Sport | 16:48 / 08.02.2019
18440
2 daqiqa o‘qiladi

Iroda To‘laganova O‘zbekiston tennis federatsiyasiga bosh kotib etib saylandi

Taniqli sobiq tennischi Iroda To‘laganova O‘zbekiston tennis federatsiyasi bosh kotibi lavozimini egalladi. Bu haqda tashkilotning bugun, 8 fevral kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari saylov konferensiyasida ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Konferensiyani Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Jasur Matchanov va O‘zbekiston sport tashkilotlari faxriylari kengashi raisi Komiljon Xudoyberganov olib bordi.

Saylovda bosh kotib lavozimiga yagona nomzod sifatida ko‘rsatilgan Iroda To‘laganovani ovoz beruvchilarning barchasi bir ovozdan ma'qulladi.

37 yoshli Iroda To‘laganova tennis bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi hisoblanadi. U federatsiya bosh kotibi sifatida 20 yildan ortiqroq vaqt faoliyat yuritib kelgan Igor Shepelovning o‘rnida ish boshlamoqda.

Iroda To‘laganova 1982 yilning 7 yanvarida Toshkent shahrida tug‘ilgan. Yakkalik bahslarida 3 martadan WTF va ITF turnirlari g‘olibi. 2002 yilda jahon reytingidagi eng yuqori o‘rni – 16-pog‘onaga ko‘tarilgan. «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni, «Shuhrat» medali sohibasi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston tennis federatsiyasi prezidenti Rustam Inoyatov sanaladi.

Mavzuga oid