Jahon | 14:58 / 18.01.2019
74218
7 daqiqa o‘qiladi

Tarixdagi eng uzoq davom etgan urushlar

“Insoniyat tarixi urushlar tarixidan iborat”, degan edi o‘z asarlarida atoqli adibimiz O‘tkir Hoshimov. Tarixda yer yuzasida mutlaq tinchlik hukm surgan biror yil kuzatilmagan, doim qayerdadir kimdir kimgadir qarshi qurol o‘qtalib turgan. Ammo o‘nlab yillar, hatto asrlab davom etgan qirg‘inbarot urushlar ham borki, ularning davomiyligi kishini chuqur o‘yga toldiradi.

7. Vetnam urushi (18 yil)

Yigirmanchi asr ikkinchi yarmining eng qirg‘inbarot urushlaridan biri 1957 yildan 1975 yilgacha davom etgan. Dastlab partizanlar urushi tarzida kechayotgan bu janglarga 1965 yilda AQSh ham qo‘shildi va Osiyoning kichik hududi haqiqiy alanga ostida qoldi. Rasman Shimoliy va Janubiy Vetnam o‘rtasidagi urush tabiiyki dunyoning ikki tuzumi to‘qnashuviga aylandi. Shimol boshqaruviga kommunistlarning kelishi turtki bo‘lgan bu urush natijasida AQSh 58 ming askarini yo‘qotdi va ularning 35 mingdan ortig‘i 21 yoshga ham kirmagan yigitlar edi. Keyinchalik urushdan qaytgan askarlarning 150 mingdan ortig‘i o‘z joniga qasd qildi va bu kampaniya AQSh tarixining qonli satrlari sifatida bitildi.

Vetnamning yo‘qotishlari yanada dahshatli edi: 1 mln.dan ortiq askar va 2 mln.dan ortiq tinch aholi. Bundan tashqari ommaviy qirg‘in qurollari ishlatilishi natijasida 83 ming kishi amputant, 30 ming kishi ko‘zi ojiz, 10 mingdan ortiqrog‘i kar bo‘lib qoldi. Keyingi avlodda ham genetik mutatsiyalar kuzatildi.

Bu harbiy harakatlar keyinchalik insoniyatga qarshi jinoyat sifatida malakalandi.

6. Peloponess urushi (27 yil)

Aslida bu nom ostida ikki yirik urush bo‘lib o‘tgan. Birinchisi – Kichik Peloponess urushi (m.a. 460-445 yillar). Ikkinchisi – Katta Peloponess urushi (m.a. 431-404 yillar).

Aynan ikkinchi Peloponess urushi qadimiy Ellada (Gretsiya) tarixidagi eng yirik urush sifatida tarixga kirdi. Asosan Afina va Sparta ziddiyatiga asoslangan bu janglarga juda ko‘p davlatlar, xususan forslar ham qo‘shilib ketishdi. Qurbonlar aniq hisoblanmagan. Janglar Afinaning mag‘lubiyati va Sparta ittifoqiga qo‘shilib ketishi bilan yakunlangan.

5. Oq va alvon atirgullar urushi (33 yil)

Angliyadagi ikki yirik sulola zodagonlari Plantagenet-Lankasterlar va Yorklar o‘rtasidagi bu urush 1455 -1485 yillar oralig‘ida bo‘lib o‘tgan. Qirol Genrix IVning aqli noqis, mamlakatni boshqarayotgan qirolicha esa o‘zining xushtorlari bilan davlatni xarob ahvolga olib kelib qo‘ygandi. Feodallar o‘rtasidagi uzoq va besamar bu urush Angliyani bir necha asr ortga surib tashladi. O‘zini muxolifatchi hisoblagan gersog Richard Yorklik Lankasterlarga qarshi kurashda halok bo‘ladi. Yuzlab zodagonlarning boshiga yetgan urushda deyarli hech kim g‘olib bo‘lmadi, bil'aks paytdan foydalangan Tyudorlar sulolasi taxtni egalladi va keyingi 117 yil davomida davlatni boshqardi.

4. Gvatemala urushi (36 yil)

1960 yildan 1996 yilga qadar davom etgan bu fuqarolik urushiga ham “kommunizmga qarshi kurash” maqomi berilgan. Dastlabki yillarda yiliga 6-7 ming kishining yostig‘ini quritayotgan bu urush 80-yillarga kelib keskin kuchayib ketdi va bir yil ichida 669 ta qirg‘in kuzatildi. Bu to‘qnashuvlarda bir yilning o‘zida 200 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi (ularning 165 mingi mayya hindulari edi), 150 mingdan ortiq odam bedarak yo‘qoldi.

3. Yunon-fors urushlari (50 yil)

Bu urushlar ayrim sokinliklar davri bilan miloddan avvalgi 499-449 yillarga qadar davom etgan. Yunonlar uchun bu urushlar mustaqillik uchun muqaddas urush hisoblangan bo‘lsa, Ahamoniylar uchun yangi yerlarni zabt etish uchun kechadi. Urush yakunlariga ko‘ra forslar Egey dengizi nazoratini yo‘qotadilar, Kichik Osiyo shaharlari ozodligini tan olishga majbur bo‘ladilar. Yunonlar esa taraqqiyot sari qadam qo‘ydilar, o‘yg‘onish davri boshlanadi.

2. 100 yillik urush (116 yil)

To‘rt bosqichda kechgan bu urushdagi eng uzoq davom etgan yarashuv davri 10 yil davom etgan, shuningdek o‘latga qarshi kurash davrida ham urush to‘xtab turgan. Asosiy raqobatchilar Angliya va Fransiyaning har biri hududdagi ta'sir doirasini kuchaytirishga urinardi.

Angliyaga Flandriyadagi german feodallari ittifoqchilik qilishdi, Fransiyaga esa Angliyaga qarshi tish qayrab yurgan Shotlandiya va Rim papasi ko‘mak berdilar. Angliya kuchlari qirol boshqaruvidagi ritsarlar, kamonchilar va yollanma jangchilardan iborat bo‘lsa, fransuzlar qirolning vassallari boshqaruvidagi ritsarlar edilar.

Bir tekis va besamar ketayotgan urush 1431 yilda Janna d’Arkning o‘ldirilishidan keyin keskinlashib ketdi. Fransiyada partizanlar otryadlari ko‘paydi. 1453 yilda inglizlar Bordoda tor-mor etildilar va ko‘hna qit'adagi barcha yerlaridan (Kale portidan tashqari) mahrum bo‘ldilar. Fransiya armiyasi esa ritsarlardan voz kechdi, piyodalar va o‘qotar qurollarga e'tibor qaratdi.

1. Rim-Karfagen urushi (118 yil)

Miloddan avvalgi III asrga kelib rimliklar butun Italiyani o‘zlariga bo‘ysundirib oldilar va boy orol – Sitsiliyaga ko‘z tika boshladilar. Ammo bu orolni yana bir qudratli davlat – Karfagen ham zabt etishni mo‘ljallagandi.

Bu ikki davlatlar o‘rtasidagi 118 yillik urush 3 ta yirik bosqich va ma'lum yillar sokinlik bilan kechdi va m.a. 264 yildan 146 yilgacha davom etdi. Aynan oxirgi urush – 3 yil davom etgan qirg‘in nihoyatda shiddatli kechdi. Unda rimliklar “Karfagen vayron qilinishi shart!” degan shior ostida jangga kirdilar. Oxir oqibat Rimning qo‘li baland keldi, Karfagen degan davlat butunlay xaritadan o‘chirib tashlandi.

Shuningdek, tarixda deyarli 300 yil kechgan hindular va ispanlar urushi, 700 yildan ortiq davom etgan rim-fors urushi kabi urushlar ham bor. Ammo ular asosan kichik to‘qnashuv xarakterida kechishi, aniq hisob-kitoblar olib borilmaganligi, rasman urush bo‘lmayotgan bo‘lsa-da, tinchlik shartnomalari imzolanmagani tufayli ziddiyat saqlanib qolaverganligi tufayli bu ro‘yxatga kirmagan.

Abror Zohidov tayyorladi.

Mavzuga oid