Jahon | 11:08 / 19.10.2019
10219
3 daqiqa o‘qiladi

OAV AQSh va Turkiyaning Suriya bo‘yicha muzokaralaridagi bosh masalani e'lon qildi

Reuters ma'lumotlariga ko‘ra, Suriya bo‘yicha muzokaralarda Pens Erdo‘g‘anga Tramp uni hurmat qilishi va qadrlashini aytgan. Anqara 24-48 soatlik muvaqqat sulhga tayyor bo‘lgan, Vashington 120 soatga ko‘ndirgan.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an muayayn vaqt doirasida o‘t ochishni cheklashni taklif etganidan so‘ng AQSh va Turkiya Suriyaning shimoliy-sharqida muvaqqat sulh tuzishga muvaffaq bo‘lgan, deb yozmoqda Reuters o‘z manbalariga tayangan holda.

Erdo‘g‘an va Pens. Foto: Jacquelyn Martin / AP

Agentlik hamsuhbatining so‘zlariga ko‘ra, AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens va Erdo‘g‘anning to‘rt soat davom etgan muzokaralari chog‘ida turli kelishmovchiliklar yuz bergan, biroq bosh muammo Turkiyaning muvaqqat sulh tuzishga rag‘bati yo‘qligi bo‘lgan.

Suhbat boshida Pens Erdo‘g‘anga prezident Donald Tramp uni hurmat qilishi va qadrlashini aytgan. Suhbatning qaysidir asnosida turk mulozimlari harbiy operatsiya mobaynida o‘z yo‘qotishlarini sanay boshlagan, Pens esa Amerika delagatsiyasining aksariyat a'zolari harbiy veteran ekanligini ta'kidlab, o‘z o‘g‘li ham harbiy ekanini tilga olgan. Vitse-prezident urushda halok bo‘lgan turk oilalariga hamdardlik bildirgan. Bu tomonlar o‘rtasidagi taranglikni yumshatishga xizmat qilgan, deb yozadi agentlik.

Erdo‘g‘an o‘t ochishni to‘xtatish borasida bunday rejimni doimiy emas, muayyan vaqt doirasida o‘rnatish kerakligini talab qilganda muzokaralarda keskin burilish ro‘y bergan.

«Erdo‘g‘an bu 24 yoki 48 soat bo‘lishi mumkinligini aytgan. Pens bu juda qisqa vaqt ekanligini, bunday qarorni shaxsan o‘zi qabul qila olmasligini aytdi», — deb hikoya qilgan manba. Manbaning so‘zlariga ko‘ra, keyingi munozaralar chog‘ida tomonlar 120 soatga kelishishgan, shundan so‘ng boshqa masalalarda ham muzokaralar tezlashgan.

Turkiya 9 oktabr kuni Suriyaning shimoliy-sharqida harbiy operatsiya boshlagan. Anqaraning ta'kidlashicha, undan ko‘zlangan maqsad — kurdlarning «Xalq himoya otryadlari» (YPG) va «Suriya demokratik kuchlari» (SDF) ni chegaradan uloqtirib, u yerda xavfsizlik zonasi barpo etish. AQSh operatsiyani tanqid ostiga olgan va hatto Turkiya energetika hamda mudofaa vazirliklariga sanksiya joriy etgan.

17 oktabr kuni Pens va Erdo‘g‘an kelishuvga erishgan — Anqara operatsiyani 120 soatga to‘xtatadi, kurd qo‘shinlari esa chegaradan 30 kilometrga chekinadi. Ertasi kuniyoq Reuters muxbirlari otishmalar davom etayotganini xabar berishdi, kurd ko‘ngilli askarlari esa Turkiya tomoni aholi punktlariga o‘q yog‘dirayotganini ta'kidlashdi. Erdo‘g‘an esa bu xabarlarni dezinformatsiya bilan vaqtinchalik sulhni buzishga harakat deb atadi.

Mavzuga oid