Light | 17:59 / 18.01.2019
63708
4 daqiqa o‘qiladi

Sayyoramizning shimoliy masjidi. Uning O‘zbekistonga qanday aloqasi bor?

Rossiyaning shimoliy va madaniy poytaxti –​ Sankt-Peterburgning Kronverk prospektida, Primorskiy metro bekati yaqinida moviy gumbazlari va minoralari ko‘kka qadalgan sharqona me'moriy obidani ko‘rgan har bir o‘zbekistonlik mehmon beixtiyor hayratga tushadi. Samarqand-u, Buxorodagi singari tarixiy obidalarni yodga soluvchi bu inshoot qachon va nima maqsadda qurilgan? Uni kim qurgan? Nega u aynan bizning qadim shaharlarimizdagi imoratlarni yodga soladi?

Foto: LiveJournal

Bu o‘xshashlik bejiz emas

Bu sharqona uslubdagi go‘zal bino 2008 yilgacha Sankt-Peterburgdagi yagona,dunyoning eng shimoliy nuqtadagi masjidi, deb qaralgan. Uning moviy gumbazi va minoralari Neva daryosi sohilidan ham bemalol ko‘rinib turadi. Yanada hayratlanarlisi, bu gumbaz Samarqanddagi Amir Temur maqbarasining gumbazi bilan deyarli bir xil. Bu o‘xshashlik ham bejiz emas, deb yozadi Rustam Jabborov «Darakchi» gazetasida e'lon qilingan maqolasida.​

Ma'lumki, XIX asrning oxirlariga kelib, shaharda musulmonlar soni ancha ortgan bo‘lsa-da, u yerda birorta masjid bo‘lmagan. Shu bois Sankt-Peterburg musulmonlari masjid qurish uchun mablag‘ to‘plashga kirishadi. Biroq shahardagi ayrim mahalliy amaldorlar bu ishga jiddiy qarshilik ko‘rsatishadi. Zarur mablag‘ tezlikda yig‘ilavermaydi To‘plangan pul hatto masjid qurilishi uchun yer sotib olishga ham yetmaydi.

Foto: Getty Images

Ana shunday paytda, Peterburg bilan yaqin aloqalar o‘rnatishga urinib kelgan Buxoro amiri Sayid Abdulahadxon (1859-1910) bundan xabar topadi va o‘z xazinasidan masjid qurilishi uchun yer sotib olishga katta miqdorda mablag‘ ajratadi. Shu tariqa mazkur masjid qurilishi boshlanadi. 1910 yil 3 fevral kuni shaxsan amir Abdulahadxon ishtirokida masjidning birinchi g‘ishti qo‘yiladi. Ammo masjid ishga tushirilgan kunni ko‘rish amirga nasib etmaydi. U 1910 yilning 26 noyabrida olamdan o‘tadi.

Biroq masjid qurilishi to‘xtamaydi. 1913 yilning 22 fevralida masjid tantanali ochiladi. Unda otasining o‘rniga taxtga o‘tirgan hukmdor, Buxoroning so‘nggi amiri Said Olimxon bilan birga Xiva xoni Asfandiyorxon ham ishtirok etgan. Qizig‘i shundaki, bugungi mamlakatimiz hududidan joy olgan ikki qo‘shni davlat hukmdorlari faqat ana shu voqea munosabati bilan aynan Sankt-Peterburgda uchrashishgan ekan.

Foto: LiveJournal

«Men bu shaharni ko‘rganim yo‘q»​

Masjid o‘zining bir asrdan ko‘proq tarixi davomida ko‘plab noxush voqealarni boshdan kechirdi. Sovet davrining dahriyona siyosati hukm surgan yillarda shahar ijroiya hokimiyati qarori bilan masjid yopib qo‘yiladi.

O‘tgan asrning 60-yillarida Indoneziya Prezidenti doktor Ahmad Sukarno Sankt-Peterburgga qilgan tashrifi asnosida yaqin atrofdagi yo‘ldan ketayotib, masjid gumbazi va minoralarini ko‘rib qoladi. 

«Bu yerda masjid ko‘rdim, meni o‘sha yerga olib boringlar»​, – ​deb iltimos qiladi. Ammo sovet rasmiylari oliy martabali mehmonni bu qutlug‘ dargohga olib borishmaydi. Bundan ranjigan mehmon faqat eng zarur uchrashuvlarnigina o‘tkazib, darhol Moskvaga qaytadi. «Sizga Leningrad yoqdimi?», –​ deb so‘rashganida, «Men bu shaharni ko‘rganim yo‘q», –​deya mujmal javob qaytarib, vataniga qaytib ketgan.

Foto: LiveJournal

Shahar musulmonlarining qayta-qayta murojaatlaridan so‘ng 1974 yilda masjid ularga qaytarib beriladi. Jome' masjidi o‘tgan davr mobaynida bir necha bor ta'mirlanadi. Bugungi kunda bu inshoot Sankt-Peterburgning noyob tarixiy obidalaridan biri sifatida davlat himoyasiga olingan.

Mavzuga oid