18:35 / 05.02.2019
7424

Erdo‘g‘an Otaturk bankining bir qismini milliylashtirdi

Mustafa Kaya/Xinhua/Global Look Press

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Mustafo Kamol Otaturk tomonidan asos solingan İş Bank (Tadbirkorlik banki) bankining bir qismi natsionalizatsiya qilinishi haqida ma'lum qildi. Bankning shu qismi milliy g‘aznachilik ixtiyoriga beriladi.

«Ushbu xususiy bank Allohning xohishi ila xazinamizning ziynati bo‘ladi. Bank aksiyalarining 28 foizi g‘aznachilikka beriladi va millat boyligiga aylanadi», —  uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi haber3 sayti.

Ushbu bank aksiyalarining 28 foizi muxolif Turkiya Xalq-respublika partiyasiga tegishli hisoblanadi.

İş Bank Otaturk buyrug‘iga binoan 1924 yilning avgustida tashkil etilgan. Uning vasiyatiga ko‘ra, XRP o‘ziga tegishli barcha ulushlarni Turk tili va mamlakat tarixi uyushmasiga yo‘naltirishi kerak.
Bank aksiyalarining deyarli to‘rtdan bir qismiga xorijiy sarmoyadorlar egalik qiladi.

Ma'lumot uchun, Turkiya xorijdagi milliy xazinalarini ham qaytarib olmoqda. Turkiya Markaziy bankining yillik hisobotiga ko‘ra, o‘tgan yil AQSh Federal zaxira tizimidan 28 tonna oltin qaytarib olingan. Navbatda turk banklari Buyuk Britaniyada saqlayotgan 95 tonna oltin zaxiralari turibdi.

Top