O‘zbekiston | 16:00 / 03.02.2019
11514
2 daqiqa o‘qiladi

Bishkek - Toshkent avtobus reysi yana tiklandi

1 fevral kuni kelishilgan va tasdiqlangan yangi jadvalga ko‘ra, Bishkek — Toshkent yo‘nalishida yo‘lovchi avtobuslar qatnovi yana tiklangan. Bu haqda Qirg‘iziston Respublikasi Transport va yo‘l vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qirg‘iziston Transport va yo‘l vazirligi, Qozog‘iston Infratuzilmalar va taraqqiyot vazirligi hamda O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilgan, tomonlar bu borada tegishli ishlarni olib borgan, yakunda yangi jadvalga kelishishgan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning 24 yanvar kuni Qozog‘iston orqali Bishkek — Toshkent avtobus qatnovi vaqtincha to‘xtatilgandi. Qozog‘iston Transport qo‘mitasi qozoq tashuvchisini mazkur xalqaro yo‘nalishda xizmat ko‘rsatishga kiritishni talab qilgandi. Shundan so‘ng tomonlar o‘rtasida muzokaralar boshlangandi.

Ma'lumot uchun, Qirg‘iziston va O‘zbekiston 2018 yil may oyida Bishkekdan Toshkentga va teskari yo‘nalishda avtobus qatnovini yo‘lga qo‘ygandi — bu ikki davlat hukumatlari o‘rtasidagi muzokaralardan keyin yuz berdi.

Bu tranzit qatnov qo‘shni Qozog‘iston hududi orqali o‘tadi.

Qayd etish kerakki, 2018 yilning 28 dekabrida ham Qozog‘iston tomoni ushbu yo‘nalishda avtobuslar qatnoviga o‘zgartirishlar kiritishni so‘ragandi.

O‘zbekistondan reyslarni Mironshox Grand Trans, Qirg‘izistondan esa «Trans Soyuz-Aziya» tashuvchisi amalga oshirmoqda.

Yo‘nalish uzunligi 601 km bo‘lib, avtobus to‘rtta chegara postlaridan o‘tadi: Qozog‘iston va Qirg‘iziston chegarasidagi «Chaldovar» hamda «Supatay Botir», shuningdek, Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasidagi «Jibek Joli» hamda «G‘isht ko‘prik».

Mavzuga oid