Jahon | 08:48 / 13.02.2019
8541
2 daqiqa o‘qiladi

Meksikadagi yashirin qabrlarda 69 jasad topildi

Foto: TASS/FRANCISCO GUASCO

Meksikaning Kolima shtatida topilgan yashirin qabrlarda 69 jasad topilgan. Bu haqda mamlakat bosh prokuraturasida ma'lum qilindi.  

“Tekoman munitsipaliteti, Santa-Rosada 69 jasad topildi. Ularni genetik identifikatsiya qilish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Federal hukumat qidirish ishlarini davom ettirish uchun qurilmalar va xodimlar bilan yordam bermoqda”, deyilgan xabarda.

Avvalroq prokuratura Tekomanda kamida 11 ta yashirin qabr topilganini ma'lum qilgan. Shtat prokurori Gabriel Verdusko jasadlari qabrlarda bo‘lishi mumkin bo‘lgan bedarak yo‘qolganlar yaqinlari bilan uchrashuv o‘tkazgan. 

Kolima shtati 2018 yil yakunlariga ko‘ra qotilliklar soni bo‘yicha Meksikaning eng nomaqbul shtati deb topilgan. Bu yerda 100 ming kishiga 81,09 ta qotillik to‘g‘ri keladi. 

Fevral boshida Meksika ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Alexandro Ensinas ma'lum qilganidek, mamlakatda umumiy hisobda 40 mingga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanadi, 1,1 mingtaga yaqin yashirin qabr bor, o‘likxonalarda esa 26 mingta shaxsi o‘rnatilmagan jasad saqlanadi. Meksikaning yangi prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador yanvar oxirida hukumat narkomafiyaga qarshi urushni yakunlaganini e'lon qildi. Uning aytishicha, hukumat kartellar yetakchilarini qo‘lga olishni bosh vazifasi deb hisoblamay, balki o‘z e'tiborini jamoat xavfsizligini ta'minlash, qotilliklar, o‘g‘riliklar va odamlar o‘g‘irlanishi sonini kamaytirishga qaratadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid