Jamiyat | 14:27 / 02.02.2019
25648
7 daqiqa o‘qiladi

Bekobodlik fermerning umri hokimlikda o‘tmoqda. U nimadan norozi?

Bugungi kunda respublikada baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirish, baliq mahsulotlari ishlab chiqarishning zamonaviy va innovatsion uslublarini joriy etgan holda hajmlarini oshirish, sohani tartibga solish bo‘yicha bir qator qonun hujjatlari qabul qilinib, ularning ijrosini sifatli va puxta ta'minlash choralari ko‘rilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 noyabrdagi “Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori buning yorqin ifodasidir.

Ammo, joylardagi mavjud vaziyat va soha tadbirkorlariga nisbatan munosabat davlat siyosatiga har doim ham muvofiq kelavermasligini ko‘rsatmoqda.

Tahririyatga yo‘llangan navbatdagi murojaat bo‘yicha Toshkent viloyati, Bekobod tumanida aynan baliqchilik bilan shug‘ullanadigan tadbirkor (fermer)ning muammolari o‘rganildi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Fermerning dard-u hasrati

«Mustaqillikdan keyin bu yerlar bizga ko‘ptarmoqli sifatida paxtachilik, g‘allachilik, yong‘oqzor va baliqchilik maqsadlarida berilgan edi. Ma'lum vaqt, bu yerlardan foydalanib keldik. 2005 yoki 2006 yili Zeromax kompaniyasidan kelishgandi. Bu yerlar kompaniyaga o‘tib ketdi, endi javobgarlik bizning zimmamizda deyishdi. Hech qanday hujjat ko‘rsatishmadi. 2011 yili kompaniya bankrot bo‘ldi. Keyin yerlar yana tarqatila boshlandi. Menga 145 gektar yer ajratilishi kerak edi. Lekin, menga «To‘xtab turing, kompaniya to‘liq tugamadi», deyishdi.

2017 yilga kelib Vazirlar Mahkamasining 54-sonli qarori chiqqanini aytishdi. Shu asosda 138-sonli bayonnoma chiqarildi. Keyin shu bayonnoma asosida hokim qarori chiqdi. Barcha hujjatlarim joyida. Hattoki, o‘sha joydan foydalanyapsiz deb soliq ham to‘lov talab qilyapti. Prokuraturaga borsam, «Faoliyat yurityapti», deb xat beryapti. Bormagan joyim qolmadi. Bekobod tumani prokuraturasiga borsam, xatni olib qoladi. Bugun ariza bersam, 4-5 oydan so‘ng javob xatlari yuborishadi. Doim ish faqat ortga suriladi. Hokimiyat devonxonasiga boraman, hech qanday javob ham yo‘q, xat ham kelmagan deyishadi. Vazirlar Mahkamasi qarori, hokimiyat qarori chiqsa ham umuman kirib foydalana olmadim. Boshqa odamlar foydalanyapti. Mening joyim desam, ular bizning joy deydi. Hamma joyga murojaat qilganman. 87ta javob xati bor. Shunaqasi ham bo‘ladimi? Ko‘riladi, ko‘rilmoqda, ko‘riladi. Bir xil javob. Men bilan hech kim joyiga chiqib o‘rganmaydi», deydi fermer.

Ushbu fermerga hokim qarori bilan baliqchilik uchun joy ajratilgan. Lekin, hududga borib joydan foydalanmoqchi bo‘lsa, boshqa bir shaxs ham ushbu yerda faoliyat yuritish huquqini beruvchi hujjatlarni ko‘rsatib, bu fermerni ishlashga qo‘ymayotgan ekan.

Hokimiyat binosidagi labirint

Hokimlik binosiga borib, avval yer-kadastr bo‘limidagilar bilan uchrashmoqchi bo‘ldik. Biroq, voqealar tafsilotlari biz o‘ylagandan umuman boshqacha tus oldi.

Bekobod tumani hokimligiga kirgan vaqtimizda qiziq holatlarga duch keldik. Avvaliga kadastr bo‘limidagi mutaxassislardan izoh olmoqchi bo‘ldik. Bizga Kadirov Kamoliddinni mutaxassis sifatida ko‘rsatishdi. Kadirovdan esa quyidagi javobni oldik: «Boshliq bordi-ku yeringizga, ko‘rsatib berdi joyingizni. U joyda boshqa odamlarning ham joyi bor. Agar ikkalasida ham bir xil qaror bo‘lsa, fuqarolik sudi tomonidan hal etiladi».

Kadirov Kamoliddin

Mutaxassisning bu javobi bizni hayron qoldirdi. Fuqarolik sudi hal qilib beradi, deb bir joyga bir nechta qaror chiqarib beraverishadimi?

Shundan so‘ng, aniqroq ma'lumot olish maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuman hokimi bilan uchrashmoqchi bo‘ldik, biroq bu bizga nasib etmadi.

Shundan so‘ng, tuman hokimining qurilish bo‘yicha bosh mutaxassisi Egamberdiyev Sobirjon o‘z xonasiga taklif etib, bizni kadastr bo‘limidagi xodimlar bilan uchrashtirdi.

«Bu masalada nizo bo‘lsa, sudga murojaat etsin. Qarorda belgilanmagan konturning qaysi qismi, qaysi joyi berilishi ko‘rsatilmagan. Joyiga chiqib o‘rganilgan. Ikkinchi fermerning qarorida ham shu kontur yozilgan. Muammo konturning qayeri berilganida», deb javob berdi kadastr mutaxassisi Abdutolib Jabborov.

Abdutolib Jabborov

Tahririyatimizga kelgan ko‘plab murojaatlarda bo‘lgani singari bu ikki shaxsda ham bir xil qaror. Yer kimga tegishli ekanligi nizoli qilib berilgan. Bu mavhumlikka aniqlik kiritish uchun hokimlik devonxonasiga kirdik. Biroq, devonxonada ham biror tayinli javob ololmadik, xattoki tegishli qarorlardan nusxa olish to‘g‘risidagi iltimoslarimiz ham javobsiz qoldi. Boshqa bo‘limlarga jo‘natishda davom etishdi.

«Hokim o‘zgarib, o‘zgarib shunga keldi. U deydi, bu deydi. Viloyatga ketgan, u joyda ko‘rilyapti, bu joyda ko‘rilyapti, deydi. Bugun boshidan ariza tashladim. Qurilishni qilib qo‘yganman. Hamma sharoitlar qilingan. Qo‘limda ishchilarim bor», deydi sarson bo‘layotgan tadbirkor.

Kun bo‘yi yurib aniqlaganimiz shu bo‘ldiki, ikki fermerga ham bir konturdan joy berilgan va konturning qay qismi kimga tegishli ekanligi ko‘rsatilmagan. Axir, yermulkkadastr organi bu holatda aniq, puxta hisob-kitoblar yuritishi kerak emasmi? Nega avval boshidan bu tarzda qaror chiqarildi? Mana endi buning evaziga esa fermer sarson. Yillar davomida uning yuguri-yuguriga qaramasdan joyni aniqlashtirishning iloji bo‘lmayapti. Biz ham holatni tagiga yetishni ilojini qilolmadik.

Umid qilamizki, Bekobod tumanida ham hokimlik vakillari tadbirkorlarning manfaatlari bilan bog‘liq hujjatlarda e'tiborli bo‘lib, kelgusida tadbirkorlar sarson qilinmaydi. Fuqarolar hokimlik va boshqa davlat organlari ostonalarida yillab sarson bo‘lishmaydi.

Bahodir Ahmedov

Баҳодир Аҳмедов
Tayyorlagan Баҳодир Аҳмедов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid