Sport | 23:23 / 21.01.2019
22403
4 daqiqa o‘qiladi

Grehem Arnold: «O‘zbekiston men kutganimdan ko‘ra ko‘proq vaqtini himoyada o‘tkazdi»

Foto: KUN.UZ

Avstraliya terma jamoasi bosh murabbiyi Grehem Arnold Osiyo Kubogi nimchorak finalida O‘zbekistonga qarshi kechgan o‘yindan so‘ng matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob qaytardi.

«Qiyin uchrashuvni o‘tkazdik. O‘zbekistonning himoya chizig‘i ancha mustahkam o‘ynadi. Yorib kirish uchun ancha mehnat qilishimizga to‘g‘ri keldi. Xavfli vaziyatlarga yakuniy zarba bilan nuqta qo‘yishda qiyinchilikka duch keldik. Jamoam musobaqada to‘p uzatishlar soni bo‘yicha eng yaxshi natijalardan birini qayd etmoqda. Biz 930ta pas uzatdik. Bu nafaqat to‘pga egalik qilish, balki vaziyatlardan foydalanishni ham taqozo qiladi. Shunday ekan, bugungi o‘yindan to‘g‘ri xulosalar chiqarishimiz kerak.

Metyu Rayan penaltini qaytara olmagan vaziyat? U to‘pga katta shijoat bilan yaqinlashgan edi. U 120 daqiqa davomida juda yaxshi o‘ynadi. Penaltini ura olmaganiga istisno tariqasida qarayman. Maklaren, Ikonomidis va Mabi kabi yosh futbolchilarimiz ham yaxshi o‘yin o‘tkazishdi. Penaltilar seriyasi ham ular uchun tajriba bo‘ldi. Men jamoamdagi yigitlar bilan faxrlanaman.

Ochig‘ini aytganda, qo‘shimcha bo‘limlarni katta xavotir bilan kuzatdim. Chunki bundan avvalgi 90 daqiqalik o‘yin oson kechmagan edi. Darvozabonimiz juda yaxshi seyvni amalga oshirdi

O‘zbekiston men guruh bosqichida ro‘baro kelgan raqiblardan kuchliroq edimi? Bu jamoa tarkibida individual kuchli futbolchilar yetarlicha. Ular men kutganimdan biroz boshqacharoq o‘yin ko‘rsatishdi. Jamoa Yaponiya bilan o‘yinda ko‘proq hujumlar  uyushtirgandi. Bugun ularning himoyasidan o‘tishimiz qiyin kechdi, chunki butun o‘yin davomida o‘z jarima maydonlari atrofida o‘ynashdi. Shu jihatdan ham men kutganimdan boshqacharoq o‘ynashdi.

Keyingi o‘yin haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, bitta yaxshi tomoni – uni ham Al-Aynda o‘tkazamiz, boshqa joyga yo‘lga chiqishimiz shart emas. 120 daqiqalik o‘yindan keyin tiklanib olish e'tiborimiz markazida bo‘ladi. Penaltilar seriyasidagi omad futbolchilarga yanada ishonch bag‘ishlaydi.

O‘yinni biz nazorat qildik, deb hisoblayman. Raqibimiz uch kun oldin o‘yin o‘tkazgandi, bugun yana 120 daqiqa o‘ynadi. Bu faktor ham ahamiyat kasb etdi. Darvozamiz daxlsizligini saqlab qolganimizni ijobiy baholayman. Mashg‘ulotlar vaqtida penaltilar seriyasiga ham tayyorgarlik ko‘rganimiz rost», – deya Grehem Arnoldning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avstraliya terma jamoasi chorak finalda BAA–Qirg‘iziston juftligi g‘olibiga to‘qnash keladi. «Sokkeruz» yarim final yo‘lidagi bahsini 25 yanvar, juma kuni Al-Ayndagi «Hazza bin Zayd» stadionida o‘tkazadi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid