Jahon | 09:21 / 30.01.2019
4729
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyadagi to‘g‘on o‘pirilishi qurbonlari soni 84 nafarga yetdi

Foto: REUTERS / Washington Alves

Braziliyaning Minas-Jyerays shtatida to‘g‘on o‘pirilishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 84 nafarga yetdi, 276 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Bu haqda Globo portali xabar berdi.

Avvalroq 65 kishi halok bo‘lgani ma'lum qilingandi. 42 qurbonnning shaxsi o‘rnatilgan.

To‘g‘on o‘pirilishi 25 yanvarda Brumadinyu munitsipalitetida yuz bergan. Vale tog‘-kon kompaniyasiga tegishli to‘g‘onda favqulodda ogohlantirish tizimlari ishga tushmagan. Qutqaruv ishlari bir necha hafta davom etishi mumkin.

Fojia munosabati bilan Vale kompaniyasi mamlakat janubi-sharqidagi shunday to‘g‘onlardan 10 tasini yopishga qaror qildi. Buning natijasida temir rudasi ishlab chiqarilishi hajmi yiliga 40 mln tonnaga tushib ketadi. 

Minas-Jyerays shtatidagi to‘g‘onlar 1 yildan 3 yilgacha davr ichida bosqichma-bosqich yopiladi. Kompaniya umumiy hisobda 19 ta shunday to‘g‘onga ega, biroq ulardan 9 tasi ishlamaydi.

Kompaniyaning 2017 yildagi ishlab chiqarish hajmi 366,5 mln tonna temir rudasini tashkil qilgan.  

29 yanvarda to‘g‘on o‘pirilishi yuzasidan 5 kishi hibsga olingan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid