O‘zbekiston | 12:28 / 04.02.2019
30472
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Bishkek-Toshkent yo‘nalishidagi avtobus qatnovida yangi to‘siq paydo bo‘ldi

Illyustrativ foto

Qozog‘iston hududidan o‘tishi taqiqlanib, keyinroq harakatlanishiga ruxsat berilgan Bishkek-Toshkent yo‘nalishidagi avtobuslar yana Qozog‘istonga kiritilmayapti. Bu haqda 24.kg xabar bermoqda. 

Ma'lum qilinishicha, qirg‘izistonlik haydovchilar Qozog‘iston chegarasida muammo hal bo‘lmaganidan norozi bo‘lmoqda. 2018 yil dekabrida tashuvchilar yo‘lovchilarning iltimosiga ko‘ra harakatlanish jadvalini biroz o‘zgartirgandi. Biroq, Qozog‘iston tomoni bu muvofiqlashtirilmagan noqonuniy harakat ekanligini bildirgan. O‘zbekiston tomoni ham masalaga munosabat bildirib, «kelib chiqqan manfaatlar to‘qnashuvi oqibatida Qirg‘iziston va Qozog‘iston tashuvchilari noroziligi»ni ta'kidlagandi. 

Ammo 1 fevral kuni kelishilgan va tasdiqlangan yangi jadvalga ko‘ra, Bishkek — Toshkent yo‘nalishida yo‘lovchi avtobuslar qatnovi yana tiklandi. Qirg‘iziston Respublikasi Transport va yo‘l vazirligi matbuot xizmati bu haqda rasmiy axborot tarqatdi. 

Bugun, 4 fevral kuni esa kelishuvga qaramay, Qozog‘iston chegarasida muammo haligacha yuzaga kelayotgani aytilmoqda.  

«Bizga yurish mumkinligi bildirildi. Lekin qozoq chegarachilari Qozog‘iston hududidan xalqaro tashishni amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnomaning aslini ko‘rsatishni talab etmoqda. Odatda bunday ruxsatnomani faks orqali olib, shu qog‘ozni ko‘rsatib kelganmiz. Ammo Qozog‘iston tomoni faqat hujjatning asli bilan chegaradan o‘tish mumkinligini ta'kidlamoqda», — deydi qirg‘izistonlik avtobus haydovchisi.​

Mavzuga oid