O‘zbekiston | 10:49 / 07.02.2019
18728
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda hayvonlarni so‘yish korxonalari faoliyati tartibga solinadi

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Hayvonlarni so‘yish korxonalari faoliyatini tartibga solish hamda iste'mol bozoriga go‘sht va go‘sht mahsulotlarini yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan “Hayvonotga mansub mahsulot va xomashyolarni ishlab chiqarish, saqlash va sotishga nisbatan veterinariya-sanitariya qoida va me'yorlari”, “Ixtisoslashgan suyish korxonalariga nisbatan veterinariya, veterinariya-sanitariya qoida va me'yorlari” tasdiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Toshkent shahar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat markazlarini yanada ko‘rkam va obod qilish, jozibadorligi va turistik salohiyatni oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va aholiga qulay sharoitlarni yaratish maqsadida shaharlar hududida faoliyat ko‘rsatayotgan hayvonlarni so‘yish korxonalarini boshqa faoliyat turiga moslashtirish yoki shaharlar hududidan chiqarish (shaharning chekka hududlarida va kichik sanoat hududlarida sanitariya-himoya zonalari saqlangan holda tashkil etilgan mexanizatsiyalashgan ixtisoslashgan so‘yish korxonalari bundan mustasno) taklifiga rozilik beriladi.

Respublika hududlarida hayvonlarni so‘yish va teriga birlamchi ishlov berish bo‘yicha 2019-2021 yillarda tashkil etiladigan mexanizatsiyalashgan ixtisoslashgan so‘yish korxonalari ro‘yxati tasdiqlanadi. Bunda, aholiga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida ixtisoslashgan so‘yish korxonalari tomonidan hayvonlar va go‘shtni tashish bo‘yicha transport va boshqa servis xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etish majburiyati belgilab qo‘yilishi mumkin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimliklari, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi, Davlat veterinariya qo‘mitasi:

joylarda mavjud hayvon so‘yishga mo‘ljallangan korxonalarni (qushxonalarni) inventarizatsiyadan o‘tkazib, ushbu qaror talablariga muvofiqligini o‘rganish hamda ixtisoslashgan yo mini so‘yish korxonalariga aylantirish yoki belgilangan tartibda faoliyatini to‘xtatish, o‘zgartirish choralari ko‘riladi;

ixtisoslashgan so‘yish korxonalarini qurish loyihalarini ishlab chiqishda zarur bo‘lgan dastgoh, asbob, uskunalarning texnik talablari, ajratilgan yer maydonlari ko‘rsatkichlari va boshqa xususiyatlarini hisobga olib, har bir ixtisoslashgan so‘yish korxonalari uchun alohida loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, ekspertizadan o‘tkazish va qurilish jarayonidagi sifati ustidan arxitektura-qurilish nazoratini ta'minlashda amaliy yordam ko‘rsatadi;

ixtisoslashgan so‘yish korxonalarining mavjud loyihalari asosida Respublika hududlarida joylashtiriladigan ixtisoslashgan so‘yish korxonalarining bino va inshootlarini qurish uchun sanitariya, muvofiqlik, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, shaharsozlik hamda veterinariya talablariga javob beradigan, umumiy yer maydoni ixtisoslashgan so‘yish korxonalarining loyihalarida ko‘rsatilgan maydonidan kam bo‘lmagan yer uchastkalarini belgilangan tartibda ajratadi;

aholiga qulayliklar yaratish maqsadida bozorlarda ixtisoslashgan so‘yish korxonalarining namunaviy go‘sht sotish savdo shoxobchalarini tashkil etilishini ta'minlaydi;

bozorlar, savdo majmualari va boshqa savdo obektlariga sotish va qayta ishlash uchun olib kiriladigan go‘sht va so‘yish (sub) mahsulotlarni faqat ixtisoslashgan va mini so‘yish korxonalarida tayyorlanishini ta'minlaydi;

xonadonlarda va boshqa ruxsat etilmagan joylarda so‘yilgan hayvonlarning go‘shtini sotishga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘riladi.

Tuman va shahar hokimliklari tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda:

hududlarda aholiga qulay bo‘lgan joylarda mini so‘yish korxonalari tashkil etish dislokatsiyasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

mini so‘yish korxonalarini tashkil etish bo‘yicha tashabbuskorlarni aniqlab, 2019-2021 yillar davomida bosqichma-bosqich tashkil etilishi ta'minlaydi.

Belgilab qo‘yilishicha:

hayvonlarni so‘yish xizmatlarini yo‘lga qo‘yishda ixtisoslashgan va mini so‘yish korxonalarini tashkil etish faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi;

ixtisoslashgan so‘yish korxonalari o‘z mablag‘lari hisobidan ishlab chiqarishdagi veterinariya xizmatini tashkil etadi va unga malakali mutaxassislarni jalb qiladi;

ixtisoslashgan so‘yish korxonalarining veterinariya mutaxassislari, qassoblar va boshqa texnik xodimlari belgilangan tartibda malakasini oshiradi va malaka oshirmagan xodimlarni faoliyat yuritishi ta'qiqlanadi;

go‘sht va so‘yish (sub) mahsulotlarning ulgurji savdosi faqatgina ixtisoslashgan so‘yish korxonalarida amalga oshiriladi. Bozorlar, savdo majmualari va boshqa savdo obektlarida go‘sht va so‘yish (sub) mahsulotlarning chakana savdosini amalga oshirishga yo‘l qo‘yiladi;

go‘sht sotilishi yo‘lga qo‘yilgan bozorlar, savdo majmualari va boshqa savdo obektlarida ixtisoslashgan va mini so‘yish korxonalarida so‘yilgan hayvonlarning go‘shtlari sotilishiga ruxsat etiladi. Bunda, xonadonlarda va boshqa ruxsat etilmagan joylarda so‘yilgan hayvonlarning go‘shtini sotishga yo‘l qo‘yilmaydi;

shaxsiy ehtiyoji uchun so‘yilgan hayvonlar go‘shtlari hamda ixtisoslashgan va mini so‘yish korxonalarida so‘yilmagan va tegishli veterinariya hujjatlari (F2, F4 va F200) bo‘lmagan go‘shtlar, shuningdek, kelib chiqishi noma'lum bo‘lgan go‘shtlarni dehqon bozorlari, savdo majmualari va boshqa savdo obektlarida sotilishi ta'qiqlanadi;

umumiy ovqatlanish, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish sohalari, qayta ishlash korxonalarida ixtisoslashgan va mini so‘yish korxonalarida so‘yilgan hamda sifati va xavfsizligini kafolatlovchi hujjatlari mavjud bo‘lgan hayvon go‘shtlaridan foydalanishga ruxsat etiladi;

so‘yiladigan hayvonlarni tijorat maqsadlarida faqat ixtisoslashgan va mini so‘yish korxonalarida so‘ydirish va shaxsiy ehtiyoji uchun so‘yishni veterinariya vrachining ruxsati bilan amalga oshirish majburiydir;

hayvonlarni ruxsat etilmagan joylarda, shu jumladan uy sharoitida veterinariya vrachining ruxsatisiz, shuningdek kasal hayvonlarni so‘yish qat'iyan ta'qiqlanadi;

teri xomashyosini tayyorlash (qayta ishlash) yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan, veterinariya va sanitariya talablariga javob beradigan teri xomashyosini qabul qilish va saqlash uchun bino hamda omborxonalari mavjud bo‘lgan “O‘zcharmsanoat” uyushmasi a'zolari tomonidan amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid