanlovda ishtirok etish uchun taklif etilgan asarlarni baholash maqsadida taniqli san'atkorlar, maqom ustalari, kompozitorlar, bastakorlar, malakali mutaxassislardan tashkil topgan respublika komissiyasi tomonidan o‘rganiladi va g‘olib asarlar aniqlanadi.

Tanlov g‘oliblarini taqdirlash Madaniyat vazirligi tomonidan tanlov bo‘lib o‘tgan yil dekabr oyining ikkinchi yarmida o‘tkaziladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid