Jahon | 13:25 / 17.02.2019
89503
24 daqiqa o‘qiladi

Adashganlar. Terrorchilar qo‘lidan qochgan ayollar hikoyasi

Delil Souleiman / AFP / Scanpix / LETA

Buyuk islom dini nomini bulg‘ab o‘ziga «Islom davlati» deb nom qo‘yib olgan IShID terrorchilik tashkiloti borgan sari halokatga yaqinlashmoqda. Bu «davlat» hech kimga bo‘ysunmasligini e'lon qilganida, islomning mazmunini tushunmaydigan minglab odamlar uning chirkin g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun Iroq va Shom (Suriya) tomon yo‘l olishdi. Biroq bu badkirdorlar halokatga yaqinlashgani sayin ko‘plab aldanganlar u yerdan qochish payiga tushdilar.

«The Insider» nashri terrorchilar makon tutgan hududlardan qochgan ikki rossiyalik ayol bilan suhbat qurdi. Zagidat va Zalina ismli bu ayollar boshlaridan o‘tkazgan og‘ir damlar haqida hikoya qilishadi. 3,5 yil davomida jangarilar ichida yashagan bu ayollar 2017 yilda ularning changalidan qochib qutulishgan. O‘sha vaqtlar Rossiya huquqni muhofaza qilish organlari ko‘plab ayollar va bolalarni terrorchilardan qutqargandi. Xususan, 21 nafar ayol va 73 nafar bola maxsus operatsiyalar davomida vataniga qaytarilgan. Lekin keyinchalik bu amaliyot negadir to‘xtab qoldi. Zagidat va Zalina «The Insider» nashriga terrorchilar qo‘liga qanday tushib qolganliklari, u yerga qanday borganliklari va u yerdan qanday qochganliklari haqida hikoya qilishgan. Agar sabr bilan o‘qisangiz, u yerlarda inson qanchalik noinsoniy hayot kechirishini, insoniyligi tirik har qanday odam bu yerlardan faqat qochish haqida o‘ylashini tushunasiz.

1-qism. «Jahannamga yo‘l»
Zagidatning hikoyasi. Dog‘iston

Foto: The Insider

2012 yil oxirida turmushga chiqdim. To‘ydan ko‘p o‘tmay Turkiyaga ketdik. Men yoshligimda «Dog‘iston ramzlari» ansamblida raqsga tushardim. Onam meni musiqa maktabiga bergandi, u yerda pianino chalishni o‘rgandim. Maktabni bitirib universitetga hujjat topshirdim. Bolalar ruhshunosligi bo‘yicha o‘qidim.

Turkiya

Erim umuman urush qiladigan odam emasdi. U Istanbulda taksi haydardi. Bu shaharda 6 oy yashadik. Keyin... Keyin u meni Suriyaga olib ketdi. Bizni Abu Bakr degan arab Gaziantepdagi chegaragacha olib bordi. U yer chegaraga ham o‘xshamasdi. Hammayoq ochiq, odamlar bemalol o‘tib ketaverishadi. Yuzlab odamlar chegarani erta-yu kech bosib o‘tishadi. Suriyaga ketayotganlar orasida har qanday millatdagilar topiladi: moskvalik ruslar, amerikalik qora tanlilar, fransuzlar, indoneziyaliklar.

Men bemalol o‘tib ketganimizdan bu davlatni kelishib tashkil qilishgan deb o‘yladim. Yo‘qsa, nega o‘rtada hech qanday chegara yo‘q? Birov senga qayerga ketyapsan, demaydi. Chegaradagi baland minoradagi turk askarlari xuddi odamlarni payqamayotgandek turishadi. U yerdan odamlar chiqib kelayotganda esa, ularga qarata o‘q uzishadi. Hatto bolalarni ham otishadi. Xuddi o‘sha IShIDdan hech kim chiqmasligi kerakdek. Biz o‘zimizni tuzoqqa tushib qolgandek his qildik.

Avvaliga erim va bolalarim bilan Raqqadagi hashamatli kvartiraga joylashdik. Bu avval biror boy odamning uyi bo‘lgan. Boshida faqat bolalarimni quchoqlab yig‘lardim. Kechasi bilan tepamizdan samolyot o‘tadi, bombalar tushadi. Hayotim faqat qo‘rquvdan iborat bo‘lib qoldi. Bir kuni sabrim tugadi va erimga «Bu yerda yolg‘iz yurgan ayollar ko‘p ekan. Xohlaysanmi, senga ikkinchi xotin topaman, meni esa bolalar bilan uyga yuborasan», dedim. Bu gapni aytayotib shunchalik qo‘rqdimki...

Bir kuni erim mening taklifimga roziligini aytdi. Bu gapni aytganida xursandligimdan yuragim yorilay dedi. Erim taksi chaqirdi va unga 60 dollar berdi. Erim va bolalar bilan taksida Iroq tomonga 7 soat yo‘l yurdik. U meni tanishining uyiga olib borib qo‘ydi va o‘zi ortga qaytib ketdi. Qaytishida esa u bo‘lgan mashina ustiga bomba tushgan. Erim bilan yana bir dog‘istonlik bor edi. U tirik qolgan. O‘sha dog‘istonlikning xotini menga bo‘lgan voqea haqida yozdi.

Iroqda men ufalik qizlar bilan tanishdim. Ular erim o‘lganini eshitgach, «bu qochish uchun yaxshi imkoniyat»ligini aytishdi. Ular olti marta qochishga uringan, lekin har safar erlari bunga yo‘l qo‘ymagan ekan. Bir kuni mahalliy arab ayol bilan tanishib qoldik. Boshida u bilan gaplashishga qo‘rqdik. U IShIDni yomonlaganidan keyin qochishga yordam berishini o‘tinib so‘radik.

Uning eri bizni pul evaziga chegaraga olib borishini aytdi. Biroq bizda ular so‘ragan 2 ming dollar pul qayoqda deysiz? Menda bir chaqa ham yo‘q edi. Tirikchilik uchun taqinchoqlarimni ham sotib bo‘lgandim. U yerda ufalik Viktoriya degan qiz bor edi. U uyini sotganini eshitdik. Keyin Viktoriyadan uch kishi 2 ming dollardan qarz oldik.

Madanit ismli mahalliy erkak meni mototsiklida olib ketdi. O‘zim bilan ikki o‘g‘limni oldim. Qizlar esa orqadan boshqa oila bilan mashinada kelishardi. Madanit yo‘lda so‘rab qolishsa, ismim Umma-Ibrohim ekanini, uning xotini ekanimni aytishimni uqtirdi. Oyog‘imga qochish oson bo‘lishi uchun «sekond hend»dan (kiyilgan liboslar sotiladigan do‘kon) sportcha oyoq kiyim olgandim. U menga arablar bunaqa narsa kiymasligini, arablarga o‘xshab qora tapochka kiyib olishim kerakligini aytdi.

O‘g‘lim Muhammadni ham arabcha kiyintirib oldik. U mening o‘z bolam emasdi. Muhammadning ota-onasi 9 yoshida halok bo‘lishgan va u men bilan qolgan. Uni mendan olib ketmoqchi va bolamdan ana unaqa (ya'ni terrorchi) tayyorlamoqchi bo‘lishgandi. Yo‘lga chiqqanimizdan keyin ham xursand bo‘ldim, ham qo‘rqdim. Bir tomondan, uyga ketayotganimni o‘ylasam, boshqa tomondan yo‘lda tutib olishsa nima qilaman deb qo‘rqardim. Bizni olib ketayotgan yigitga «Menga tegmaysan-a?», deb so‘radim. U esa «Xudo haqqi, qo‘limni ham tekkizmayman», dedi.

U meni onasining uyiga olib bordi. U yerda kuldonni ko‘rib erkaklar bor deb qo‘rqib ketdim. Qizlarim orqadagi mashinadan kelishlari kerak edi. Ular hadeganda kelaverishmagach, yuragimga g‘ulg‘ula tushdi. Keyin bilsam, hali emizikli bo‘lgan kichkinam och qolib bezovta bo‘libdi. Tinchlanavermagach unga yo‘ldan emizib beradigan ayol topishibdi. Taksi kechasi soat 12da keldi. Bolalarimni ko‘rganimda qaytadan tug‘ilgandek bo‘ldim. O‘shanda sezdimki, odam uchun hayotda bolasidan azizroq hech nima yo‘q ekan.

Ertasiga bizni kurdlar yashaydigan Iroq chegarasiga olib borishdi. U yerda ikkita lager bor edi, lekin biz kurd qamoqxonasiga tushib qoldik...

Zalinaning hikoyasi. Dog‘iston

Foto: The Insider

Erim 2012 yil terrorchi sifatida antiterror operatsiyasi davomida yo‘q qilingan. 2012 yil Dog‘istonda urush borardi. Terrorchilarni ushlash bo‘yicha reydlar o‘tkazildi. Meni ham ushlab ketishdi va ikki yil Osetiyadagi qamoqxonada o‘tirdim. Ozodlikka chiqqach, yaqinlarim Turkiyaga borishni tavsiya qilishdi. 5 kun ichida o‘zim va bolalarimga xorijiy pasport tayyorlatdik va 2014 yil 11 may kuni Turkiyaga ketdim.

Turkiyada barcha «Islom xalifati e'lon qilingani» haqida bong urardi. Odamlarning Suriyaga oqib ketayotganini ko‘rsangiz edi. Yoshlar, bolalar, qariyalar, oilalar. U yerga ketayotganlar «Musulmonlar shariat asosida yashashi kerak, siz esa bu yerlarda shariatsiz yashab yuribsizlar», deb aytishardi. Bu gaplardan vijdonim qiynalar va o‘zimni Xudoning oldida gunohkor deb hisoblay boshladim. Shunday kunlarning birida to‘rt bolam bilan ketishga qaror qildim. Bizga ikki kun kutasizlar, tayyorlaninglar deyishdi va Gaziantepgacha boradigan avtobus uchun chipta berishdi.

IShIDning Turkiyadagi odamlari barchasini tashkil qilishlari, ular bizga ovqat berishlari, kiyim-kechak bilan ta'minlashlari kerak edi. Lekin bizga faqat avtobus chiptalarinigina berishdi. Ketayotganda hammasi shunchalik chiroyli ko‘rinadiki, u yerga bormaslikning iloji yo‘q deb o‘ylaydi odam. Mashinalar bizni sahroga olib bordi. U yerda esa lyuks mikroavtobuslar, qurollangan odamlar bizni kutib olishdi. Shunda manzilga yetganimizni angladim.

Bolalar bilan Tabku degan joydagi kvartiraga joylashdik. Uy egasi ham dog‘istonlik ayol edi. Birinchi kunlar samolyotlar, bombalar ovozidan uxlay olmadim. Ko‘p o‘tmay albaniyalik odamga erga tegdim. U yerda erkaklar ayollar ichidan birdaniga 3-4 ayolni olib ketar, ayollarning ustidan kulishardi. Bir kuni tug‘ayotgan ayolga yordam berdim va buni ko‘rgan boshqa ayollar ham meni tug‘ish oldidan chaqira boshlashdi.

Bizga arabchani o‘rgatishmasdi, lekin hamma yerda arabcha gapirishardi. Uylarda televizor yo‘q, antennalarni tashlab yuborishgan. Ko‘chalardagi katta ekranlarda o‘zlari ishlagan kinolarni aylantirib qo‘yishadi. Butun dunyo IShID ular uchun dahshat ekanini aytadi, lekin ularning qanchalik dahshat ekanini biz o‘z tanamizda his qilganmiz. U yerda faqat arablar va amerikaliklar yaxshi yashaydi. Qolganlarning har qadami nazorat qilinardi. Mahalliy aholi xohlagan yeriga, hatto Turkiyaga bemalol borib kelishi mumkin, lekin bizni avtomat bilan boshqarishardi.

Ba'zan yangi borgan yigitlarni to‘plashadi-da ularni jangga olib ketayotganliklarini aytishadi. Keyin ularni ochiq maydonda samolyotdan o‘qqa tutib qirib tashlashadi. U yerda bir qiz bilan tanishib qoldim. Uning eri «Sabr» batalonida amir edi. Qizning eri doim urushda bo‘lar va uyiga kam kelardi. Samolyotlar tepadan bomba tashlaganda qo‘rqib ketgan qiz mening oldimga kelardi. Bomba tushgan vaqtda qochadigan yer topolmay qolardik. Pastga tushsak, snaryadlarni ko‘rib battar qo‘rquvga tushardik.

Bir kuni u qizga blindaj (bombadan yashirinadigan pana joy) yasashni taklif qildim. Buning uchun 700 dollar atrofida pul ketardi. U taklifimni eriga aytganida esa shunday javob olibdi: «Agar o‘sha blindajga qadam qo‘ysang, taloq qilaman. Chunki biz bu yerga o‘lgani kelganmiz». Tasavvur qilyapsizmi, odamlar u yerga o‘limga tayyor bo‘lib borishadi.

Men qochishni reja qila boshladim. Lekin erkak odamsiz buning imkoni yo‘q edi. Chunki ayollarning o‘zi keta olishmasdi. Erim menga yordam berishini aytdi. U ham qochib yurmoqchi bo‘lib yurgan ekan, lekin buni ochiq ayta olmagan. Ayollar-ku guruh-guruh bo‘lib qochib ketishardi, lekin erkaklarning IShIDdan qochishi deyarli imkonsiz edi. Qochmoqchi bo‘lgan erkaklar va ayollarning qochishiga yordam bergan erkaklar qatl qilinardi. Qo‘lga tushgan ayollar esa bolalari olib qolinib, o‘zlari qamoqqa tashlanardi.

Internet faqat internet kafelarda bor edi. Erkaklar ko‘chada telefonga qarab turgan bo‘lsalar, ularning qo‘lidan telefonlarini tortib olib tekshirishardi. Biz qochish haqida o‘ylab yurgan vaqtimizda, Tabkuni ham o‘qqa tutishdi. Keyin Mayadinga qochdik. U yerdan Homs yoki Halabga, Halabdan Idlibga, u yerdan esa Turkiyaga qochishni rejalashtirgandik. U vaqt men homilador edim va tinmay duo qilardim. Bolalarimga ham duo qilishlarini aytardim.

Erimning alban do‘sti bor edi. Uning xotini kurd edi va o‘sha ayol biz Deyr-ez-zor shahriga yetib olishimizga yordam berdi. U yerga joylashgach, bir hafta kutdik. Bir haftadan keyin bitta mikravtobus kelib bizni olib ketdi. Har bir postda bizga «Xush kelibsizlar» deb aytishar va postlarda sovuq suv berishardi. U yerda ko‘p harbiylar yurishar, har xil qora mashinalar ko‘p edi. Ular bizni tekshirishlarini, agar hech qanday janglarda qatnashmagan bo‘lsak, xohlagan yerimizga ketishimiz mumkinligini aytishardi. Lekin men ular bizga yordam berishiga ishona olmasdim. Bu qora mashinalarni ko‘rib erimga «Bular bizni osonlikcha qo‘yib yubormaydi», dedim. Xullas, bir kuni bizni qamoqxonaga tashlashdi...

2-qism. Qaytish

Iroq Kurdistoni. Zagidat kurdlar qo‘lida

Qamoqxonada bizni tekshirishdi, so‘roq qilishdi. Erlarimiz haqida so‘rashdi. Agar erlarimiz jang qilgan bo‘lishsa, qamoqxonadan chiqmasligimizni aytishdi. Viktoriya degan rus qiz haqida aytdim. U o‘qimishli qiz edi. Arabchani ham yaxshi bilardi. O‘sha qiz eri uyda o‘tirishini aytganida, harbiylar uning ustidan kulishdi. Boshqa bir ayol esa Viktoriyaning eri jang qilganini va lavozimi ham bo‘lganini aytdi. Shu sabab Viktoriyani do‘pposlashdi. Shunday chiroyli qizni xo‘rlashdi. Biz kurdlarga Rossiyada biz haqimizda bilishlarini, FSBda ma'lumotlarimiz borligini aytardik. Lekin ular Rossiyani yomon ko‘rishardi. Biz hozir Suriyani, keyin Turkiyani bosib olamiz, deyishardi. Men esa qayerni olsang olaver, meni qo‘yib yuborsang bo‘ldi derdim. Keyin bilsak, Ziyat (senator, Rossiya prezidentining Chechenistondagi ishonchli vakili Ziyat Sabsabi) ular bilan bog‘lanib muzokara o‘tkazgan ekan.

Bir kuni barchamiz qo‘rqadigan qamoqxona nazoratchisi oldimga kelib, meni ko‘rgani odam kelganini aytdi. Qarasam, kelgan odam rossiyalik diplomat. U «Zagidat, uyga ketishni xohlaysanmi?», deb so‘radi. Men bu ustimdan kulishlarning davomi bo‘lsa kerak deb o‘yladim, lekin ruscha so‘z meni o‘zimga keltirdi. Xursandligimdan yig‘lab yuboray dedim. Diplomat bolalarimni olib chiqishimni so‘radi. Bolamni kurdlar mashinaga o‘tqazishganida agar hozir yana ko‘zimizni bog‘lashsa, hammasi tamom deb o‘yladim. Lekin bunday bo‘lmadi va biz ozodlikka chiqqandik. Ko‘k ko‘zli rus harbiylarini ko‘rib yig‘lab yuboray dedim. Arablarning tili, palma va tund basharalar shunchalik jonimga tekkandiki, ularni ko‘rgani ko‘zim yo‘q edi.

