Jamiyat | 18:22 / 18.01.2019
135574
9 daqiqa o‘qiladi

2018 yilda o‘zbekistonliklar eng ko‘p mutolaa qilgan kitoblar o‘nligi

Har bir yil o‘z yakuniga yetar ekan mutaxassislar, OAV xodimlari uni turli yo‘nalishlarda tahlil qilishadi.

Kun.uz internet sayti ham 2018 yilda yurtdoshlarimiz tomonidan eng ko‘p mutolaa qilingan va ularning nazdida yilning «eng yaxshi kitobi»ni aniqlash maqsadida «2018 yil: Kim nima o‘qidi?» mavzusida so‘rovnoma o‘tkazdi.

So‘rovnomani nafaqat internet sayt va ijtimoiy tarmoqlar, balki ta'lim muassasalarida, ko‘cha va xiyobonlarda ham tashkil etdik.

Video: Mover

Video: Youtube

So‘rovnomada ishtirok etganlar tomonidan jami 1200 dan ortiq nomdagi va turli janrdagi asarlar qayd etildi.

Xullas, biz ovoz berish natijalariga ko‘ra «yilning eng yaxshi kitobi» deya hisoblangan adabiyotlarning top 10 ligini aniqladik. Marhamat ular bilan tanishing!

10-o‘rin. «Yulduzli tunlar»

 

Mahoratli yozuvchi Pirimqul Qodirovning ushbu asari reytingimizda eng ko‘p ovoz yig‘gan asarlardan biri bo‘ldi. U hamon sevib o‘qilmoqda.

Roman o‘zbek adabiyotining eng sara tarixiy asarlari sirasiga kiradi. Unda Movarounnahrdek ulkan saltanatning parchalanib ketishi, temuriylar sulolasining inqirozi, hokimiyatga erishish ilinjida taxt talashib, bir-birlariga qilich ko‘targan og‘a-ini, tog‘a-jiyanlarning fojiaviy qismati aks ettirilgan.

9-o‘rin. «Shamol ortidan yugurib»

Mazkur asar muallifi Holid Husayniy 1965 yil Kobulda afg‘on diplomati oilasida tug‘ilgan. 1980 yil yozuvchi oilasi bilan AQShga ko‘chib boradi. «Shamol ortidan yugurib» uning ilk romani hisoblanadi. Asar AQShda yangi asrning besseller asariga aylanadi. Mazkur asar dunyoning qirqdan ortiq tillarida 10 million nusxada nashr qilingan.

8-o‘rin. «Telba»

Rus adibi Fyodr Dostoyevskiy qalamiga mansub «Telba» romanini turli millatga mansub minglab, millionlab kitobxonlar sevib mutolaa qiladilar.

Romanning yozilganiga yuz ellik yilga yaqin vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, undagi qalbni poklashga bo‘lgan da'vat, tuyg‘ularni e'zozlash, har qanday sharoitda ham o‘zligini yo‘qotmasdan yashash kerakligi haqidagi ta'kidlar, fikrlar kitobni mutolaa qilgan har bir o‘quvchi uchun yangilik bo‘lib qolaveradi.

7-o‘rin. «Afg‘on shamoli»

Isoqjon Nishonov muallifligidagi ushbu asar kitobxonlarimiz tomonidan berilgan ovozlar soniga ko‘ra reytingimizning 7-o‘rnini egalladi.

Asarda jangarilar safida yurib O‘zbekistonda o‘z hokimiyatini o‘rnatish maqsadida bo‘lgan razil kimsalarning topshiriqlarini itoatkorlik bilan bajarib kelgan Fafur ismli yigitning atrofda kechgan voqeliklardan qilgan xulosasi tufayli yuragida yorug‘lik paydo bo‘lishi va vatan xizmatiga kirishi bayon qilingan.

6-o‘rin. «Alkimyogar»

Insonning Yerdagi umri mobaynida amalga oshiradigan ishlari nimalardan iborat? O‘z Taqdiri yo‘lidan borib, ko‘ngliga tuggan orzu-umidlarini amalga oshirishi uchun insonga eng zarur narsa nima?.. «Alkimyogar» romani mana shunday ko‘lamli, mazmunan falsafiy, mohiyatan esa oddiy insoniy muammo haqida. Asar muallifi — hozirgi zamonning mashhur yozuvchisi braziliyalik Paulo Koelo.

5-o‘rin. «Shaytanat»

Qahramonlarning shaxsiyati va ularning turmush tarzi, xarakter xususiyati, ijtimoiy turmush tarzi bilan bog‘liq keskin va shu bilan bir qatorda kitobxonlar uchun qiziqarli bo‘lgan voqeliklar rivoji o‘tkir syujyetli «Shaytanat» asarining asosini tashkil etadi. Asar muallifi taniqli o‘zbek yozuvchisi Tohir Malik.

4-o‘rin. «Baxtiyor oila»

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning «Baxtiyor oila» nomli kitobi bugun o‘zbek kitobxonlari orasida eng ko‘p o‘qilayotgan asarlardan biri hisoblanadi. Kitob yillar davomida ko‘p ming nusxada bir necha bora qayta nashr etilayotganiga qaramay, bugun ushbu asarni kitob do‘konlaridan topolmaysiz.

Kitob mutolaasi orqali haqiqiy baxtiyor oila qanday bo‘lishi kerak degan savolga javob topasiz.

3-o‘rin. «Saodat asri qissalari»

– Ahmad Lutfi Qozonchining «Saodat asri qissalari» kitobining bu darajada ommalashgani, o‘quvchilar tomonidan juda ko‘p mutolaa qilinayotganligini eshitib shaxsan men hayratlanmadim. Sababi, Payg‘ambarimiz hayotlarini o‘rganish insonga faqat ma'rifat beradi, qalbni yuksaltiradi.

Aslida, bizda siyrat haqida asarlar juda oz. Mashhur turk yozuvchisi, olimi Ahmad Lutfi Qozonchining ushbu asari ham Payg‘ambarimiz siyrati, hayoti haqidagi eng ishonchli manbaalar asosida yozilgan asar hisoblanadi.

Kitobning o‘tkazilgan so‘rovnomada eng yuqori o‘rinlardan birini egallagani yurtdoshlarimiz ichida dinni o‘rganishga, Payg‘ambar alayhisalomning siyratini, u kishi olib kelgan ulug‘ ta'limotni o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj yuqori ekanligini ko‘rsatadi. Zero, biz Payg‘ambar alayhisalomni yaxshi tanimasak, dinimizni yaxshi tanimaymiz, dinimizni yaxshi tanimasak o‘zligimizni yaxshi tanimaymiz, agar o‘zligimizni yaxshi tanimasak komil inson bo‘lolmaymiz, – dedi shoir Alisher Nazar.

Alisher Nazar, shoir.

2-o‘rin. «Ufq»

Yozuvchi Isajon Sulton asar haqida fikr bildirar ekan, shunday deydi:
– Said Ahmadning «Ufq» romani o‘zbek xalqining urush yillaridagi hayoti, vatan, millat, jamiyat, oila haqidagi o‘ylari xalqning to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zidan olib ko‘rsatib berilgani bilan qadrli hisoblanadi. Asarni mutolaa qilganlar yaxshi biladiki, uning voqealari Ikkinchi jahon urushi va undan keyingi davrlarda kechadi. Xo‘sh, o‘sha paytda o‘zbek xalqi urushni qanday qabul qildi? Bir tomondan Sovetlar ittifoqi urush bizning g‘alabamiz bilan tugadi, deb jar soldi, bir tomondan esa o‘zbek xalqi urushni to‘g‘ridan-to‘g‘ri meni oilam, tuproqlarim va vatanimga bo‘lgan xavf deb tushundi. Ya'ni o‘zini butun boshli imperiya a'zosi sifatida ko‘rmadi. Asarda XX asr 40-50 yillaridagi ana shunday voqealar, o‘zbek kishilarning qalb, ruhiy qiyofasi ko‘rsatib beriladi.

Isajon Sulton, yozuvchi

1-o‘rin. «Ikki eshik orasi»
 

«Ikki eshik orasi» ulug‘ o‘zbek adibi O‘tkir Hoshimovning ikkinchi asari, – deydi yozuvchi Qo‘chqor Norqobil. – Xo‘sh, asar nima sababdan yillar o‘tsa-da kitobxonlar tomonidan sevib mutolaa qilinadi? Buning sababi, O‘tkir Hoshimov «Ikki eshik orasi»ni insoniylik, yozuvchilik prinsiplariga sodiq qolgan holda yozib, unda xalqning milliy mentaliteti, o‘zbek xalqini bu dunyoda ushlab turgan odamiylik tuyg‘usini juda chiroyli talqinda ko‘rsatib bera olgani deb o‘ylayman.
Ushbu romanni o‘qigan kitobxon insonni ulug‘lashni, birovni bekorga haqoratlash mumkin emasligi va eng muhimi, bu foniy dunyoda umrimiz bir eshikdan kirib, ikkinchi eshikdan chiqqunchalik ekanligini hamda besh kunlik dunyoning mohiyatini o‘rganasiz».

Qo‘chqor Norqobil, yozuvchi

Saytimizning qadrli o‘quvchilari, mutolaaga bo‘lgan e'tiboringiz uchun rahmat. Ushbu yilda ham kitob sizning eng yaqin do‘stingiz bo‘lib qolsin! 

Ilyos Safarov,
Kun.uz muxbiri                                                                                   

Mavzuga oid