O‘zbekiston | 19:04 / 28.01.2019
16765
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda yangi o‘rmon paydo bo‘ladi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD), Global ekologik jamg‘arma va «Davergeodezkadastr»​ qo‘mitasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha mablag‘lari hisobidan Buxoro viloyatida yangi o‘rmon barpo etilmoqda.

Unga ko‘ra, Qorako‘l tumanining Qorako‘l davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida 1000 gektar, Qorako‘l ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida esa 300 gektar, jami 1300 ga maydonda qora saksavul niholi kandim va cherkez o‘simliklarining urug‘i bilan birgalikda ekildi. Bu haqda BMT vakili Kun.uz'ga xabar berdi. 

Ushbu ishlar «O‘zbekistonning tog‘li, yarim cho‘l va cho‘l landshaftlarida sug‘orilmaydigan qurg‘oqchil yerlarni raqobatli ekspluatatsiya qilinishi natijasida tabiiy resurslardan foydalanish bosimini kamaytirish» loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. 

«Qishning seryomg‘ir va cho‘l o‘simliklarini ekish uchun maqbul bo‘lgan vaqtidan unumli foydalangan holda ozuqabop cho‘l o‘simliklarini ekilishi yuqori unuvchanlik natijalarini beradi. 

Ushbu o‘simliklar o‘sib chiqqanidan so‘ng o‘rmon xo‘jaligiga hududida «Yashil qalqon» – yashil ihotazorlarni tashkil qilib, bioxilma-xillikni ta'minlash, qum ko‘chishining oldini olish va ularning maydonini kamaytirish, ekologiya musaffoligini ta'minlash bilan birgalikda bu hududlarda hayvonot dunyosining hayotini tiklash va rivojlantirish, boshqa turdagi o‘simliklarni o‘sishi uchun maqbul sharoitlar yaratish, o‘rmon xo‘jaligi hududlarini ekologik-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga barqaror poydevor bo‘ladi», – deyiladi BMT axborotida. 

Ma'lum qilinishicha, loyiha mablag‘lari hisobidan Qorako‘l tumanida tabiiy o‘rmonlar maydonini kengaytirishga hissa qo‘shish bilan bir vaqtda tuman fermer xo‘jaliklari uchun 63 ming dona sifatli, serhosil tut ko‘chatlari yetkazib berildi. 
Ushbu ko‘chatlar yordamida sug‘oriladigan yer maydonlarining atrofida tizimli ihotazorlar yoki maxsus tut plantatsiyalari tashkil qilinishi rejalashtirilgan.​

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid