O‘zbekiston | 12:02 / 08.02.2019
3634
3 daqiqa o‘qiladi

Film ishlab chiqarish uchun davlat ko‘magi qanday olinadi?

Foto: Fotolia

Vazirlar Mahkamasining 5.02.2019 yildagi 89-son qarori bilan milliy va xorijiy kinokompaniyalar bilan hamkorlikda film ishlab chiqarishni davlat tomonidan moliyalashtirish tartibi belgilandi.

Norma’ning yozishicha, hujjat doirasida respublikada ro‘yxatdan o‘tgan kinematografiya tashkilotlarining xorijiy mamlakatlar kinokompaniyalari va boshqa tashkilotlari bilan hamkorlikda film ishlab chiqarishi moliyalashtiriladi.
 
Moliyalashtirish davlat ijtimoiy granti asosida Davlat budjeti va «O‘zbekkino» MA huzuridagi Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
 
Hujjatda qanday hollarda film hamkorlikda ishlab chiqarilgan deb hisoblanishi belgilangan.
 
Hamkorlikda film ishlab chiqarishda ishtirok etadigan xorijiy kinokompaniyalar «O‘zbekkino» tomonidan beriladigan ruxsatnoma olishlari talab etilmaydi. Eslatib o‘tamiz, xorijiy kinokompaniyalar tomonidan mamlakatimiz hududida badiiy filmlarni kino- va videotasvirga olish uchun bunday ruxsatnoma talab etiladi.
 
Hamkorlikda film ishlab chiqarishda ishtirok etadigan milliy, xorijiy kinokompaniyalar yoki hamprodyuserlar filmni ishlab chiqarishni moliyalashtirish uchun ariza berishlari mumkin.
 
Buning uchun «O‘zbekkino»ga ariza bilan birga quyidagilarni taqdim etish zarur:

• rejalashtirilayotgan film ssenariysining davlat yoki rus tilidagi bocma (elektron) varianti;
• hamkorlikda film ishlab chiqarish to‘g‘risida tuzilgan shartnoma nusxasi;
• filmni tasvirga olish guruhi va asosiy rollardagi aktyorlarning fuqaroligi, kasbi va (yoki) lavozimi to‘g‘risidagi ma'lumotlar aks ettirilgan ro‘yxat;
• filmni tasvirga olishga sarflanadigan mablag‘larning dastlabki hisob-kitobi va kalendar-postanovka rejasi.

Hujjatlarni bevosita berish, pochta orqali yoki elektron shaklda yuborish mumkin. Hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun yig‘im undirilmaydi.
 
Badiiy kengash ariza olingan kundan boshlab 15 ish kuni ichida taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganib chiqib, filmni moliyalashtirishning maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi to‘g‘risida xulosa chiqaradi. «O‘zbekkino» esa ushbu xulosa asosida filmni moliyalashtirish yoki moliyalashtirishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
 
Quyidagi hollarda rad javobi berishlari mumkin:

• film ssenariysida milliy, irqiy, etnik yoki diniy dushmanlikni, ekstremizm, terrorizm va boshqa g‘oyalarini targ‘ib etuvchi lavhalar mavjud bo‘lsa;
• filmni ishlab chiqarish uchun talab etiladigan xarajatlar Davlat budjetidan va (yoki) Jamg‘armadan kino mahsulotlarini ishlab chiqarishga ajratiladigan yillik hajmlardan ko‘p mablag‘ni talab etsa. 
 
Hujjat 5.02.2019 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid