O‘zbekiston | 09:59 / 28.01.2019
85700
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘zgardi - manba

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Bahodir Yusupov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimini egallagan.

Jamshid Xo‘jayev
Foto: Xalqaro press-klub

Jamshid Abduhakimovich Xo‘jayev 1979 yilda tavallud topgan. 2000 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. O‘zbekiston Respublikasi birinchi prezidenti tashabbusi bilan iqtidorli talabalar uchun tashkil etilgan «Umid» jamg‘armasi stipendianti. 2003 yilda Buyuk Britaniyadagi Birmingem universiteti xalqaro iqtisodiy aloqalar va davlat boshqaruvi yo‘nalishi magistranti. O‘z mehnat faoliyati davomida Markaziy bank, Milliy bank, Hisob palatasida ishlagan. 2017 yil oxirida tashqi savdo vaziri etib tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil fevralda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi ikki mustaqil idoraga ajratildi. Tez orada ikkiga ajratilgan Qishloq xo‘jaligi hamda Suv xo‘jaligi vazirliklariga rahbarlar ham tayinlandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston fermerlari Kengashi raisi lavozimida ishlagan Bahodir Yusupov qishloq xo‘jaligi vaziri, avvalgi vazirlikda suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari bo‘lgan Shavkat Hamroyev esa suv xo‘jaligi vaziri etib tayinlandi.

Bahodir Yusupov
Foto: Xalqaro press-klub

O‘z navbatida, Bahodir Yusupov qaysi ishga o‘tkazilgani hozircha noma'lum bo‘lib turibdi.

Mavzuga oid