Jahon | 00:56 / 25.01.2019
16049
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik milliarder Nyu-Yorkdagi pentxausni rekord narxga sotib oldi

Amerikalik milliarder va Citadel xej-fondi asoschisi Kennet Griffin Nyu-Yorkdagi hashamatli pentxausni 238 mln dollarga sotib oldi. Bu narx AQShda uy-joy sotib olish bo‘yicha rekord narx va dunyodagi eng katta narxlardan biri bo‘ldi. 

AQShdagi avvalgi rekord xej-fondlar menejyeri Barri Rozenshteyn 2014 yilda Nyu-York yaqinida 137 mln dollarga uy sotib olganda o‘rnatilgan. Bu boradagi jahon rekordi haqida gapiriladigan bo‘lsa, Hongkongda 2017 yilda 361 mln dollarga uy sotib olinishi eng qimmatbaho bitim hisoblanadi.

Griffin uchun ushbu bitim ko‘chmas mulk bilan birinchisi emas. U bir necha kun avval Chikagodagi kondominiumda bir necha qavatni 58,8 mln dollarga sotib olgan. Milliarder 2012 yilda Palm Bichda uy qurish uchun 250 mln dollarga yer sotib olgandi. Shuningdek, Griffin yaqinda Londonda ham 122 mln dollarga uy sotib olgan. 

Milliarder vakilining aytishicha, Citadel fondi Nyu-Yorkda yangi ofisini ochmoqda va Griffin shu munosabat bilan shaharda o‘ziga uy qidirgan. U tomonidan sotib olingan 4 qavatli pentxaus markaziy bog‘ yaqinida qurilayotgan 79-qavatli binoning 50-53-qavatlarida joylashgan. Apartamentlarning maydoni 2230 kvadrat metrni tashkil qiladi va unda mebel jihozlari yo‘q. Ta'kidlanishicha, Griffin pentxausni jihozlash uchun yana mo‘maygina pul sarflashiga to‘g‘ri keladi.

2019 yil yanvar holatiga ko‘ra, Griffinning boyligi 9,9 mlrd dollarni tashkil qiladi va u AQShning eng boy odamlari orasida 52-o‘rinni egallaydi.  

Mavzuga oid