O‘zbekiston | 15:10 / 23.01.2019
37351
6 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev germaniyalik ishbilarmonlar bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Myunxen shahrida Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.  
    
Unda «Siemens», «Thyssenkrupp», «Volkswagen», «Knauf», «Claas», «MAN», «Deutsche Bahn», «Linde Group», «Falk Porcshe Technik», «Atlas International», «Tenova», «Giesecke & Devrient», «Papenburg», «Euler Hermes», «Deutsche Bank», «Commerzbank» kabi Yevropa va jahon bozorining yetakchi kompaniyalari, moliyaviy tuzilmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda bugungi kunda O‘zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan qat'iy yangilanish va islohotlar, ayniqsa, iqtisodiyotning erkinlashtirilayotgani mamlakatimizning izchil rivojlanishi va aholi farovonligining yuksalishi uchun shart-sharoit yaratayotgani ta'kidlandi.

Germaniya dunyoning rivojlangan mamlakatlari qatorida bo‘lib, ulkan savdo-iqtisodiy resurslar, keng investitsion salohiyat va ilg‘or texnologik ishlanmalarga ega davlat hisoblanadi. O‘zbekistonning boy tabiiy resurslari, yuqori darajadagi inson kapitali, uning tarmoqlangan infratuzilmasi, qulay investitsiya muhiti Germaniya bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga jiddiy asos yaratmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyodagi eng qulay geosiyosiy joylashuviga ko‘ra, balki ijtimoiy-siyosiy va makroiqtisodiy barqarorligi bilan ham ajralib turadi. Shuningdek, germaniyalik hamkorlar O‘zbekistonning iqtisodiyot tarmoqlarini texnik va texnologik jihatdan modernizatsiyalash va diversifikatsiyalashga yo‘naltirilgan puxta o‘ylangan siyosiy intilishini yuqori baholaydi.

Mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun qulay imkoniyatlar yaratilayotgan alohida qayd etildi. Ularning faoliyatini rag‘batlantirish va himoya qilish uchun zarur normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Biznes rivoji yo‘lidagi to‘siqlar bartaraf etildi, tashqi savdo va bojxona-tarif nazorati sezilarli qisqartirildi.

Xorijiy investorlar bilan bevosita muloqot qilish maqsadida, amalga oshirilayotgan islohotlarni maslahat va ekspertlik jihatidan qo‘llab-quvvatlash, dolzarb masalalar, jumladan, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ekspert kengashini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari uchrashuv ishtirokchilarini ushbu kengash faoliyatida faol ishtirok etishga taklif qildi.

Samarali savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlashda Germaniya iqtisodiyoti sharqiy qo‘mitasi muhim o‘rin egallashi ta'kidlandi.

Tashkil etilayotgan Investitsiya va texnologiyalar qo‘mitasi o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikning yangi mexanizmiga aylanishi lozimligi qayd etildi.

Germaniya ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholab, valuta va soliq tizimlarining liberallashuvi, viza olish tartibi soddalashtirilgani, jumladan, 30 kungacha muddatga vizasiz tartib joriy etilgani O‘zbekistonda muvaffaqiyatli biznes yuritish uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratganini ta'kidladi.

14 yanvar kuni Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan biznes-forumda qiymati 8 milliard yevrodan ziyod shartnoma va kelishuvlar imzolangani buning dalilidir.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Germaniya moliyaviy tashkilotlari, firma va kompaniyalari o‘rtasidagi sheriklikni yanada rivojlantirish, investitsiya-texnologik hamkorlikni kengaytirish hamda kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasida Germaniya investorlari ishtirokida tashkil etilgan 110dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda, ulardan 30ga yaqini to‘liq Germaniya kapitali evaziga tashkil etilgan.

Suhbat chog‘ida mazkur tashrif ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarga yangi mazmun bag‘ishlashiga ishonch bildirildi.

Germaniya O‘zbekistonning strategik muhim infratuzilmasini takomillashtirishda ham faol ishtirok etmoqda. Shu o‘rinda Toshkent shahridagi xalqaro aeroportni rekonstruksiya va modernizatsiya qilish bo‘yicha umumiy qiymati 50 million yevro miqdoridagi yirik loyihani alohida aytib o‘tish joiz. Germaniya «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasi, uning qulay imkoniyatlariga ham katta qiziqish bilan qaramoqda.

Mamlakatimizda Germaniyaning mashhur sanoat gigantlari – «MAN», «Claas», «Knauf» va boshqa kompaniyalar bilan hamkorlikda tashkil etilgan ishlab chiqarish korxonalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Avtomobilsozlik sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanmoqda. AQShning yengil avtomobillar ishlab chiqaruvchi «General Motors» hamda Yaponiyaning kichik avtobuslar chiqaruvchi «ISUZU» kompaniyasi qatori mamlakatimizda Germaniya avtogigantlaridan biri bo‘lgan «MAN AG» kompaniyasi bilan hamkorlikda yuk avtomobillari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani fikrimizning yorqin dalilidir.

– Biz bu hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdormiz, – dedi davlatimiz rahbari. – O‘zaro ishonchga asoslangan istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.

Muloqotda O‘zbekiston va Germaniya moliya muassasalari, firma va kompaniyalari o‘rtasida aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro mahsulot yetkazib berish va xizmat ko‘rsatish hajmini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Mavzuga oid