Suriya. Lataqiya

Bizni bolalar bilan harbiy samolyotda Suriyaning Lataqiya degan shahriga olib kelishdi. U yerda bizni rossiyalik harbiylar kutib olishdi. Hammamizning kiyimlarimiz kir edi. Bizni mehmonxonaning ozoda nomerlariga joylashtirishdi. To‘shaklardagi oppoq jildlar ko‘zimga shunday chiroyli ko‘rindiki. Derazadan odamlar sohilda aylanib yurgani ko‘rinardi. Bu oddiy narsalar ko‘zimga xuddi fantastikadek ko‘rinardi. Chunki biz uzoq vaqt faqat vahshiylikni, azobni ko‘rib yashadik. Lataqiyadan Grozniygacha 4 soat uchdik. Aeroportda bizni FSB xodimlari so‘roq qilishdi. Lekin ular qo‘pollik qilishmasdi.

Sud 3,5 oy davom etdi. Bu vaqt davomida tergov izolyatorida yashadik. Bolalar bilan menga bitta xona berishdi. Unda televizor ham bor edi. Sudda menga 8 yil berishdi. Tergovda meni qiynashmadi, lekin ruhiy bosim qilishardi. Hammasini bir necha martalab qaytadan aytib berishga majbur bo‘ldim. Keyin menga ayblov sifatida terrorchining xotini bo‘lganimni, unga yordam berganimni, boshqa terrorchilarga ham yordam berganimni yozishdi, lekin men Xudo haqqi qasam ichaman biror terrorchiga yordam bermadim. Uyda erim, bolalarim uchun ovqat tayyorlaganimni, ularning kiyimlarini yuvganimni jinoyat deb hisoblashdi.

Zalina Iroq Kurdistonida

Avgust oyi edi. Biz turgan kamerada nafas olib bo‘lmasdi. Chivinlar tinchlik bermaydi. Mening esa oy kunim yaqin edi. Erim nazoratchilardan «meni tashqariga olib chiqish»ni so‘radi. Keyin bizni boshqa kameraga o‘tkazishdi. U yerda konditsioner bor edi, xona ham chiroyli, mevalar qo‘yilgandi. Keyin bizni lagerga olib ketishdi. U yerga ketayotganda tillalarim va pullarimni olib qo‘yishdi. Bir kunimga yarar deb 6 ming dollar yig‘ib qo‘ygandim. «Lagerda iroqliklar ko‘p, pullaringni o‘g‘irlab ketishadi, pulingni keyin qaytib beramiz», deb menga 50 dollar qoldirishdi.

Lagerda 7 ming liraga telefon sotib oldim. Megafonning istalgan raqamini terib qo‘ng‘iroq qila boshladim. Birinchi marta Rossiya shimolidagi qaysidir shaharga tushdim. Qiz bola ko‘tardi. Undan Dog‘istonning biror raqamini topib berishni iltimos qildim. U bitta raqam yubordi. Qo‘ng‘iroq qilsam, bir yigit ko‘tardi. Unga birdaniga: «Men Suriyadaman, yordam bering», deganimga shoshib qoldi. Keyin bildim u dog‘istonlik emaskan. Men esa undan Mahachqal'a hukumat organlari bilan bog‘lab berishni so‘rab o‘tiribman. Keyin u qandaydir manikyurchi qizning raqamini berdi.

U qizga ham ahvolim og‘irligini aytib yig‘ladim. Shahar administratsiyasiga borib, u yerda ishlaydigan qaynonamni topishini so‘rab yalindim. U esa «imkoni yo‘qligi, ishi ko‘pligi»ni aytdi. Yarim soatdan so‘ng yana ko‘ng‘iroq qildim, u yana bir mijozi kelganini aytib, men haqimda yonidagilarga gapirardi: «Kimdir Suriyadan qo‘ng‘iroq qilyapti. Qaynonasini topib berarmishman». Keyin qizdan telefonni hamma eshitadigan rejimga qo‘yishini so‘rab ahvolimni tushuntirdim. «Iltimos, menga qaynonamning raqamini topib beringlar, u shahar administratsiyasida farrosh bo‘lib ishlaydi, ismi Luiza Bulayeva» dedim. Baraka topsin, ko‘p o‘tmay menga qaynonamning raqamini yubordi. Uning raqamini tanidim va telefon qildim. Hammasini tushuntirdim. Lekin ikki kun o‘tdi hamki, hech kim biz bilan bog‘lanmadi. Yonimdagi kurd qizning otasi general edi. U ham qo‘ng‘iroq qildi, lekin hech qanday samara bo‘lmadi.

Harbiylarga tug‘ishim kerakligini, bunday iflos yerlarda tug‘ib bo‘lmasligini aytdim. Lekin ular kasalxonaga olib borish haqida o‘ylab ham ko‘rishmadi. Ikki oilaga bir hafta uchun ikki tonna suv berishardi. Biz har kuni cho‘milardik, bolalarni cho‘miltirardik va suv tez tugab qolardi. Suv so‘rasak, «iroqliklarga bu suv bir haftaga yetadi», deyishardi. O‘sha yerda tug‘ishga majbur bo‘ldim. Qo‘pol bo‘lsa ham aytaman, hamshiralar bolaning kindigini kesgan qaychilarida qon qotib qolgandi. Men bolamga gepatit yuqishidan juda qo‘rqdim.

Foto: The Insider

Lagerlarda ham buxgalteriya bor edi. U yerga tez-tez borib turardim. «Amerika sizlardan foydalanyapti-ku?» desam, buni o‘zlari ham bilishlarini aytishardi. Keyin bizni boshqa lagerga ko‘chirishdi. U yerda Xudoga shukr yaxshiroq yashadik. Suv ham cheklanmagandi. Ovqat berishardi, kiyim-kechaklar ham bor edi. U yerda to‘rt bolam bilan 4 oy yashadik. Bizdan tashqari IShIDdan qochgan to‘rt oila ham bor edi. Qolganlar iroqlik qochoqlar edi. Lagerning kattasi Aram degan odam edi. U odamlarga yaxshi muomalada bo‘lardi. O‘g‘il tuqqanimni eshitib, kasalxonaga olib bordi, xarajatlarni to‘ladi. Bolamni sunnat qilishdi, unga yaxshi qarashdi.

Bir kuni kelib meni suratga tushirishni boshlashdi. Nega bunday qilayotganlarini so‘rasam, «Rossiyaga ketasan» deb aytishdi. Ularga ishonmadim. Keyin ko‘zimni bog‘lashdi. Shunda yana azoblar boshlandi deb o‘yladim. Bizni uch qavatli chiroyli binoga olib borishdi. Bilsam bu qamoqxona ekan. 10 kundan keyin esa bizni avtobusda olib ketishdi. Orqamizdan boshqa yerlik qizlar yig‘lab qolishdi. Bu bechoralar hamon o‘sha yerda bo‘lishsa kerak...

Keyin bizni Lataqiyaga olib borishdi. U yerda chiroyli mehmonxonaga joylashdik. Stollarga juda ko‘p yeguliklar qo‘yishgandi. Bolalar xonada chiroq yonganini ko‘rib xursand bo‘lishdi. Ular vannaga kirganida bir-biriga «Suvni yop, hozir tugab qoladi», deganini eshitib yig‘lab yubordim. Axir bolalarim suv tugab qolishiga o‘rganib qolishgandi-da...

Keyin bizni Chechenistonga olib borishdi. Meni qamoqqa tiqmoqchi bo‘lishdi. Lekin aybim yo‘qligini aytib to‘polon qildim. O‘rganib chiqishdi va 9 oy uy qamog‘iga hukm qilishdi. Bu muddat tugagach, ish qidira boshladim. Lekin... Kim ham bizni ishga olardi. Barcha o‘sha jin urgur muhrni ko‘radi-da, «Kechirasiz, bizda ish yo‘q», deb aytadi. Mayli, nima bo‘lsa ham boshim omon qoldi...

«The Insider» bu ayollarning hikoyasini bunday adashganlar ko‘p ekani va hukumat ularni qaytarish haqida o‘ylab ko‘rishi kerakligi haqidagi xitob bilan yakunlaydi:

«Rossiya u gazandalar qo‘lidan yuzlab fuqarolarini olib chiqdi, lekin 2017 yilda bu ish nimagadir to‘xtab qoldi. Hududlar bunga tayyor emasligi, ularni qanday jazolashni bilmasligi aytildi, lekin maxsus xizmatlar ularni ortga qaytarish haqida yana bir bor jiddiyroq o‘ylab ko‘rishi kerak. Biz ularga yordam berib vatanlariga qaytarsak, bu insonlar o‘zgarishlari mumkin, lekin ularning o‘zlari Rossiyaga qaytib kelishsa, mana bu haqiqiy fojia bo‘ladi...».

Mavzuga oid